Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Aybdor yuk tashuvchimi, yuklovchimi? Ortiqcha yuk ortidagi javobgarlik zanjiri

Aybdor yuk tashuvchimi, yuklovchimi? Ortiqcha yuk ortidagi javobgarlik zanjiri

Bugungi kunda O‘zbekistonda avtomobil transportida yuk tashish jarayonida eng katta muammolardan biri – yuk hajmining belgilangan me’yordan oshirib yuklanishi, biroq bunday holatlarda javobgarlikka faqat haydovchilar yoki tashuvchi korxonalar tortilmoqda.

Aslida esa ortiqcha yuk yuklanishining boshlanish nuqtasi – yuklovchi korxonaning harakati bilan bog‘liq. Afsuski, amaldagi qonunchilikda bu muhim bo‘g‘in deyarli hisobga olinmaydi. Shu sababli, yuklovchi hech qanday javobgarlikni his qilmaydi, oqibatda esa nohaqlik yuzaga keladi: yuklovchi erkin harakat qiladi, haydovchi/tashuvchi esa jazolanadi.

Oddiy hayotiy vaziyatni olaylik: ruxsat etilgan 28 tonna o‘rniga yuklovchi korxona 50 tonna sementni yuk mashinasiga ortadi. Haydovchi bu haqda bilishi yoki bilmasligi mumkin, lekin baribir yo‘lda YHXX tomonidan to‘xtatiladi va unga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 1251-moddasiga asosan katta miqdorda jarima belgilanadi. Holat shuki, ortiqcha yukni aynan yuklovchi ortgan bo‘lsa-da, qonunchilikda uning harakati mutlaqo nazarda tutilmagan. Bu esa yuk tashish zanjirida javobgarlik muvozanatining yo‘qligiga olib keladi.

Yuklovchilar ko‘pincha yuk og‘irligini to‘g‘ri ko‘rsatish orqali o‘zlarini javobgarlikdan ozod qilishga urinishadi. Masalan, yuklovchi hujjatda og‘irlikni aniq ko‘rsatganini, tovar-transport yuk xatini to‘g‘ri rasmiylashtirganini aytadi. Biroq u transport vositasining texnik yuk ko‘tarish imkoniyatini inobatga olmaydi. Natijada yuk tashuvchi transport vositasi ruxsat etilganidan 5–10 tonna, hatto ruxsat etilganidan ikki barobarga ortiq yuk bilan yo‘lga chiqadi, jarimaga esa yana haydovchi tortiladi. Shu yerda savol tug‘iladi: yuklovchi yukni to‘g‘ri yozgani bilan haqiqiy harakati – ya’ni ortiqcha yuk ortgani – uni mas’uliyatdan ozod qiladimi?

Huquqiy nuqtai nazardan qaralganda, javob salbiy. Yuridik jihatdan yuklovchi yuk og‘irligini bilgan va transport vositasining texnik imkoniyatlarini ham bilishi yoki aniqlashi lozim bo‘lgan subekt sifatida “mantiqan zarur choralarni” ko‘rishi shart. Agar u bu majburiyatni bajarmagan bo‘lsa, hujjatda yuk og‘irligi to‘g‘ri ko‘rsatilgan taqdirda ham, ortiqcha yuk yuklagani uchun javobgarlikka tortilishi kerak.

Xorij tajribasi

Xalqaro tajribaga murojaat qilsak, bu yondashuv keng qo‘llaniladi. Masalan, Avstraliyada “Chain of Responsibility” (Mas’uliyat zanjiri) prinsipi mavjud bo‘lib, unga ko‘ra yuk tashish jarayonidagi barcha ishtirokchilar – haydovchi, tashuvchi, yuklovchi, buyurtmachi – o‘z harakatlari uchun javobgardir. Agar yuklovchi og‘irlikni to‘g‘ri ko‘rsatgan bo‘lsa ham, transport vositasi imkoniyatini bilgan holda ortiqcha yuk yuklasa, u ham javobgar hisoblanadi. Yevropa Ittifoqining 2015/719-sonli direktivasi ham xuddi shu tamoyilni qo‘llaydi – yuklovchi nafaqat og‘irlikni deklaratsiya qilishi, balki uni ruxsat etilgan og‘irlik doirasida yuklashi shart. “Yuklarni xalqaro yo‘llarda tashish shartnomasi to‘g‘risidagi konvensiya”ning (Convention on the Contract for the International Carriage of Goods by Road yoki CMR) 7-moddasi esa yuk jo‘natuvchi (yuklovchi) tomonidan ko‘rsatilgan noto‘g‘ri ma’lumotlar natijasida yuzaga kelgan zarar va javobgarlikni to‘liq yuklovchi zimmasiga yuklaydi.

Shu bilan birga, Rossiya Federatsiyasining amaldagi qonunchiligida ham aynan yuklovchi javobgarligini belgilovchi aniq normalar mavjud. Xususan, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 12.21.1-moddasi 10-qismiga ko‘ra, agar yukni transport vositasiga ortgan yuridik shaxs yoki yakka tartibdagi tadbirkor yuk og‘irligi, o‘q bosimi yoki gabarit bo‘yicha belgilangan me’yorlarni (shu jumladan maxsus ruxsatnomadagi ko‘rsatkichlarni) buzsa, ular ma’muriy javobgarlikka tortiladi. Bu norma ortiqcha yuk holatlarida mas’uliyatni faqat tashuvchiga emas, balki yukni bevosita ortgan yuklovchi tomonga ham yuklaydi. Shu jihatdan, Rossiya qonunchiligi ham xalqaro tajriba – mas’uliyat zanjiri yondashuviga yaqinlashgan va uni amaliyotda qo‘llamoqda.

Qozog‘iston Respublikasi qonunchiligida ham aynan yuklovchining javobgarligi aniq belgilangan. Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 571-moddasi 9-qismiga ko‘ra, agar yuk jo‘natuvchi (yuklovchi) yukni transport vositasiga yuklash jarayonida qonun bilan belgilangan og‘irlik yoki gabarit me’yorlarini — bir tonnadan ortiq og‘irlikda yoki ruxsat etilgan o‘lchamdan ortiq yuklagan bo‘lsa, jarima bilan javobgarlikka tortilishi belgilangan.

Yuk tashish sohasida ko‘pchilik e’tibor qaratmaydigan, ammo juda jiddiy oqibatlarga olib keluvchi muammolardan biri bu — ortiqcha yuk orqali raqobat qonunlarini buzishdir. Bir qaraganda, bu faqat texnik yoki transport qoidalari bilan bog‘liq masala bo‘lib tuyuladi. Ammo aslida bu holat iqtisodiy tengsizlik, noqonuniy ustunlik va sog‘lom raqobat muhitining yemirilishiga sabab bo‘lmoqda.

“Arzon narx” ortidagi xavf

Bugungi bozorda ayrim tashuvchilar ruxsat etilgan og‘irlik me’yorlarini buzgan holda, bir safarga ko‘proq yuk ortib, uni narxga singdirgan tarzda arzonroq tarif bilan xizmat taklif qilmoqda. Ular transport vositasining haddan tashqari yuklanishi oqibatida yo‘l infratuzilmasiga yetkaziladigan zarar, avtomobillarning tezda ishdan chiqishi, shuningdek, davlatga to‘lanishi lozim bo‘lgan soliq va ruxsat xarajatlaridan qochib, bu xarajatlarni hisobga olmayapti.

Holbuki, qonuniy faoliyat yuritayotgan kompaniya aynan shu yuk hajmini ikki transportda, barcha texnik me’yorlarga rioya qilgan holda va huquqiy xarajatlarni inobatga olib tashiydi. Ammo bunday tartibda ishlayotgan korxona bozorda past tarif bilan raqobatlasha olmaydi. Natijada, bitta mashinada ortiqcha yuk olib borayotgan raqib xaridorga aynan shu yukni “arzonroq” taklif qiladi va iste’molchi, bu jarayon ortida qanday qonunbuzarliklar yashiringanini bilmagan holda, ko‘pincha o‘sha noqonuniy variantni tanlaydi.

Bu esa qonuniy ishlayotgan kompaniyani buyurtmadan mahrum qiladi, bozorda noqonuniy raqib kuchayadi, yo‘l infratuzilmasi esa qo‘shimcha yuk bosimi ostida yemiriladi. Oxir-oqibatda, bu “arzon” narx na bozorga, na tizimga, na bozordagi halol ishtirokchiga foyda keltiradi.

Demak, bu muammo faqat haydovchi yoki tashuvchi bilan bog‘liq emas – yuklovchi ham ushbu jarayonning ajralmas ishtirokchisi sifatida javobgarlikka tortilishi zarur. Chunki ortiqcha yukning mashinaga ortilishi aynan yuklovchining harakati bilan boshlanadi. Afsuski, amaldagi qonunchilikda, xususan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksda yuklovchining bu harakati uchun aniq va bevosita javobgarlik nazarda tutilmagan. Bu esa amalda shunday g‘ayrioddiy holatga olib keladiki: ortiqcha yuk yuklagan yuklovchi hech qanday javobgarlikka tortilmaydi, biroq hujjatda ismi turgan haydovchi yoki tashuvchi kompaniya katta miqdordagi jarimalarga duchor bo‘ladi.

Shu bois, mavjud qonunchilikka — xususan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks (MJtK) va transport faoliyatini tartibga soluvchi boshqa normativ-huquqiy hujjatlarga — yuklovchi korxonaning huquqiy javobgarligini belgilovchi aniq, qat’iy va amaliy normalarni kiritish zarur. Bu kabi huquqiy asoslar adolat tamoyilini ta’minlaydi, yuk tashish tizimidagi barcha ishtirokchilarning o‘zaro mas’uliyatini muvozanatga keltiradi hamda bozorda sog‘lom raqobat muhitini tiklashga xizmat qiladi. Ayni paytda, tizimli yondashuv bilan bu muammo faqat jazolash vositasi bilan emas, balki barqaror nazorat, shaffof hujjat aylanishi va oldini olish mexanizmlari orqali hal etilishi kerak.

Yuk tashish zanjirida faqat haydovchi yoki tashuvchi emas, balki yuklovchi, buyurtmachi va hatto iste’molchining ham o‘z o‘rni va mas’uliyati bor. Shu sababli, ushbu masalaning huquqiy asoslarini mustahkamlash bilan bir qatorda, quyidagi amaliy choralarni ko‘rish maqsadga muvofiq:

  • MJtKga yuklovchining ma’muriy javobgarligini belgilovchi aniq norma kiritish, bu orqali ortiqcha yuk yuklashda faqat tashuvchi emas, balki yuklovchining ham qonuniy javobgarligi mustahkamlanadi;
  • Tashuvchi va yuklovchi o‘rtasidagi shartnomalarda yuk miqdori, texnik yuk ko‘rsatkichlari va xavfsiz yuklash bo‘yicha yuklovchining mas’uliyati huquqiy jihatdan aniq ko‘zda tutilishi;
  • Yuk ortish punktlarida raqamli nazorat uskunalarini — og‘irlikni avtomatik aniqlovchi vositalar (VIM), QR-kodli yuk xatlari, yuklovchining elektron raqamli imzosi bilan hujjatlarni tasdiqlash tizimini joriy etish.

Xulosa qilib aytganda, agar yuklovchi ruxsat etilgan normani buzib yuk yuklagan bo‘lsa, u bu og‘irlikni hujjatda to‘g‘ri ko‘rsatganiga qaramasdan, real harakati uchun javobgarlikka tortilishi shart. Qonun oldida barchaning mas’uliyati teng bo‘lishi — bu sog‘lom tizim, xavfsiz transport va halol raqobat garovidir.

Aminjon Qalandarov,
Toshkent davlat yuridik universiteti
Biznes huquqi kafedrasi dotsenti v.b., (PhD)

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring