«Ayollar daftari»ga kirish tartiblari o‘zgarishi mumkin
So‘nggi paytlarda mas’ul tashkilotlarni chalg‘itish orqali turmush o‘rtog‘i bilan nikohini bekor qildirgan shaxslar ijtimoiy yordam olib, uy-joyga ega bo‘layotganligi holatlari ko‘paymoqda.
«Bu esa iqtisodiy ahvolini yaxshilashga ehtiyojmand xotin-qizlarning e’tibordan chetda qolib ketishiga sabab bo‘lmoqda», – deyiladi Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi ma’lumotida.
«Xususan 2023-yil yanvar-mart oylarida jami bo‘lib, 13 102 ta oilaviy ajralishlar qayd etilgan. Bu miqdor 2022-yilning shu davri (12 164 ta)ga nisbatan 938 taga, ya’ni 7,7 foizga oshgan.
Bu esa o‘z o‘rnida, uy-joyga ega bo‘lish, kasb-hunarli bo‘lish, iqtisodiy ahvolini o‘nglashga ehtiyojmand aholining davlat ijtimoiy yordamini olishini cheklab o‘ziga xos to‘siq bo‘lmoqda», – deyiladi Qo‘mita munosabatida.
Qo‘mita yuqoridagi sabablarga ko‘ra, Hukumatning 145-son qarori bilan tasdiqlangan «Ayollar daftari»ni yuritish orqali xotin-qizlar muammolarini tizimli ravishda hal etish va ularni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash tartibi to‘g‘risida nizomga qo‘shimcha kiritishni taklif qilmoqda.
Unga ko‘ra, «Ayollar daftari»ga kiritiladigan xotin-qizlar ro‘yxatini shakllantirishda komissiya tomonidan ijtimoiy yordam olish uchun nikohi bekor bo‘lgan ayolning umumiy ro‘zg‘or asosida er-xotin bo‘lib yashayotganligi aniqlansa, mas’ul tashkilotlarni chalg‘itish deb hisoblanadi va mazkur daftarga kiritish rad etiladi.
Ma’lumot uchun, 2020-yildan boshlab yo‘lga qo‘yilgan «Ayollar daftari» tizimi orqali qariyb 2,5 milliondan ortiq xotin-qizlarga ijtimoiy-iqtisodiy, tibbiy, huquqiy va psixologik ko‘mak berish uchun 5,1 trillion so‘mdan ziyod mablag‘ yo‘naltirilgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter