Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Ayrim rasmiylar Dima Qayum orqali «ochko» ishlab olishmoqda

Ayrim rasmiylar Dima Qayum orqali «ochko» ishlab olishmoqda

Rishtonlik jurnalist Bahodirxon Eliboyev shu kunlarda bloger va tadbirkor Dima Qayum atrofida bo‘layotgan gaplar (uning go‘yoki «samosud» qilingani va hokazo) masalasini o‘rganib, feysbukda post qoldirdi.

Dima Qayum atrofidagi gaplar haqida...

Rosti bu haqda men ham do‘stimning uyida eshitdim. Ertalab ma’rakaga borganimda, «ukaxoning ayollar bilan janjal qilibdimi?» deb so‘rashdi. Bexabarligimni aytdim.

Keyin o‘zi ishim bilan bozorga borganda ayrim bozorda ishlovchilar bilan gaplashdim.

Oldindan bir gapni aytay: «Dimaga kutubxonasi uchun yer berildi», «ramziy g‘isht qo‘yildi» degan gaplar haqiqatdan uzoq. Dimaga hali yer berilganicha yo‘q. Buni o‘zi ham tasdiqlasa kerak. Shunchaki ayrim rasmiylar Dima orqali «ochko» ishlab olishmoqda. Mayli, ularning ham omadini bersin.

Tadbirkorlarning dardi ichida. Axir necha yillardan beri bozorda savdo qilayotganlarning do‘konlari buzildi. Minglab dollarga qurilgan do‘konlar 1-2 kunda yer bilan bitta bo‘lgan, savdogarlar ham do‘konlaridan ajralishgan, ham ayrim mahsulotlari aynib qolib pulga kuyishgan, ham ayrimlari kredit olgan hollarida e’tiborsiz qiyin ahvolda qolib ketishgan.

Hokimiyat vakillari tadbirkorlarni tinchlantirish uchun bozorda savdo qiluvchilarga do‘konlarining o‘rni qayta berilishini, faqatgina joylar auksion orqali berilishini aytib kelayotgan edi. Bu va’dalardan tadbirkorlar biroz hovurlaridan tushib, do‘kon qurilishiga start berilishini kutib yurishgan edi. O‘zaro «falon joyda siz savdo qilardingiz, o‘sha joy yana sizga bo‘lsa, falon joyni men olaman, chunki oldin ham shu joyda savdo qilardim» deb kelishib ham qo‘yishgan. Ichki tartiblar ko‘p joylarda borligi sir emas.

Men ham ularning 3-4 tasiga «muhimi bozor joyiga qaytdi, etajli uylar qurilmaydigan bo‘ldi, endi bu yog‘iga murosa qilib, ortiqcha g‘alvasiz, do‘konlaringni qurib olsalaring marra sizlarniki» deb qo‘ygandim. «Ha, muhim ish hal bo‘ldi, buyog‘iga murosamizni qivolamiz» deyishgan edilar.

Rostiyam-da, o‘zi hokimiyat vakillari tushgan pullarni uyi buzilganlarga kompensatsiya sifatida berish bilan ovora bo‘lsa, hozir do‘kondorlarning g‘alvasiga vaqt bormi? Avval uysizlarni bir yoqlik qilaylik deb turishibdi.

Xullas, hammasi bir tekis ketayotgan bir paytda, Dima ukamiz amaldorlar bilan keladiyu bozorning o‘rtasida, oldingi qatorga ramziy g‘ishtni qo‘yganini e’lon qiladi. Tabiiyki, ijtimoiy tarmoqlarni rishtonlik tadbirkorlar ham kuzatib boradilar. Va bu ish ularning o‘zaro kelishilgan rejalarini puchga chiqaradi. Mana haqiqiy mojaroning sababi qayerda!

«Gap faqat kutubxonada emasligini ko‘pchilik biladi. Kutubxona bahonasida savdo ishlari ham bo‘lishi tabiiy. Kutubxona bir qalqon vazifasida» deydigan tadbirkorlar «kutubxonangni oldingi joyi bu yer emas edi, oldingi joyi tarafga qurgin, o‘zingcha 2-3 ta amaldorlar yordamida bozorni istagan yeridan joy ololmaysan» deyishgan.

«Dima bilan teng huquqlimiz, blogger bo‘lgani uchungina unga bozorning oldidan u xohlagan joydan yer berilishi adolatsizlik. Boshqa tadbirkorlar uchun auksion qilamiz deyishadi-yu, blogger uchun auksionsiz yer beriladimi? Shumi siz bloggerlarning adolati?» deydi boshqa bir tadbirkor.

 

Rishton bozoridagi tadbirkorlarning e’tirozlari tushunarli bo‘ldi deb o‘ylayman. Dima ukamiz bilan shu masalada «razbor» qilishmoqchi bo‘lishadi. Tabiiyki, Dima bu gapga qarshilik qildi ham. Telefonini olib kutubxonaga kim qarshi ekanligini so‘raydi. Tadbirkor ayollardan biri «bu ishni videoga olish nimasi, shuniyam internetga chiqarvorasanmi?» deb e’tiroz bildiradi. Qolgan tadbirkorlar esa Dimaning bu mojarolarni videoga olmasligi uchun kuch ishlatadilar va tasvirga olish to‘xtab qoladi. Buni sizlar ham ko‘rgandirsizlar.

«Nega telefoniga yopishasizlar?» deb so‘raganimda esa «shuniyam s’yomka qilib chiqarvoradimi? Ertaga yana amaldor akalari kelib bizni aybdor qiladi. U ham tadbirkor bo‘lsa, tadbirkorlar o‘zaro nizolarini internetsiz hal qilolmaydimi?» deb javob berishgan.

Bir nechta tadbirkor bilan gaplashgach, Dimaning yoniga borib u bilan ham gaplashdim. Eski gapimni yana takrorladim. Yo‘lning narigi betida, ariqning bo‘yida «Bookcafe» uchun ajoyib joy borligini ko‘rsatib, o‘sha yerga qursa qulog‘i tinchishini, blogger yoki jurnalist birinchi navbatda o‘z yaqinlarining hurmatini qozonishi kerakligini, maqsad kutubxona bo‘lsa, Rishtonning rosa kindigi ekanligini, namuncha shu bozorga yopishib olganini aytib, ozgina tanbeh berdim ham.

«Mayli, quring, shu kutubxonangizni, mana 5 qadam narida, yo‘lning narigi tomonida quring, farqi nima? Tuz, bonka, oltingugurt sotmaysizu, Bookcafening bir burchagiga muzqaymoq va «gazvoda» ochib qo‘yasiz, soliq va boshqa to‘lovlarni qoplab turadi» dedim.

Dima hali kutubxonaning joyi aniq emasligini, shunchaki ramziy ma’noda g‘isht qo‘yilganini, unga desa bozorning bir burchagidan joy tegsa ham rozi ekanligini aytgan. Suhbat oxirida esa tadbirkorlarni IIBga yozib berganini ma’lum qilgan.

Bor gap shu o‘rtoqlar. «Kimlardir bloggerga bozorchi ayollarni qayrashdi» degan vajlar noto‘g‘ri deb hisoblayman. Bu voqeada ikkala tomonni ham aybi bor. Tadbirkorlar ozgina vazminroq bo‘lib, o‘zlarini bosvolib, janjalsiz hal qilsalar ham bo‘lardi. Tadbirkor Dima ham o‘sha ramziy g‘ishtini rasmga olishi kerak ekan, bozorning bir chekkasida rasmga olib qo‘ysa ham bo‘laverardi, deb yozadi Bahodirxon Eliboyev.

 

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring