Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Bayden Putinning xatarli rejasini oshkor qildi

Bayden Putinning xatarli rejasini oshkor qildi

Foto: Getty Images

AQSh prezidenti Jo Bayden 24-fevral kuni Rossiyaning Ukraina hududiga qo‘shin tortib kirishi ortidan muhim bayonot bilan chiqdi.

«Putin – bosqinchi. Putin urush yo‘lini tanladi. Endilikda u va uning mamlakati oqibatlar uchun javob beradi», – dedi Bayden.

AQSh rahbari Rossiya qurolli kuchlarining Ukrainadagi harbiy harakatini keng ko‘lamli bosqin deb atadi va Vashington rasmiy Moskvaga nisbatan qaqshatqich sanksiyalar joriy etayotganini e’lon qildi.

Bayden o‘z bayonotida Putin Sovet Ittifoqini tiklashga urinayotganini ham ta’kidladi. Uning rejalari Ukraina bilan chegaralanmasligini qayd etgan AQSh rahbari SSSR deb atalgan davlatni qayta tiklash zamonaviy dunyo nizomiga zid ekanini urg‘uladi. 

Oq uy yetakchisi Rossiya prezidentidan hafsalasi pir bo‘lganini ochiq aytar ekan, u bilan yaqin muddatda muzokara o‘tkazish niyati yo‘qligini ma’lum qildi.

Joriy yil yanvar oyida CNN telekanaliga intervyu bergan AQSh davlat kotibi Entoni Blinken ham V.Putinni sobiq Sovet Ittifoqi mamlakatlari ustidan nazorat o‘rnatishga urinishda ayblagan va bu qabul qilib bo‘lmas holat ekanini ta’kidlagan edi.

V.Putin SSSRning parchalanishini XX asrning yirik geosiyosiy fojiasi deb biladi.

2021 yil 1 sentyabr kuni Vladivostokda maktab o‘quvchilari bilan uchrashuvda ham u sobiq Ittifoqning parchalanishini mamlakat davlatchiligi tarixidagi fojia deb atagan.

«Ushbu fojialar ro‘y bermaganda (1917 yilgi revolyusiya va qizil imperiyaning parchalanishini nazarda tutilmoqda – tahr.), aholi 500 mln atrofida bo‘lar edi. Farqni ko‘ryapsizmi? Davlatning yalpi qudrati geometrik progressiya tartibida oshar edi», – degan u.

Rossiya rahbari SSSR borasida avval ham bahsli bayonotlar bergan. Xususan, 2020 yilda «Rossiya. Kreml. Putin» nomli hujjatli film uchun bergan intervyusida SSSR tarkibida bo‘lgan respublikalar Ittifoq tarkibidan chiqish payti o‘zi bilan Rossiyaga tegishli ulkan hududlarni ham olib chiqib ketganini da’vo qilgan. Ciyosiy tahlilchilar bu o‘rinda V.Putin Ukraina va Qozog‘istonni nazarda tutganini aytgan. Rossiyalik taniqli olim, tarix fanlari doktori Sergey Abashin «Rossiyaga azaldan tegishli bo‘lgan hududlar boshqa davlatlarga o‘tib ketgani»ga ilmiy raddiya bergan.

Kreml sohibining 2021 yil 12 iyul kuni e’lon qilingan «Ruslar va ukrainlarning tarixan birligi haqida» deb nomlangan maqolasi ham qizg‘in bahslarga sabab bo‘ldi. Rus va ukrain tilida e’lon qilingan maqolada muallif zamonaviy Ukrainaning tashkil topishi SSSR davri mahsuli ekanini ta’kidlaydi. Maqolada, shuningdek, bolsheviklar chegaralarni o‘zbilarmonlik bilan o‘zgartirib, Rossiya hududini boshqalarga tuhfa qilib yuborgani, hududlar talon-toroj etilgani da’vo qilinadi.

C.Calim

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring