Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

«Bayroq taqqan yigitni jazolash emas, ota-onasiga rahmat aytish kerak» — deputat

«Bayroq taqqan yigitni jazolash emas, ota-onasiga rahmat aytish kerak» — deputat

Kecha, 5 may kuni ijtimoiy tarmoqlarda yelkasiga bayroqli lenta taqib olgan yigitni IIB xodimlari olib ketayotgani aks etgan video tarqaldi.

Qashqadaryo viloyatining Qamashi tumanida yashovchi o‘smir yigit «Bitiruvchi» deb yozilgan bayroqli tasma taqib yurgani uchun IIBga olib ketilgan va jarimaga tortilgan.

Holat bo‘yicha Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Xalqaro ishlar va parlamentlararo aloqalar qo‘mitasi raisining o‘rinbosari Qodir Jo‘rayev munosabat bildirdi.

«Shu o‘rinda o‘smir yigitning ushbu hatti-harakatini huquqbuzarlik deb malakalash qanchalik to‘g‘ri, degan haqli e’tirozlar  bildirilmoqda. Azbaroyi qonun va adolat nuqtai nazaridan yondashadigan bo‘lsak, bu yerda hech qanday huquqbuzarlik sodir etilmagan», deydi deputat va buni quyidagicha izohlaydi:

Birinchidan, «O‘zbekiston Respublikasi Davlat bayrog‘i to‘g‘risida»gi Qonunning 52-moddasida davlat bayrog‘ining tasviri tushirilgan belgilardan ishlab chiqarilayotgan yoki realizatsiya qilinayotgan tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) o‘tkazish uchun tijorat maqsadlarida foydalanish mumkin emasligi belgilangan. Biroq yigit bayroqli tasmadan tijorat maqsadlarida foydalangani yo‘q. 

Ikkinchidan, davlat bayrog‘iga hurmatsizlik qilishda shaxsni aybdor deb topish uchun aybdorning davlat bayrog‘iga hurmatsizlik qilishda ifodalanadigan faol harakatlari bo‘lishi kerak. Odatda hurmatsizlik qilish qonunga xilof, ijtimoiy xavfli harakatda ifodalangan bo‘ladi. Masalan, bayroqni yirtish, yo‘q qilish, shikast yetkazish, yoqib yuborish,  shuningdek, uni bulg‘ovchi belgi, rasmlar yoki yozuvlar kiritish va hokazolar bilan sodir etiladi. Biroq yigit tomonidan yuqoridagi  xatti-harakatlarning birortasi sodir etilmagan.

Binobarin, yigitni na Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 203-1-moddasi (Davlat bayrog‘i, Davlat gerbi yoxud Davlat madhiyasi to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun javobgarlik), na Jinoyat kodeksining 215-moddasi (Davlat ramzlariga hurmatsizlik qilish) bo‘yicha javobgarlikka tortish mumkin emas.

Aksincha, milliy bayrog‘imizni faxr-iftixor ila ko‘kragiga taqib yurgani uchun yigitga, unga shunday tarbiya bergani uchun ota-onasiga rahmat aytishimiz kerak.

Biroq hammasidan ko‘ra IIB tomonidan ushbu hodisa yuzasidan berilgan g‘alati bayonot kishini ajablantiradi. Unda ichki ishlar xodimlarining xatti-harakatlarini oqlashga harakat qilingan. Go‘yoki yigit IIB xodimlarining  bayroqni bunday olib yurish mumkin emasligi to‘g‘risidagi qonuniy talablariga bo‘ysunmasdan, ularga qarshilik ko‘rsatgan emish. 

Albatta, ichki ishlar organlari xodimlarining bunday xatti-harakatlari va ularni puxta tekshirmay, shoshma-shosharlik bilan berilgan bunday bayonotlar butun tizimning ishchanlik obro‘siga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Shu bois, ichki ishlar xodimlari bilan bog‘liq har qanday holat yuzasidan chuqur xizmat tekshiruvi o‘tkazilib, uning natijalari xolisona ravishda jamoatchilikka taqdim etib borilishi juda muhimdir, deb yozadi Qodir Jo‘rayev.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring