Belarusda avji saratonda qor yog‘di. Siyosiy iqlim o‘zgarishga yuz tutmoqda (foto)
9-avgust kuni Belarusda prezidentlik saylovi bo‘lib o‘tdi. Shu kuni ovoz berish uchun saylov uchastkasiga kelgan amaldagi rahbar Aleksandr Lukashenko qat’iy ishonch bilan mamlakatda fuqarolar urushi yoki tartibsizlik ro‘y berishiga asos yo‘qligini aytdi. Oradan bir necha soat o‘tiboq, «Batka» yanglishgani ma’lum bo‘ldi. Dastlabki hisob-kitoblar e’lon qilinishi bilan butun mamlakat ommaviy namoyishlar to‘lqini domida qoldi.
Markaziy saylov komissiyasi raisi Lidiya Yermoshina ovoz berish jarayonida jiddiy qonun buzilishi holatlari qayd etilmaganini ma’lum qildi. Rasmiy ekzit-polga ko‘ra, Aleksandr Lukashenko 81 foiz ovoz olgan, uning asosiy raqibi Svetlana Tixanovskayaga esa saylovchilarning 8 foizi ishonch bildirgan.
Muqobil hisob-kitoblar esa Svetlana Tixanovskaya qariyb 80 foiz ovoz olganini ko‘rsatdi.
Shu tariqa mamlakatni 1994-yildan beri boshqarib kelayotgan Lukashenkoning g‘alabasini soxta deb bilgan minglab aholi norozilik namoyishlariga chiqdi.
Poytaxt Minsk ko‘chalarida avvaldanoq ko‘p sonli militsiya xodimlari va harbiylar nazorat olib borayotgan edi. Xabarlarga ko‘ra, kuch ishlatar idora vakillari namoyishchilarga qarshi shovqin chiqaruvchi va ko‘zdan yosh sizdiruvchi granata hamda rezina o‘qlar yog‘dirgan. To‘qnashuvlarda jarohatlanganlar bor. Ko‘p sonli namoyishchilar hibsga olingan.
Aslida, saylov arafasidagi jarayonlar norozilik namoyishlari yetilib kelayotganidan xabar berayotgan edi. Gap shundaki, saylov arafasi Aleksandr Lukashenkoning asosiy raqiblari — bankir Viktor Babariko va bloger Sergey Tixanovskiy hibsga olindi, muxolifatning yana bir vakili Valeriy Sepkalo ta’qibdan qo‘rqib Rossiyaga juftakni rostladi. Lukashenko shu tariqa avvaldan tajribadan o‘tgan usulda asosiy raqiblarini o‘yindan chiqarib yubordi.
Ammo voqealar rivoji shuni ko‘rsatmoqdaki, markaziy saylov komissiyasi rasman Lukashenkoni g‘olib deb topgan taqdirda ham ko‘p sonli aholini buni qabul qilishi dargumon. Xalqaro hamjamiyat ham namoyishchilarga qarshi kuch ishlatayotgan hukumatning g‘alabasini tan olmasligi aniq. Boz ustiga, «Batka» asosiy ittifoqchi bo‘lgan Kreml bilan ham munosabatlarni buzishga ulgurdi. Demak, Lukashenko kursisini saqlab qolgan taqdirda uning oltinchi prezidentlik muddati silliq kechmasligi aniq bo‘lib qolmoqda.
Zamonaviy Belarus tarixida ilk bor mamlakat bo‘ylab ommaviy namoyishlar avj oldi. Bu holatni avji saratonda qor yog‘ishiga o‘xshatish mumkin. Darhaqiqat, sobiq Ittifoq o‘lkalaridan birida siyosiy iqlim o‘zgarishga yuz tutmoqda...
9-avgust namoyishlari quyidagi fotosuratlarda
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter