Bir haftalik ochlikning inson tanasiga ta’siri o‘rganildi
Yetti kunlik ochlik inson organizmini yog‘larni eritish jarayoniga samarali «o‘tkazib», miya ishlashi uchun muhim bo‘lgan oqsillarda o‘zgarishlar yasaydi — Londondagi qirolicha Mariya universiteti va Norvegiya sport fanlari maktabi olimlari shunday xulosaga kelishdi. Tadqiqot natijalarini Nature Metabolism nashri e’lon qildi.
Tadqiqotda 12 nafar sog‘lom ko‘ngilli (5 ayol, 7 erkak) qatnashdi, ular bir hafta davomida faqat suv ichishdi. Olimlar tajribagacha, uning davomida va tugaganidan so‘ng taxminan uch mingtagacha qon oqsillarida yuz bergan o‘zgarishlarni har kuni qayd etib borishdi
Oradan 48-72 soat o‘tib qatnashchilarning organizmi yog‘larni parchalay boshlab, ulardan glyukoza o‘rniga asosiy energiya manbai sifatida foydalanishga o‘tdi. Qatnashchilar yetti kun davomida o‘rtacha 5,7 kilogrammdan tana massasini yo‘qotishdi. Ular to‘laqonli ovqatlanishga qaytgach, mushaklar massasi uch kunda tiklanib, tanadagi yog‘ miqdori kamaygani qayd etildi.
Ochlik asosiy a’zolar, jumladan, miya faoliyatiga ta’sir qiluvchi oqsillarda qanday o‘zgarishlarga sabab bo‘lishi ham o‘rganildi. Aniqlanishicha, bu o‘zgarishlar ochlikning uchinchi kunidan keyin boshlangan va ular vazn yo‘qotish bilan bog‘liqlikka ega emas.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter