Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Bir yilda 2,6 mln psixotrop vosita tarqatishi mumkin bo‘lgan tarmoq fosh etildi

Bir yilda 2,6 mln psixotrop vosita tarqatishi mumkin bo‘lgan tarmoq fosh etildi

2026-yil aprel oyida huquq-tartibot organlari tomonidan uyushgan narkojinoyatchilik va jinoiy guruhlarga qarshi keng ko‘lamli tezkor tadbirlar o‘tkazildi. Natijada 23 ta uyushgan jinoiy guruh faoliyatiga chek qo‘yildi.

Ma’lum qilinishicha, narkotik moddalar tarqatish bilan shug‘ullangan 13 ta uyushgan narkojinoiy guruh fosh etilgan. Tezkor tadbirlar davomida 2 nafar guruh yetakchisi va 35 nafar a’zo qo‘lga olingan.

Shuningdek, 4 ta yashirin narkolaboratoriya, 1 ta internet orqali ishlagan narkodo‘kon va xalqaro darajadagi nazorat ostida yetkazib berish sxemasi aniqlangan.

Tadbirlar davomida – 285 kilogramm an’anaviy narkotik moddalar, 410 ming dona psixotrop dori vositalari hamda 42 litr noqonuniy prekursorlar musodara qilindi.

Mutaxassislar xulosasiga ko‘ra, mazkur jinoiy tarmoqlar orqali bir yil ichida 2,6 million dona psixotrop vosita, 1,4 tonna «gashish» va «opiy» hamda katta miqdorda sintetik narkotiklar tarqatilishi mumkin bo‘lgan.

Bundan tashqari, uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurash doirasida yana 10 ta yirik jinoiy guruh faoliyatiga barham berildi. Ularning 10 nafar yetakchisi va 50 nafar a’zosi ushlangan.

Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, ushbu guruhlar 17 ta shahar va tumanda tadbirkorlarga bosim o‘tkazish, talonchilik, bezorilik, o‘g‘rilik hamda og‘ir tan jarohati yetkazish kabi jinoyatlarni sodir etib kelgan.

Shuningdek, operatsiyalar doirasida Tojikiston Respublikasi huquqni muhofaza qiluvchi organlari bilan hamkorlikda xalqaro tezkor tadbir ham amalga oshirilgan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring