Biz rostdan ko‘p go‘sht yeymizmi?
Kechagina go‘sht mavzusida bayonot bergan Fermerlar kengashi raisi Aktam Hayitov bugun internet yulduziga aylandi. So‘z ustasi Hojiboy Tojiboyev ta’biri bilan aytganda «NTVga olsang ham Hayitovning gapi, TVni o‘chirib qo‘ysang ham Hayitovning gapi»... Kamiga uning ortidan tug‘ilgan sarkazmlar, achchiq gaplar...
Shu o‘rinda o‘z fikr-mulohazalarimni qog‘ozga tushirishni ma’qul deb topdim.
Xo‘sh, birinchidan biz nega Hayitovning gapini kulguga olyapmiz, achchiq qabul qilyapmiz? Vaholanki uning gapida ham qaysidir ma’noda jon bor.
Buning asosiy sabablaridan biri sifatida amaldorlar xalqning umumiy holatidan kelib chiqib gapirmasligida deb bilaman. Avvalroq, yana bir amaldor internet zamonida radiokarnaylardan foydalanaylik deb tanqidlarga duchor bo‘lgandi.
Hayitovning so‘zlari jamiyatning ayrim toifasiga mos kelishi mumkin. Bizda kuniga go‘shtni mo‘l iste’mol qiladigan toifa ham bor, ammo ular mutlaq ko‘pchilikni tashkil etmaydi. Ya’ni amaldorning bayonoti bitta tabaqaga mos kelishi mumkin, illo butun xalq nomiga emas.
Ikkinchidan, biz yil davomida muntazam ravishda go‘sht yeydiganlardan emasmiz. Bugun narxlar maoshlarga nomutanosib ravishda oshayotgan davrda sarhil, ammo o‘ta qimmat mahsulotni sotib olishga ko‘pchilikning iqtisodiy ahvoli dosh bermaydi.
Uchinchidan, qishloqlarda ayrimlar chorva mollarini asrashdan butunlay voz kechishmoqda (uch-to‘rt jonivorni eplashga, albatta, katta xarajat — yemish, yem, joy va albatta bir kishining vaqti ketadi). Yaylovlar yildan yilga kamayib bormoqda, qishloqlarning aksarida qora mollarni xonadondan dalaga olib chiqib boqishga mahalliy hokimliklar cheklovi bor, yem, sheluxa, kepak kabi mahsulotlar narxi oshib ketdi. Qishloqlarda avvallari gavjum bo‘lgan, bugun bo‘m-bo‘sh fermalar va og‘illarni ko‘p uchratish mumkin. Sirasini aytganda, mol asrash, uni boqish ham qiyinlashib qoldi.
To‘rtinchidan, biz marosimlarni sevuvchi, to‘y-hashamni kam-ko‘stsiz o‘tkazishga harakat qiluvchi xalqmiz. Innankeyin, mehmondo‘st degan nomimiz bor. Tabiiyki, bular turli noz-ne’matlarsiz o‘tmaydi, ularda esa go‘shtli taomlar asosiy o‘rin egallaydi. Bugun bitta o‘rtacha to‘yda 200-250 kilogramm go‘sht sarflanadi (balki unda sal kamroq yoki ko‘pdir). Ya’ni biz yil davomida muntazam emas, aynan qaysidir muddatda ko‘p go‘sht iste’mol qilishimiz ham bor gap.
Beshinchidan, hamma gap go‘shtda ham emas, bu haqda fikr bildirgan amaldorni tanqid ham qilmaslik kerak. Gap aholining xarid qobiliyati, faravonligi haqida ketyapti. Go‘sht bu faqat bir aholining yaxshi yashayotganini bildiruvchi parametr xolos.
Xullas, fikrimni mavzuga oid jumla bilan yakunlamoqchi edim: go‘sht masalasini deb, «go‘shtimizni yemaylik», masalada bir birimizni to‘g‘ri tushunmasak, farovon kelajak yo‘lidagi safar qiyin bo‘ladi.
Fuzayl Baymanov
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter