Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Bog‘chalardagi «o‘lik jon»lar: Jizzaxdagi MTMda 592 mln. so‘m «tuya» qilindi

Bog‘chalardagi «o‘lik jon»lar: Jizzaxdagi MTMda 592 mln. so‘m «tuya» qilindi

Foto: «Xabar.uz»

Maktabgacha ta’lim tizimi uzoq yillar davomida yetarli darajada nazoratda bo‘lmaganligi uchun, bu soha tang ahvolga tushib qolgan, unda qonunbuzarlik va suiiste’molliklar avj olgan edi. Yuzaga kelgan holat nazorat ishlarini kuchaytirish zarurligini ko‘rsatdi.

Shu maqsadda 2017-yil 30-sentyabr kuni Maktabgacha ta’lim vazirligida ichki audit xizmati tashkil etildi. Maktabgacha ta’lim vaziriga to‘g‘ridan-to‘g‘ri bo‘ysinuvchi auditorlar oldiga, budjet mablag‘larining noqonuniy o‘zlashtirilishi, kamomadlarga yo‘l qo‘yish holatlarini aniqlash va oldini olishdek muxim vazifalar qo‘yildi. Auditorlar olib borilgan ishlar haqida muntazam ravishda ma’lumotlar berib boradi. Quyida biz navbatdagi hisobotni e’tiboringizga havola etamiz, deb xabar bermoqda Maktabgacha ta’lim vazirligi matbuot xizmati.

2018-yil yakuni bo‘yicha 11 mlrd. so‘m moliyaviy qonunbuzilish holatlari aniqlangan va 278 ta o‘rganish hujjatlari qonuniy chora ko‘rish uchun huquqni muhofaza qilish organlariga yuborilgan.

Jami aniqlangan moliyaviy qonunbuzilishlardan 47,6 foizini kamomad va noqonuniy xarajatlar, 27,6 foizini davlat xaridi qonunchiligining buzilishi, 17,2 foizini budjet mablag‘larini noto‘g‘ri rejalashtirish va 7,7 foizini moddiy boyliklar ortiqchaligi va boshqa xolatlar tashkil etgan.

Kamomad va noqonuniy xarajatlar

«Tahlillar shuni ko‘rsatmoqdaki, noqonuniy xarajatlarning 40 foizi — «o‘lik jonlar», ya’ni maktabgacha ta’lim muassasasiga (MTM) turli lavozimlarga rasmiylashtirilgan, lekin, haqiqatda muassasada ishlamaydigan xodimlar hisobiga to‘g‘ri kelmoqda. Bu yo‘l bilan, MTM mudirasi «o‘lik jon» xodimlarga yozilgan ish haqlarini noqonuniy o‘zlashtirgan, ishlamaydigan «o‘lik jon» xodimlar esa noqonuniy mehnat stajiga ega bo‘lganlar. Bugungi kunda, respublikada aholini ish bilan ta’minlash dolzarb masala bo‘lib turganda, bu «o‘lik jon»lar vijdonan ishlashni hohlovchi mutaxassis va xodimlarning o‘rnini band qilib turibdi», — deydi Maktabgacha ta’lim vazirligi ichki audit xizmati boshlig‘i.

Ko‘p holatlarda tarbiyachi, tarbiyachi yordamchisi, kiryuvuvchi, oshxona ishchisi, farrosh kabi ish o‘rinlariga ishga joylash soxtalashtirilmoqda, bu esa o‘z navbatida, muassasa faoliyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Masalan, Jizzax viloyati Sharof Rashidov tumanidagi 9-sonli ixtisoslashtirilgan MTMda 19 nafar ishlamagan xodimlar uchun 592 mln. so‘m, Samarqand viloyati Samarqand tumanidagi 6-sonli MTMda — 100 mln. so‘mdan ortiq, Pastdarg‘om tumanidagi 38-sonli MTMda — 60 mln.so‘m, Xorazm viloyati Urganch tumanidagi 4-sonli MTMda — 46 mln.so‘m, Toshkent shahridagi 596-sonli MTMda — 30,4 mln.so‘m, Uchtepa tumanidagi 244-sonli MTMda – 22,8 mln.so‘m va boshqalarda ish haqlari asossiz hisobdan chiqarilgan.

Noqonuniy xarajatlarning yana bir turi, xodimlarga soxta ish haqi va mukofot pullarini yozib, naqd pullarni hisobdan asossiz chiqarishdir.

Masalan, Namangan viloyati Chortoq tumanidagi 14-sonli MTMda to‘lov qaydnomalari orqali 20,8 mln. so‘m naqd pullar xodimlarga berilmasdan g‘aznadan asossiz hisobdan chiqarilgan. Xuddi shunday xolat, Jizzax viloyati Sharof Rashidov tumanidagi 9-sonli ixtisoslashtirilgan MTMda – 17,3 mln. so‘m, Xorazm viloyati Shovot tumnidagi 14-sonli MTMda – 35 mln. so‘m va boshqalar.

Bundan tashqari, o‘tkazilayotgan nazorat tadbirlarida ota-onalarning bolalar ta’minotiga to‘lagan pullari va xomiylik pullarini g‘aznaga kirim qilmaslik xolatlari aniqlanmoqda.

Shuningdek, MTMga yo‘llanmasiz bolalarni qabul qilish va o‘z navbatida yo‘llanmasiz qatnayotgan bolalar uchun to‘langan badal pullari g‘aznaga kirim qilinmasdan MTM rahbarining noqonuniy daromad manbaiga aylanmoqda.

Masalan, Toshkent shahar Shayxantoxur tumanidagi 226-sonli MTMda — 120,6 mln. so‘m, Jizzax viloyati Jizzax shahridagi 24-sonli MTMda — 64,3 mln.so‘m, Andijon viloyatidagi Xonabod shahridagi 1-sonli MTMda — 38 mln.so‘m, Samarqand viloyati Pastdarg‘om tumanidagi 36-sonli MTMda —17 mln. so‘m, Samarqand shahridagi 58-sonli MTMda — 20 mln.so‘m va boshqalarda ota-onalarning bolalar ta’minotiga to‘lagan pullari g‘aznaga kirim qilinmagan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring