Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Bola quloqsiz bo‘lsa, nima qilish kerak?

Bola quloqsiz bo‘lsa, nima qilish kerak?

Foto: «Ladyclub96.ru»

Tarbiyasi og‘ir bola — pedagog va ota-onalar uchun azaliy bosh og‘riq. Qariyb 99% ota-ona bunday muammoga duch kelishadi. Lekin muomalani qaytadan ko‘rib chiqish orqali bunga barham berish mumkin.

Ko‘pincha ota-onalar bola 5 — 7 yoshga to‘lib, qiliq va injiqliklari bilan hammani bezor qilishga ulgurganda shifokor va pedagoglarga shikoyat qila boshlashadi. Biroq bolani mo‘min-qobil qilib o‘stirishga yordam beruvchi tarbiya usullarini ancha oldin — go‘dak bir yoshga to‘lar-to‘lmas boshlash kerak.

Dunyodagi bolalar psixologlari va pedagoglari tarbiyaning asosiy mohiyati qanday bo‘lishidan qat’i nazar, yakdil fikrni ilgari sursa kerak: farzand oilada hamisha bo‘ysundiruvchi (yetakchi) emas, itoat qiluvchi (ergashuvchi) o‘rinni egallashi zarur.

Barcha xalq va zamonlar pedagogikasining asosiy qonuni: kichkina qushcha qushlar galasini boshqarmaydi. Buni boshqacha so‘z bilan izohlash mumkin: bola kattalarning inon-ixtiyorini (dod-faryodi, xarxasha va injiqliklari yordamida) o‘ziga tobe qilolmaydi. Aks holda bu ota-ona va boshqa oila a’zolari tomonidan yo‘l qo‘yilgan aniq va mudhish xato hisoblanadi. Yana bu kelgusida bolaning ruhiyatiga, qolaversa, butun oilaga zarar yetkazishi turgan gap.

Biroq ota-onalar «kattalar izmiga yurish» degani kichkintoyga zo‘ravonlik qilish yoki oila kattalariga majburan itoat ettirish emasligini tushunishi lozim. Ammo bola go‘dakligidanoq oilada hamma qarorlarni aynan ota-ona qabul qilishini va har qanday taqiq so‘zsiz bajarilishi kerakligini tushunib yetishi darkor. Bu, eng avvalo, bolaning xavfsizligi uchun zarur.

Agar bu qonun buzilsa, oilada quloqsiz bola yetiladi...

«Quloqsiz bolalar» qayoqdan paydo bo‘ladi?

Boladagi xarxasha va injiqliklarga qarshi kurashishni o‘rganishdan oldin yoqimtoy mittivoylar qachon, qay tarzda ters bo‘lib qolishiga oydinlik kiritish kerak. Aslida farzand hulqi (qushchaning qushlar galasidagi yurish-turishi kabi), avvalo, kattalar muomalasi bilan chambarchas bog‘liq. «Farishta»lar «shaytoncha»ga aylanib, ota-onaning boshiga chiqib olishiga sababchi vaziyatlar mavjud. Quyidagi holatlarda bolalar injiq, quloqsiz va gapga kirmaydigan bo‘lib qolishadi:

  1. Oilada pedagogik mezonlar yo‘qligida. Masalan: ota-ona bola bilan o‘z kayfiyatidan kelib chiqqan holda muomalada bo‘ladi — bugun ota mehribon, yarim tungacha mulfilm tomosha qilishga ruxsat berdi, ertasiga esa fe’li aynigan, soat 21:00dayoq bolalarni uxlashga majburlaydi.
  2. Kattalarning pedagogik mezonlari keskin farq qilganda. Masalan: bolaning 21:00dan keyin multfilm ko‘rish istagiga ota qarshi, ona esa rozilik beradi. Bu o‘rinda ota-ona (boshqa oila a’zolari ham)ning yakdil fikrda bo‘lishi muhim.
  3. Oiladagilar bolaning xarxasha va injiqliklariga «bo‘yin egadi». Mittivoylar o‘z fe’l-atvorini shartli refleks va instinkt darajasida shakllantiradi. Masalan, go‘dak yig‘i, baqir-chaqir, xarxasha orqali kattalardan xohlagan narsasiga erishsa, u bu usuldan to ish berguncha muntazam foydalanadi. Natija bermay qo‘yganda esa ularni ishlatmaydi.

E’tibor berganmisiz, kichkintoylar televizor, mebel, o‘yinchoq yoki mutlaqo begona odam qarshisida sira yig‘lashmaydi, xarxasha qilishmaydi. Gщdak qanchalik kichik bo‘lmasin, hamisha kim uning ashulasiga raqs tushishini, kimning asablarini dod-faryod bilan yengib bo‘lmasligini biladi. Agar siz sal bo‘sh kelsangiz, uning injiqliklari oldida qo‘l ko‘tarsangiz, bu fe’l-atvor bilan bir umr yonma-yon yashashga majbur bo‘lasiz.

Bu xarxashalarni qanday to‘xtatish mumkin?

Gapga kirmaydigan quloqsiz bolani «farishta»ga aylantirish aslida mo‘’jiza yaratish emas. Haqiqatda bu pedagogik «ustomonlik» unchalik mushkul ish ham emas, lekin ota-onadan ma’naviy kuch, sabr va iroda talab etadi. Muhimi, bu shunga arziydi! Mazkur usulni amaliyotga qancha erta tatbiq etsangiz, farzandingiz shuncha yuvosh, og‘ir va vazmin bo‘lib ulg‘ayadi. Shunday qilib:

Eski tizim (aksariyat ota-onalar shunday yo‘l tutishadi): o‘g‘ilchangiz depsinib, boshini polga urib, ho‘ngrab yig‘lay boshlagan zahoti — uning «nayrang»iga uchasiz va uni tinchlantirish uchun hamma narsaga tayyor turasiz.

Yangi tizim (quloqsiz farzandini qayta tarbiyalashni istovchilar shunga rioya etishi darkor): qizaloq qichqirib yig‘lay boshlasa, unga jilmayib qarab qo‘yib, xonadan chiqib keting. Lekin bola sizning uni eshitishda davom etayotganingizni bilishi kerak. Baqiraverib charchamaguncha uning ko‘ziga ko‘rinmay turgan ma’qul. Baqir-chaqir to‘xtagach (bir soniyaga bo‘lsa ham!), jilmayib qaytib keling, unga bo‘lgan ota-onalik mehr-muhabbatingizni namoyon eting. Sizni ko‘rgan zahoti bola yana yig‘lay boshlasa, siz yana bamaylixotir xonani tark eting. Xarxasha qilishni to‘xtatgan zahoti yana quchog‘ingizni ochib, kulib kirib keling.

Biroq buni bola boshini urib olib, biror joyi og‘riganidan, uni ko‘chadagilar xafa qilishgani yoki qo‘shni itdan qo‘rqib ketganidan farqlay oling. Bunday vaziyatda uning yig‘i-sig‘isi tabiiy hol bo‘lib, bolani tushunish kerak — u sizning himoya va g‘amxo‘rligingizga muhtoj. Lekin xohlagan narsasiga erishish, aytganini qildirish uchun ataylab xarxasha qilayotgan bolani ko‘tarib, quchoqlab, o‘pib yupatish yaxshilikka olib kelmaydi — bu boshqa masala.

Mazkur holatda ota-ona matonatli bo‘lishi va «nayrang»ga uchmasligi kerak.

Shu tariqa ertami yoki kech bola «tushunib yetadi» (refleks darajasida): xarxasha qilganda — uni yolg‘iz qoldirishadi, eshitishmaydi. Ammo janjalni to‘xtatgan zahoti uning yoniga qaytib kelishlarini, uni yaxshi ko‘rishlarini va tinglashga tayyor ekanliklarini anglab yetadi.

«Odatda bolada «Baqirganimda — hech kimga kerak emasman, tinchlanganimda — hamma meni yaxshi ko‘radi» barqaror refleks shakllanishi uchun 2-3 kun vaqt kerak bo‘ladi. Agar ota-ona bu paytda sabr qilsa, mo‘min-qobil bolani tarbiya qilishadi, sabri yetmasa, bolaning xarxasha va injiqliklariga bir umr chidab yashashiga to‘g‘ri keladi!»

Tarbiyadagi eng muhim mezonlar

Bola tarbiyasi mavzusi — bepoyon, serqirra, cheksiz va umuman oddiy odamlar qabul qilishi mushkul masala. Har yili dunyo bo‘yicha bolalar tarbiyasiga bag‘ishlangan tonnalab kitob va risolalar chop etiladi, biroq yuz yil muqaddam bo‘lgani kabi aksariyat ota-onalar gapga kirmaydigan bolalar muammosiga duch kelaverishadi. Ana shu ota-onalarga muammolarni hal etishda quyidagi mezonlar asqatadi.

  1. Bolani yaxshi hulqi uchun doimo maqtang. Afsuski, aksariyat ota-onalar bolani yomon ishi uchun jazolashadi-yu, yaxshi ishiga kelganda shunga majbur deb hisoblashadi. Aslida bola o‘z xatti-harakatlarini endi to‘g‘rilay boshlagan bo‘ladi, «yaxshi» va «yomon» baho hali u uchun begona. Shunda u yaqinlarining bahosiga qarab ish tutishga harakat qiladi. Yaxshi xulqi va gapga kirganligi uchun maqtang, rag‘batlantiring, shunda u aynan siz xohlagandek ish tutishga jon-jahdi bilan intiladi.
  2. Agar go‘dak injiqlik qilsa va o‘zini yaxshi tutmasa — uni shaxs sifatida ayblamang! Faqat muayyan vaziyatdagi xatti-harakati uchun ayblang. Masalan: o‘g‘ilchangiz bolalar maydonchasida o‘zini yomon tutdi — boshqalarni turtkiladi, xafa qildi, ularning o‘yinchoqlarini olib qo‘ydi deylik. Kattalar ko‘pincha: «Sen yomon bolasan, sen qizg‘anchiqsan!» deyishga odatlanishgan. Mana shu holat bolani shaxs sifatida ayblashga yaqqol misol bo‘la oladi. Agar bunday ayblovlar tizimli ravishda takrorlanaversa — bolakay chindan ham yomonga aylanadi. Unga to‘g‘ri tanbeh bering: «Sen nega o‘zingni yomon tutyapsan? Nega boshqalarni turtkilab, xafa qilyapsan? Faqat yomon bolalar boshqalarni ranjitadi, axir sen yaxshi bolasan-ku! Sen esa bugun o‘zingni yomon bolalardek tutyapsan — seni jazolashimga to‘g‘ri keladi...». Shunda bola aslida o‘zi yaxshi ekanligini, uni yaxshi ko‘rishlarini va hurmat qilishlarini, faqat uning bugungi hulqi — noto‘g‘ri ekanligini anglab yetadi.
  3. Farzandingizning yoshi va rivojlanishini hamisha hisobga oling.
  4. 4. Bolaga qo‘yayotgan talablar oqilona bo‘lsin.
  5. Yomon hulqi uchun vaqtida jazolash lozim (3 yoshli bolani ertalab ovqatni to‘kib qo‘ygani uchun kechki multfilmdan mosuvo qilmang — kichkintoy xato bilan jazoning bog‘liqligini tushunib yetmasligi mumkin).
  6. Bolani jazolayotganda o‘zingiz xotirjam bo‘lishingiz kerak.

Buni psixologlar tasdiqlashi mumkin: har qanday suhbatdosh, jumladan, bola ham (u qanchalik kichkina bo‘lmasin) baqirmasdan, xotirjam gapirsangiz, sizni yaxshiroq tushunadi.

  1. Bola bilan gaplashayotganda (ayniqsa, u quloq solmaganda, xarxasha va injiqlik qilganda, siz esa jahlingiz chiqib, xafa bo‘lgan vaziyatlarda) doimo muomalangizga e’tibor bering — siz bilan bunday ohangda gaplashishlarini axir o‘zingiz ham xohlamasangiz kerak.
  2. Bola sizni tushunayotganiga hamisha ishonch hosil qilishingiz kerak.
  3. Nima to‘g‘ri-yu, nima noto‘g‘riligiga o‘z misolingizda o‘rnak bo‘lsangiz, yaxshiroq samara beradi. Boshqacha qilib aytganda, «Mening aytganimni bajar»dan ko‘ra «Men kabi bajar» bolani samaraliroq tarbiyalaydi. Ular sizdan ibrat olsin, unutmang, qush uyasida ko‘rganini qiladi.
  4. Ota-ona, ya’ni katta odam sifatida hamisha qarorlaringizni qaytadan ko‘rib chiqishga tayyor bo‘ling. Ayniqsa, bu 10 yoshli va undan katta bolalarning ota-onalariga taalluqli. Bu yoshda bola muzokaraga kirisha oladi, dalil va isbotlar keltirishga qodir bo‘ladi. U xulosani doimo siz chiqarishingizni, lekin uni tinglashga tayyorligingizni va muayyan vaziyatlarda o‘z fikringizni farzandingiz foydasiga o‘zgartira olishingizni tushunishi darkor.
  5. Bolaning xatti-harakatlari (ayniqsa, bu yomon ishlar bo‘lsa) qanday natijalarga olib kelishini tushuntirishga harakat qiling. Agar go‘dak karavotchasidan o‘yinchoqlarini otsa — ularni olib bermang: shunda mittivoy uning bu xatti-harakati o‘yinchoqlardan judo qilishini tezda anglab yetadi. Kattaroq yoshdagi bolalar bilan jiddiyroq vaziyatlarda shunchaki gaplashib olsa bo‘ladi.

Mo‘min-qobil bolani tarbiyalash, bir qarashda, unchalik qiyin emas. Ota-ona shunchaki o‘z xatti-harakatlarini tahlil hamda nazorat qilishi — farzandga munosib o‘rnak bo‘lishi, ularning xarxasha va injiqlariga uchmasligi, bola bilan bajonidil suhbatlashishi, o‘z qarorlarini bamaylixotir tushuntirishi zarur.

Ota-onalarga maslahatlar

Qaysi tarbiyalash usulini tanlash o‘z ixtiyoringizda. Biz shunchaki oilada iliq munosabatlarni saqlashga yordam beradigan maslahatlarni berib o‘tmoqchimiz:

  1. Qanday nazorat qilishni o‘zingiz hal eting. Jarayonga kompleks tarzda yondashing: bolaga nazorat haqiqatan zarurligini va buni unga zarar yetkazib qo‘ymagan holda qanday bajarish to‘g‘risida o‘ylab ko‘ring.
  2. Bolani o‘z qolipingizga solishga urinmang, barcha xatti-harakatlaringizni u bilan gaplashib oling. Shunday yo‘l tutingki, bola biror qaror qabul qilayotganda siz tomondan hech qanday bosimni his etmasin. Qabul qilgan qarori uchun mustaqil javob berishiga imkon yarating. Natijada uning sizga bo‘lgan ishonchi ortadi, voqea-hodisalardan boxabar qilib turadi. Siz esa o‘z navbatida o‘zingizni nazorat qila boshlaysiz.
  3. Ota, ona va farzand o‘rtasida o‘zaro ishonch bo‘lishi nihoyatda muhim. Bola o‘z xatolari, kechinmalari va muammolari haqida gapirishdan cho‘chimasligi zarur. Uning rostligi uchun urishish zinhor tavsiya etilmaydi, hatto bu rostlik sizga umuman yoqmasa ham. Bolaga qilgan xatolari uchun qattiq tanbeh beraverish yaramaydi, aks holda u sizga umuman ishonmay qo‘yadi. Yaxshisi, u nimada nohaq ekanligini jahlsiz, bamaylixotir gaplashib olishga harakat qiling. Uning ishonchini bir marta yo‘qotsangiz, yana qaytarish oson kechmaydi. Negaki, bola bilan munosabatlarda ustunlik qilish bu hali uning do‘stiga aylanishni anglatmaydi.

Eng muhimi — ishonchini suiiste’mol qilmang. «Men senga ishongandim, sen esa...» iborasini ko‘p ishlatish munosabatlarning qadrsizlanishiga olib kelishi mumkin.

Sh.Isroilova tayyorladi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring