«Bosar-tusarini bilmagan» kim: deputatmi yoki IIB xodimlari?

Ichki ishlar vazirligining internet tarmog‘idagi rasmiy sahifasida tarqatilgan «bosar-tusarini bilmay qolgan deputat» haqidagi videolavha shundog‘am ko‘plab bahs-munozaralarga sabab bo‘lgandi.
Namangan shahar kengashi deputati T.M. profilaktika inspektorining telefonini sindirgani, uni tinchlantirmoqchi bo‘lgan boshqa xodimning pogoni va xizmat ko‘krak nishonini yulib olgani haqida hikoya qiluvchi lavha ko‘proq xalq vakillari (deputatlari)da jiddiy e’tiroz uyg‘otgani ham bor gap. Negaki, besh daqiqalik lavhada suddan avval «aybdor»ga chiqarib qo‘yilgan shaxs «deputat» ekaniga qayta-qayta urg‘u beriladi. Ikkinchidan, lavhaning bunday ohang va shaklda tayyorlanib, jamoatchilik e’tiboriga havola etilishi aybsizlik prezumpsiyasiga zid ekaniga ta’kid ortiqcha.
Lavha nihoyasida holat bo‘yicha 2020-yil 16-aprel kuni Namangan shahar prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining 219-moddasi (Hokimiyat vakiliga yoki fuqaroviy burchini bajarayotgan shaxsga qarshilik ko‘rsatish) 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, ayni paytda tergov harakatlari olib borilayotgani ham ma’lum qilinadi.
Voqealarning keyingi rivoji shuki, Namangan shahar prokurori Xalq deputatlari Namangan shahar kengashiga taqdimnoma kiritib, deputat T.M. jinoiy javobgarlikka tortish va ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olishga rozilik so‘raydi. O‘z navbatida shahar kengashi deputatning ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olinishiga rozilik berish masalasini rad etilib, uni jinoiy javobgarlikka tortishga rozilik beradi (2020-yil, 16-aprel).
Biroq bugun «deputat ishi»da kutilmagan o‘zgarish yuz berdi.
Telegramdagi «Fayzbog‘» kanalida tarqatilgan xabar va unga ilova qilgan hujjatga ko‘ra, kecha (19-aprel) Xalq deputatlari Namangan shahar kengashining navbatdan tashqari kengaytirilgan yig‘ilishi bo‘lib o‘tadi. Unda shahar prokurorning taqdimnomasi yana bir bor ko‘rilib, kengashning deputat T.M.ni jinoiy javobgarlikka tortishga rozilik berish haqidagi qarori (16-aprel) bekor qilinadi. Va bunga butunlay teskari – T.M.ni jinoyat ishida ayblanuvchi tariqasida jalb etish va unga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasini qo‘llashga rozilik berish so‘ralgan prokuror taqdimnomasini tamoman rad etish haqida yangi mazmunda qaror qabul qilinadi.
Bu hali hammasi emas. Xalq deputatlari Namangan shahar kengashi ayni qarori bilan Namangan shahar prokuroriga (uch kun ichida) shahar IIOV FMB-sonli profilaktika katta inspektori I. Abdurahmonov, IIB YHXB ispektori X. Ziyoviddinov va voqeada ishtirok etgan boshqa xodimlarning harakatlariga huquqiy baho berish va belgilangan tartibda qonuniy chora ko‘rish vazifasi ham topshiradi.
Bunday kutilmagan burilish detutatning «bosar-tusarini bilmay qolgani» haqidagi iddaolarga shubha uyg‘otadi. Bunday shubha esa yana bir savolni ko‘ndalang qo‘yadi: deputatning «o‘zidan ketgani» katta so‘roq ostida ekan, uni «olabo‘ji» qilib ko‘rsatishga shoshilish ham «o‘zidan ketish»ning bir ko‘rinishi emasmi?!
Xullas, savollar ko‘p. Ularga faqat prokuratura aniqlik kiritishi mumkin.
Kutamiz.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter