Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Bosh prokuratura afv etilgan shaxslarga har tomonlama ko‘mak beradi

Bosh prokuratura afv etilgan shaxslarga har tomonlama ko‘mak beradi

Foto: «Xabar.uz»

Insonparvarlik tamoyillarini qo‘llash orqali jamiyatda adolatni qaror toptirish, xalqimizning kechirimlilik va bag‘rikenglik kabi umuminsoniy qadriyatlarini amalda ro‘yobga chiqarish, mahkumlarning tuzalish yo‘liga o‘tishini rag‘batlantirishga qaratilgan takliflar tayyorlash maqsadida Bosh prokurorning farmoyishi qabul qilingan. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot xizmati «Xabar.uz»ga xabar berdi.

Ushbu farmoyishga asosan Bosh prokurorning birinchi o‘rinbosari rahbarligida ishchi komissiya hamda jazoni ijro etish muassasalarida jazo o‘tayotgan mahkumlar bilan yakka tartibda suhbatlar o‘tkazib, ularning shaxsi, qilmishlaridan chin ko‘ngildan pushaymonligi, tuzalish yo‘liga qat’iy o‘tganligi, yashash manzillaridagi mahalla fuqarolar yig‘inlari tomonidan ijobiy yoki salbiy tavsiflanishi holatlarini o‘rganish bo‘yicha Bosh prokuratura, Oliy sud, DXX va IIV xodimlaridan iborat ishchi guruhlari tuzildi.

Ishchi guruhlar tomonidan farmoyish talabidan kelib chiqib 19 mingdan ortiq jazo o‘tayotgan mahkumlar bilan yakka tartibda suhbatlar o‘tkazildi.

Ishchi komissiya ushbu hujjatlarni tahlil qilib, Prezident huzuridagi Afv etish masalalari bo‘yicha komissiyaga taqdim etdi.

2018 yilning 12 iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev «Ozodlikdan mahrum etish jazosini o‘tayotgan, qilmishiga chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lgan va tuzalish yo‘liga qat’iy o‘tgan bir guruh shaxslarni afv etish to‘g‘risida»gi farmonni imzoladi.

Farmonga muvofiq ilk marotaba muborak ramazon hayiti munosabati bilan hamda O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 93-moddasi 23-bandiga asosan bilib-bilmay jinoyat sodir etgan, hozirgi vaqtda qilmishiga chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lgan va tuzalish yo‘liga qat’iy o‘tgan ozodlikdan mahrum etish jazosini o‘tayotgan 226 mahkum afv etildi.


Mavzuga doir: «Afv etish haqidagi farmon ijrosi o‘z vaqtida ta’minlandimi?»


Afv etilgan shaxslarning 102 nafari jazodan to‘liq ozod qilinadi, 71 nafari jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilinadi, 39 nafariga tayinlangan jazo yengilroq jazo bilan almashtiriladi, boshqacha qilib aytganda, 212 nafar shaxs jazoni ijro etish muassasalaridan ozod qilinadi. Shuningdek, 14 nafar shaxsga tayinlangan ozodlikdan mahrum etish jazosining muddatlari qisqartiriladi.

Afv etilganlarning 40 nafarini 60 yoshdan oshgan shaxslar, 39 nafarini chet el fuqarolari, 37 nafarini ayollar, shuningdek, 51 nafarini taqiqlangan tashkilotlar faoliyatida qatnashgan shaxslar tashkil etadi.

Bu voqea yurtimizda olib borilayotgan insonparvarlik siyosatining, xalqimizga xos bag‘rikenglik, kechirimli bo‘lish, olijanoblik va mehr-muruvvat ko‘rsatish kabi ezgu fazilatlarning muborak ramazon oyida yanada yuksak namoyon bo‘lganligining amaliy ifodasidir.

Farmon ijrosi yuzasidan afv etilgan shaxslarni oilasi va yaqinlari bag‘riga qaytarish, ijtimoiy hayotga moslashib, foydali mehnat bilan shug‘ullanishlari, sog‘lom turmush tarzini yo‘lga qo‘yib, jamiyatda munosib o‘rin topishlari uchun ularga ko‘mak berish yuzasidan Bosh prokuratura tomonidan mas’ul vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda ishlar amalga oshirilmoqda.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring