Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Norboyeva, Marufova va Ortiqovadan «bosh shifokor ishi»ga e’tibor qaratish so‘raldi

Norboyeva, Marufova va Ortiqovadan «bosh shifokor ishi»ga e’tibor qaratish so‘raldi

Toshkent viloyati yuqumli kasalliklar shifoxonasining bosh shifokori — viloyat bosh infeksionisti Guljahon Yo‘ldosheva hibsga olingani bilan bog‘liq shov-shuvlar tinmayapti.

Unga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi bo‘yicha tergov harakatlari hali yakuniga yetmay Chirchiq shahar prokurori B. Ibrohimovning OAV orqali ayblovlar go‘yoki tasdiqlanganini «dasturxon qilvorishi» suvni battar loyqalatgani haqida yozgandik.

Suddan avval o‘qilgan hukmday qabul qilingan prokurorning mazkur chiqishida aybsizlik prezumpsiyasi tamoyili qo‘pol ravishda buzilganini uning o‘zi ham bilsa kerak. Rost-da, inson huquqlarining alifbosi hisoblanmish aybsizlik prezumpsiyasi qanday holatda buzilishini adliya katta maslahatchisi (polkovnik) rutbasiga ega prokuror bilmasligi mumkin emas. Bila turib, bunga teskari ish tutgani esa hozircha juda katta jumboq bo‘lib turibdi.

Kecha Kun.uz saytida «bosh shifokor ishi» yana bir karra ko‘tarildi. Prokuror (jinoyat ishi bo‘yicha) «aytadiganini aytib, deganini deb bo‘lgani» uchunmi mazkur maqolada hibsda saqlanayotgan G. Yo‘ldoshevaning advokatiga so‘z berilgan. Turgan gap, advokat mijozi aybsiz ekanini ta’kidlab, qator dalillar keltiradi. Dalillar qanchalik to‘g‘ri va asosli — bunga sud huquqiy baho beradi, albatta. Shu bois masalaning ayni nuqtasiga to‘xtalmay, jurnalistlar qo‘ygan boshqa og‘riqli savollar xususida gaplashgan ma’qulday.

Masalan, hozirgi murakkab davrda aholi salomatligini saqlash uchun ajratilgan mablag‘lar ozmuncha talon-toroj qilingani yo‘q. Ya’nikim, Qashqadaryoda SEOM rahbarlari tomonidan 917,8 million so‘m, Namangan viloyat SEOM mansabdorlari 248,9 mln so‘m, Buxoroda (inqirozga qarshi jamg‘armaning mablag‘larini talon-toroj qilingan miqdori) – 202 mln so‘m, Navoiyda 509 mln so‘m, Andijonda 160 mln so‘m... Eng e’tiborlisi, Mehr-shafqat fondi mansabdorlari xayriyadan yig‘ilgan – 2,8 mlrd so‘m mablag‘larni talon-toroj qilgani aniqlangan. Maqolada shunday savol ko‘ndalang qo‘yiladiki, talon-toroj qilingan shuncha mablag‘lar qasddan, ko‘r-ko‘rona va egri yo‘llar orqali o‘zlashtirilgan. Biroq nafsi hakalak otgan mansabdorlarning nomi oshkor qilinmadi, ular shartta «tiqib» qo‘yilgani ham yo‘q, G. Yo‘ldoshevaga kelganda buning aksini ko‘rish mumkin... Holbuki, uning budjet mablag‘larini go‘yoki talon-toroj qilgani katta savol ostida turibdi. To‘g‘ri, Bosh prokuratura joylardagi SEOMning nafsi halak otgan ayrim mansabdorlari yetkazilgan zararlarni o‘z vaqtida qoplagani uchun ularga nisbatan «qamoq» ehtiyot chorasi qo‘llanmaganini bildirgan. Biroq hozirgi qiyin sharoitda xalqqa xiyonat qilgan «vallomat»larning haqiqiy basharasini elga ko‘rsatib qo‘yish zarar qilmasdi...

«Faqatgina muammolarini oshkor qilishga jur’ati yetgan, rahbarlariga qarshi so‘z ayta olgan bosh shifokor, ne ajabki, zudlik bilan qamoqqa tashlandi. «Uning harakatlari qaysidir «qo‘li uzun» mansabdorga yoqmagan, bo‘lmasa, olti nafar voyaga yetmagan bolalarning onasi bu tariqa qamoqqa tashlanmagan bo‘lar edi. Aybi bo‘lsa qamamasdan ham tergov qilish mumkin emasmidi?», deya ta’kidlaydi mualliflar.

 Ayni paytda hibsda saqlanayotgan Guljahon Yo‘ldoshevaning boshida qora bulutlar uning avgust oyida Kun.uz saytiga pandemiya sharoitida u boshchilik qilgan kasalxonaga kerakli tibbiy uskunalar ajratilmayotgani va rahbarligi ostida koronavirusga chalingan bemorlarni o‘zi va oilasi hayotini xavf ostiga qo‘yib davolagan tibbiyot xodimlarining mehnati munosib rag‘batlantirilmayotgani, og‘ir vaziyatlarda Toshkent viloyati tibbiyot boshqarmasi tomonidan kerakli yordam berilmagani haqida intervyu berganidan so‘ng boshlangani aytiladi.

Prokuratura esa buni avvaldan inkor etib kelayotgani sir emas. Biroq bosh shifokorning OAVdagi ayni chiqishidan u rahbarlik qilayotgan shifoxonaga ketma-ket tekshirishlar yuborilgan, jumladan ijobiy yakun topgan avvalgi (aynan G.Yo‘ldosheva mazkur shifoxonada amaliyotini olib borgan davr mobaynidagi) tekshiruvlar natijalari qaytadan tekshirilgan. Bu tasodifmi yo zaruriyat — sudda aniq bo‘ladi, nasib... Zero, hali tergov yakunlanmay (!) ayblov va himoya tomonning OAVdagi chiqishlari, ayni jarayonda javobini kutayotgan og‘ir-og‘ir savollar bo‘lajak sud «o‘zgacha o‘tishi»ga dalolat qilmoqda.

Mualliflar maqola nihoyasida «...ayollarning tom ma’nodagi rahnamosiga aylanib ulgurgan Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Norboyeva, xotin-qizlarning huquqlarini himoya qilishga mas’ul bo‘lgan Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirining birinchi o‘rinbosari Gulnora Marufova hamda Bosh prokuror o‘rinbosari Svetlana Ortiqovadan mazkur masalaga e’tibor qaratishlari»ni so‘rashining tub sababi shunda bo‘lsa, ehtimol.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring