Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Bosh vazir o‘zbek tiliga bepisandlikni qattiq qoraladi

Bosh vazir o‘zbek tiliga bepisandlikni qattiq qoraladi

Bugun, 9 mart kuni Vazirlar Mahkamasida Bosh vazir Abdulla Aripov raisligida ko‘cha va aholi punktlarini nomlash, peshlavhalar, reklama va e’lonlarning davlat tilida berilishi singari masalalr muhokamasiga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Xabar.uz manbasining xabar berishicha, yig‘ilish keskin tanqidiy ruhda o‘tgan. Xususan, ko‘chalardagi tashqi reklama e’lonlaridagi mantiqsizliklar, o‘zbek tiliga nisbatan bepisandliklar singari qator muammolar qoralangan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, bugungi kunda respublika bo‘yicha 10 mingdan ortiq tashqi reklama konstruksiyalari mavjud. Ularning 7 mingdan ziyodi Toshkent shahrida joylashgan.

Hukumat rahbari majlis ishtirokchilariga qator savollar bilan yuzlangan.

– Xo‘sh, reklama bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlar o‘z daromadiga yarasha qonun talablariga rioya qilyaptimi?

Reklamalarning mazmunini o‘rganadigan, tahlil qiladigan bormi o‘zi?

Jamoatchilik muammoni ko‘tarib chiqmaguncha, qo‘l qovushtirib o‘tiraveramizmi?

Misol uchun, 2019 yil noyabr oyida Toshkent shahrining Yashnobod tumanida, Samarqand shahrida «Buni qil va birinchi bo‘l» shiori bilan narkotik va tamaki qorishmalari tashqi reklama orqali targ‘ib qilingan.

Buni jamoatchilik ijtimoiy tarmoqlarda ko‘targanidan keyingina tegishli organ chora ko‘rdi.

Shuningdek, Buxoro shahridagi madaniy-tarixiy ob’yektlarga tashqi reklamalarni osib qo‘yishganichi?

Yoki ovqat yetkazib berish xizmati reklamasida Zahiriddin Muhammad Bobur obrazidan foydalanilayotganichi?

Kim nazorat qiladi o‘zi buni?

Reklama ommaga chiqquniga qadar hech kim uning mazmuni bilan tanishmaydimi? Qani bu yerda mahalliy hokimlikning o‘rni?

Qani bu yerda «Tasviriy oyina» ijodiy uyushmasining o‘rni?

Yanayam achinarlisi, bugun poytaxt ko‘chalari yoki qaysi viloyat markazida bo‘lmang xuddi xorijga tushib qolgandek bo‘lasiz.

Ko‘cha-ko‘yda ajnabiy nomlar ko‘payib ketgan.

Ma’naviyat va ma’rifat markazi, Jurnalistlar uyushmasi, Yozuvchilar uyushmasi, ziyolilar va boshqa jamoatchilik jim, guyoki hech narsa bo‘lmaganday, eshitmaganlikka, ko‘rmaganlikka olamiz.

Uzoqqa bormaylik har kuni ertalab uydan ishga, ishdan esa uyga qaytayotganda yo‘limizdagi savdo do‘konlari, oshxonalarning peshlavhalari, ko‘cha va binolardagi reklamalar hamda e’lonlarga ko‘zimiz tushadi.

Aksariyati xorijiy tillarda yozilgan.

Davlat tilida yozilganlarining ko‘pchiligi qo‘pol xatolar bilan yozilgan.

Ayrim hali ochilib ulgurmagan savdo do‘konlari, oshxonalar va maishiy xizmat ko‘rsatish shaxobchalarining peshtoqiga katta harflar bilan «Skoro otkritiye», «Mi otkrilis», deb yozib qo‘yishadi.

Eng qizig‘i, faqat markazlargina emas, uzoq tumanlarda ham rus tilida e’lon osish urfga kirmoqda.

E’lonlarni o‘z tilimizda yozsa hech kim tushunmaydimi? Yoki shu do‘kon yoxud oshxonaga hech kim kirmay qo‘yadimi?

Bu kabi nomlarni tanlayotgan insonlarda vatanparvarlik, davlatga, tilga hurmat degan tuyg‘u bormi o‘zi?

Reklamaning tili xaridor e’tiborini tortishi kerak. Boshqa tilda bersa, kimning e’tiborini tortadi?!

Uzoq xorijni qo‘yib turing, yaqin qo‘shnilarimizda ham reklamalar o‘z ona tillarida beriladi. Buni qonun bilan mustahkamlab qo‘yishgan.

Mana biz ham shu ishni boshladik, yo‘limizda oxirigacha qat’iy turamiz, buni barcha yaxshi anglab olishi shart.

Biz hech bir tadbirkorga to‘siq qo‘ymoqchi emasmiz. Marhamat, reklama bozori erkin faoliyat yuritsin.

Biroq, asosiy iste’molchisi, xaridori o‘zbek tilli aholi ekanini bilaturib boshqa tilda e’lon berish amaliyotiga chek qo‘yish shart.

Reklamalarda, avvalo, davlat tilining ustunligini ta’minlashimiz kerak, – deya bosh vazirning so‘zlarini keltiradi manba.

Yig‘ilishda ko‘rilgan masalalar yuzasidan Davergeodezkadastr va Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitalari rahbarlari, shuningdek, Toshkent, Samarqand, Jizzax viloyati hamda Toshkent shahri hokimining hisobotlari tinglandi.

 

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring