Britaniya Yaqin Sharqqa aviatashuvchisini yuborish rejasini rad etdi
Buyuk Britaniya Yaqin Sharqdagi harbiy ob’yektlarini kuchaytirish uchun HMS Prince of Wales aviatashuvchisini mintaqada joylashtirish niyatida emas. Bu haqda Financial Times nashri mamlakat bosh vaziri devoni vakiliga tayanib xabar berdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, «kema yuborish bo‘yicha hech qanday qaror qabul qilinmagan».
7-mart kuni Sky News telekanali manbaga tayanib, Britaniya Angliyaning Portsmut shahrida joylashgan Prince of Wales aviatashuvchisini ehtimol Yaqin Sharqqa yuborishga tayyorlanayotgani haqida xabar bergan edi.
Avvalroq, 14-fevral kuni Buyuk Britaniya bosh vaziri Kir Starmer Myunxen xavfsizlik konferensiyasida nutq so‘zlab, 2026-yilda London Shimoliy Atlantika va Arktika hududlariga aviatashuvchi zarba guruhini yuborishini ma’lum qilgan. Bu guruhga aynan Prince of Wales aviatashuvchisi boshchilik qilishi aytilgan.
Ayni paytda Britaniyaning ikkinchi aviatashuvchisi – HMS Queen Elizabeth modernizatsiya jarayonidan o‘tmoqda.
Shu tariqa, London hozircha Yaqin Sharqdagi keskin vaziyatga qaramay, aviatashuvchisini mintaqada joylashtirish bo‘yicha qaror qabul qilmagan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Yaqin Sharqdagi mojaro fonida Fransiyaning Sharl de Goll avitashuvchi kemasi O‘rta yer dengizi hududiga yetib kelgani xabar qilingan edi.
Ma’lum qilinishicha, aviatashuvchi u yerda Eron zarbalariga uchragan Fransiya fuqarolari va uning ittifoqchilari xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha operatsiyalarda ishtirok etadi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter