Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Bryus Lining sirli o‘limi: aslida nima sabab bo‘lgan?

Bryus Lining sirli o‘limi: aslida nima sabab bo‘lgan?

Har ismda bir hikmat bor!

Xitoylik er-xotin Xoy Chen Li va Greys Li san’atkor edi. Ikkalasi ham Gonkong teatrida ishlardi. 1940 yil o‘rtalarida ular jamoa bilan birga AQSh bo‘ylab uzoq muddatli ijodiy safarga otlanishdi. O‘sha kezlari asl kelib chiqishi ona tomondan nemis millatiga mansub bo‘lgan Greys xonim homiladorlik davrini boshidan kechirayotgan edi. 27 noyabr kuni San-Fransisko shahrida ko‘zi yoridi.

«Yangi mehmon» o‘g‘il bola edi. Unga Li Syao Lun degan ism-sharif qo‘ydilar. Balog‘atga yetishi arafasida esa Li Chjen Fan deb atay boshladilar. Bu yigitcha keyinchalik butun dunyoga XX asr faylasuflaridan biri, afsonaviy kinoaktyor va kaskadyor, rejissyor, ssenariynavis, prodyuser, xitoy jang san’ati ustasi va islohotchisi, sahnalashtiruvchisi va ommalashtiruvchisi sifatida tanildi. Shuning barobarida Bryus Li taxallusini oldi. Sababi, u Xitoy taqvimi bo‘yicha Ajdaho yilining Ajdaho soatida, aniqrog‘i, ertalab soat 6 bilan 8 oralig‘ida dunyoga kelgan edi. Bryus Li so‘zlari birikmasi esa «Kichik Ajdaho» ma’nosini anglatardi. Vaqti-soati yetib, bu taxallus sabr-toqat va omad, yaxshilik va sadoqat, mardlik va matonat, epchillik va qat’iyat, ziyraklik va tinib-tinchimaslik timsoli sifatida tarix sahifalaridan o‘rin oldi.

Bu mubolag‘a emas, bor gap. Bryus Liga murg‘akligidanoq omad kulib boqdi. Uni uch oyligida «Qizaloqning oltin darvozasi» filmida yig‘loqi chaqaloq, olti yoshida «Odamzodning yaratilishi»da esa bebosh norasida obrazida suratga olishdi. O‘smirlik chog‘larida zaif va bechorahol yetim yoki fe’l-atvori og‘ir, o‘ta o‘jar va urishqoq ko‘cha bolasi rollarini topshirishdi. Bryus, garchi voyaga yetmagan, aktyorlik kasbining tub mohiyatini teran anglamagan bo‘lsa-da, o‘ziga bildirilgan ishonchni oqladi. Chunki qonida noyob qobiliyat bor edi.

Bundan tashqari, u hali suyagi qotmasidanoq sportga qiziqib, kurashning xitoycha usullari bilan shug‘ullana boshladi. O‘smirlik ostonasiga qadam qo‘yishi arafasida gonkonglik taniqli sport ustasi, shaolin maktabi murabbiyi Ip Menga shogird tushib, ushu va kung-fu sirlarini o‘rganishga kirishdi. Boshqa ustozlaridan cha-cha-cha raqsi, dzyudo, jiu-jist va boks saboqlarini oldi. Samarasi chakki bo‘lmadi. 14 yoshida shaharda cha-cha-cha bo‘yicha o‘tkazilgan chempionatda birinchilikni qo‘lga kiritdi. Maktablararo boks musobaqalarida qatorasiga uch yildan buyon g‘oliblik shohsupasini zabt etib kelayotgan Garri Elmsni mag‘lubiyatga uchratdi.

Bryus 17 yoshida Amerika fuqaroligini olish ilinjida kindik qoni tomgan San-Fransisko sari oshiqdi. Orzusi ushalgach, otasining sietllik tanishi Rubi xonimga qarashli restoranda bir muddat ofitsiant va oshpaz bo‘lib ishladi. Ayni chog‘da san’atga oshno tutindi. Hatto Edison texnik maktabida o‘qidi. So‘ngra Vashington universitetining falsafa fakulteti talabalari safiga qo‘shildi. 1964 yili o‘zidan yetti yosh kichik Linda Emiriga uylandi. Ketma-ket ikki farzand ko‘rdi. O‘g‘liga Brendon, qiziga Shennon ismini qo‘ydi. Shunday baxtli damlarida jang san’atiga bag‘ishlangan teleseriallarda suratga tushib, tomoshabinlarga tanildi. Bu bilan ham kifoyalanmay, kung-fu maktabini ochdi, yakkakurashning jit kun-do nomli maxsus yo‘nalishiga asos solib, shogirdlar tayyorlashga kirishdi. Biroq bu borada ishi yurishmadi. Boisi, izdoshlari to‘laydigan pullar ham, aktyorligi uchun oladigan mehnat haqlari ham sport to‘garaklari xarajatlarini qoplashga va moddiy-texnik bazasini mustahkamlashga yetmasdi.

Albatta, Bryus maktabni saqlab qolish choralarini izladi. Foydasi bo‘lmagach, qattiq aziyat chekdi. Omadi chopmaganidan hafsalasi pir bo‘lib, hammasidan voz kechdi. AQShni oilasi bilan birga tark etib, Xitoyga qaytdi.

Oyning o‘n beshi qorong‘i, o‘n beshi yorug‘

Aynan o‘sha kezlari Gonkongda «Golden Harvest» nomli yangi kinostudiya ochilgandi. Bryus Li studiya direktori Raymond Choudan «Katta boss» filmidagi bosh rolni o‘ziga topshirish va jangovar sahnalarni namoyish etishga ijozat berishini so‘radi. Iltimosi qanoatlantirilgach, shaxt bilan ishga kirishdi. Kino voqea-hodisalarini butunlay yangicha ruh va ko‘rinishda talqin qildi. Natija kutilganidan-da ziyoda bo‘ldi. San’at va sport shaydolari e’tiborini qozongan yangi film studiyaga mo‘may daromad keltirdi. Quvonchi ichiga sig‘magan direktor Bryus Liga «Shiddatli musht» va «Ajdahoning qaytishi» filmlarini ham suratga olishni topshirdi. Bu san’at asarlari ham keng jamoatchilik tomonidan iliq qarshilandi. Bryus esa kino yulduzlari safidagi o‘rnini yanada mustahkamladi.

U ijodiy faoliyati davomida san’at va sportni uyg‘unlashtirishga intildi. Shunga ko‘ra, avvalo, kung-fu bo‘yicha malakasini tinimsiz oshirib, o‘zi tamal toshini qo‘ygan jit kun-doni sayqallashtirib bordi. Ilk ustozi Ip Mendan o‘rgangan vin-chun usulini ham ko‘p va xo‘p qo‘lladi, keng targ‘ib qildi. Turli yillarda o‘zi yaratgan yoki bosh qahramon rolini ijro etgan «Ajdahoning chiqishi», «Ajdahoning yo‘li», «Ajdaho bilan olishuv», «O‘lim o‘yini» filmlari hamda «Yashil qovog‘ari», «Betmen», «Longstrit» seriallarida yakka kurash jarayonlarini mohirona aks ettirib, kung-funing chinakam ustasi sifatida namoyon bo‘ldi.

Zukko tomoshabinlar hammasidanam ko‘ra, past bo‘yli Bryus Lining o‘ta tez, dadil va aniq-tiniq harakatlariga qoyil qolishardi. Qalin taxtalar, pishiq g‘ishtlar va tosh parchalarini yalang‘och qo‘li bilan bir urib, maydalaganida hayratdan dong qotishardi. Binobarin, u shu qadar abjir-chaqqon bo‘lganki, hatto havoga itqitilgan guruch donasini ovqatlanish tayoqchasi bilan tutib olishni uddalagan. Ba’zi kishilar o‘zining kaftidagi tangani Bryus qanchalar tez almashtirib qo‘yganini sezmay ham qolishgan. Rasman qayd etilishicha, u 1 metrlik masofadan zarba berishga atigi 0,05 soniya vaqt sarflagan. Bir jangda 50 nafar kurashchini ko‘z ochib-yumguncha yiqitgan, boshqasida 11 soniyada 15 ta zarba berib, raqibini nokautga uchratgan. Shuningdek, u bir qo‘lining bosh va ko‘rsatkich barmoqlarini yerga qadab, birvarakayiga 50 martagacha yotib tura olgan.

Bryus Li nafsoniyatli, tartib-intizomli, o‘ziga g‘oyat talabchan va muloyim tabiatli yigit edi. Hamisha o‘zgalar hurmatini joyiga qo‘yardi. Sport mashg‘ulotlarida bajargan harakatlarini erinmay kundaligiga yozib bordi. Ularni tahlil qilib, joriy qo‘l jangi texnikasi va taktikasiga muayyan o‘zgartirishlar kiritdi. Jismoniy badantarbiya mashqlari majmuini takomillashtirishga, atletika bo‘yicha tayyorgarlik va trenajyor zalidagi mashg‘ulotlarga ham jiddiy e’tibor qaratdi. Ovqatlanish va qaddi-qomatni chiroyli ko‘rinishda saqlashning o‘ziga xos tartib-qoidalarini ishlab chiqib, kitob holida chop ettirdi. Xitoy yakkakurashining unutilayozgan an’analarini qayta tikladi. Qolaversa, 36 ta film yaratilishida faol qatnashib, sharqona jang san’ati G‘arbga ham yoyilishiga beqiyos hissa qo‘shdi.

Qilich boshni, ajal yoshni tanlamaydi

1973 yili Bryus Li og‘ir dardga chalinib, yotib davolanishga majbur bo‘ldi. Shu asno yakkakurash mavzusidagi «Yengilmas musht yo‘li» asarini yozib tugatdi. Shifoxonadan chiqqach, o‘zi yaqinda ochgan «Konkord» kinostudiyasida «O‘lim bilan o‘ynashish» kinofilmini suratga ola boshladi. Ammo ishni oxirigacha yetkazolmadi. 20 iyul kuni to‘satdan vafot etdi. Bu paytda u endigina 32 yoshni qoralagan, har tomonlama kuch-quvvatga to‘lib, ijodi gullab-yashnayotgan edi.

Gonkonglik shifokorlarning ta’kidlashicha, Bryus Li dastlab bosh og‘rig‘iga mubtalo bo‘lgan. Undan qutulish uchun tarkibida aspirin va meprobamat preparatlari mavjud «Ekvadjestik» habdorisini ichgan. U noto‘g‘ri iste’mol qilingani tufayli yopiq holatdagi miya shishini keltirib chiqargan va bevaqt o‘limga sababchi bo‘lgan.

Ekspertlar mayyitning miyasini yorib tekshirishdi. Lekin Bryus Li aynan habdori qurboniga aylanganini rad etishi mumkin bo‘lgan biron-bir tahlil o‘tkazishmadi. Shu bois hali marhumning qabri sovimay turib, mish-mishlar bolaladi, gazeta-jurnallar va radio-televideniyeda bahs-munozaralar avjiga chiqdi. Kimdir uni g‘animlari otib o‘ldirgani, kimdir kuchi tanasiga sig‘magani haqidagi taxminni aytdi. Bryus Lining yaqin do‘sti Chak Norris ularga qarama-qarshi o‘laroq, vrachlar tashxisini ma’qulladi. 1987 yili bosilgan «Ichki kuchlar siri: mening kechmishim» kitobida «U tabletka ichib, jon berdi» degan fikrni bildirdi.

Rossiyalik tadqiqotchi Yu.Nikolayev esa XXI asr arafasida ushbu masalaga oid ajabtovur dalilni ko‘pchilik e’tiboriga havola qildi. Uning yozishicha, kunlardan bir kuni Bryus Lini o‘ta kuchli raqiblari Okinava oroli atrofidagi yalanglikka yakkama-yakka jangga chaqirishadi. U favqulodda taklifni bajonidil qabul qiladi. Biroq maydonga bellashuvga shay navqiron yigitlar emas, 60–70 yashar jikkakkina otaxon kirib keladi. Bryus ajablanib, «Nima, siz men bilan olishmoqchimisiz?» deb so‘raydi. «Yo‘q, – deydi chol, – men sen haqingda ilgari ko‘p eshitganman. Endi yuzma-yuz uchrashay, deb keldim. Qani, menga jangda o‘zingni qanday tutishingni bir ko‘rsat-chi...»

Qariya gapini tugatgani hamono qoziqday mushtchasini oldinga cho‘zib, uning badaniga tegizadi. Keyin «Rahmat, o‘g‘lim! Sen haqiqatan buyuk karatechi ekansan!» deydi-yu, maydondan shoshilinch chiqib ketadi. Bryus esa hech narsaga tushunolmay, turgan joyida ancha vaqt angrayib qolaveradi. Bir hafta o‘tgach, u Gonkongdagi uyida jonsiz holda topiladi.

Emishki, Xitoy va Yaponiya ruhoniylaridan ayrimlari zimdan ibodatxona karatesi bilan shug‘ullanar, besh-o‘n yillab o‘zlarida allanechuk ilohiy kuch to‘plar ekan. So‘ngra qo‘llarini g‘animi tanasiga no‘qisa, boyagi quvvat uning vujudiga ko‘chib o‘tib, asta-sekin miyasi, yuragi va jigarini ishdan chiqarib, umriga zomin bo‘larkan. Taxminlarga ko‘ra, o‘sha chol ham ibodatxona karatesi sirlarini chuqur o‘zlashtirganlar sirasidan bo‘lishi ehtimoldan xoli emas ekan.

Shifokorlar tashxisi bilan Yu.Nikolayev mulohazasi o‘rtasida qandaydir bog‘liqlik bordek. Ya’ni ikkalasi ham bosh miya xastaligiga borib taqaladi. Ehtimol, bu tasodifiy o‘xshashlikdir, ehtimol, navbatdagi uydirma mahsulidir. Bu savollarga aniq javob topilmagani tufayli sevimli aktyor va sport ustasi o‘limining asl sababi hozirgacha mavhumligicha qolmoqda.

So‘ngso‘z o‘rnida. Bryus Li oldin Gonkong qabristoniga dafn etildi. Keyin jasadi Sietlga ko‘chirildi. Uning qabrini jang san’ati havaskorlari hozir ham tez-tez ziyorat qilib turishadi. Ko‘pchilik Bryus Li haqida olingan filmlarni berilib tomosha qiladi, hayoti, ijodiy faoliyati va xotirasiga bag‘ishlangan kitoblarni sevib o‘qiydi.

Ayni chog‘da, masalaning ikkita afsuslanarli jihati ham borligidan ko‘z yumib bo‘lmaydi. Birinchisi – Bosniya-Gersegovina Respublikasining Mostar shahrida Bryus Lining tinchlik ramzi sifatida o‘rnatilgan haykali negadir buzib tashlandi. Ikkinchisi – u hayot bilan vidolashganda zurriyoti Brendon yetti yoshli go‘dak edi. O‘sib-ulg‘aygach, ajdodlari izidan borib, aktyorlik kasbini tanladi. Ammo umri otasinikidan ham qisqa ekan, Brendon 1991 yil 31 mart kuni fojiali ravishda olamdan o‘tdi. Uni «Qarg‘a» filmi suratga olinayotganda taniqli aktyor Maykl Massi ehtiyotsizlik oqibatida otib qo‘ydi. Shifokorlar harchand urinmasin, umurtqa pog‘onasi qattiq jarohatlangan 28 yoshli yigitning hayotini saqlab qolisholmadi...

A.Haydarov.

 

 

 

 

 

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring