Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Buni umr derlar, shodlik, qayg‘uli. Ikki marta avtohalokatga uchragan Ma’murjon To‘xtasinovni eslab...

Buni umr derlar, shodlik, qayg‘uli. Ikki marta avtohalokatga uchragan Ma’murjon To‘xtasinovni eslab...

Goh radioda, goho televizorda bo‘lsin, O‘zbekiston xalq artisti Ma’murjon To‘xtasinov ijrosidagi qo‘shiq yangraganida quloqlarga xush yoqadi. Undagi ajib sehr nafaqat vujudimizda, balki jon tomirimizda sel kabi oqadi, co‘z va soz sehridan sarxush bo‘lamiz. Farg‘ona viloyati Oltiariq tumani Yangiqo‘rg‘on qishlog‘ining hofiz yashagan uy oldida bizni xonadonning o‘zi kabi oddiy, gul chehrasiga ayriliq, sog‘inch va hayot sinovlari o‘z izini qoldirgan mushtipargina Qimmatxon To‘xtasinova ochiq chehra bilan kutib oldi. Bu ayolning 56 yillik bosib o‘tgan umr yo‘li ham uning o‘zbek ayoliga xos nafosatu nazokatini o‘g‘irlay olmagan. Oddiygina, ammo barcha go‘zal xislatlarni o‘tirish-turishida, kiyinishida, nigohlarida, qo‘yingki, jismu jonidayu, muomalasiga jo qila olgan bu ayolga tahsin aytgim keladi...

– Eshitishimcha, Ma’murjon To‘xtasinovning otasi hali u onasining qornidaligidayoq O‘zbekis­ton xalq hofizi Ma’murjon Uzoqovdan tug‘ilajak bolasi o‘g‘il bo‘lsa, otini Ma’murjon qo‘yishga rozilik olgan ekan. Keyinchalik bir to‘yda 3 yoshli kichik Ma’murjonni qo‘lidan yetaklab, hofizga olib borib: «Shu bola ulug‘ san’atkor bo‘lsin», deya duosini olgan ekan. Shu haqda eshitganmisiz? 

– Ha, ko‘p eshitganman. 1958-yilda dadam (qaynotam demoqchi) Toshkentda, pedagogika institutining nemis tili fakultetida o‘qib yurgan kezlari ekan. O‘sha payt­­da qaynona-qaynotamning ikki bolasi bo‘lib, uchinchi farzandini kutayotgan ekanlar. Choyxonada xalq hofizlari Ma’murjon Uzoqov va Jo‘raxon Sultonov so‘rida qo‘shiq aytib o‘tirishgan, mening bilishimcha. Qaynotam ularni tasodifan ko‘rib qolib, choy tashib, xizmatlarini qilgan. Shunda ular qaynotamni duo qilishgan. O‘sha paytda havas qilib, o‘g‘il ko‘rsam otini Ma’murjon qo‘yaman, deb niyat qilgan va niyatlariga yetgan...  

Biz u kishi bilan bitta joyda, «Beklar» mahallasida tug‘ilib o‘sganmiz. U kishi mana shu uyda, biz esa to‘rtta uy naridagi hovlida yashardik. 

– Birga o‘ynab-o‘sganingiz uchun bir-biringizni yaxshi bilar ekansizlar-da? 

– Yo‘-o‘q, men uyimizga sovchi bormaguncha ko‘chamizda shunday yigit yashashini bilmaganman. Bo‘lmasa uylarimiz bir-biriga shundoqqina ko‘rinib turadi. Chunki u kishi tumanimiz markazidagi 1-sonli rus tiliga ixtisoslashtirilgan o‘rta maktabda tahsil olgan. Men esa qishlog‘imizdagi 4-sonli maktabda o‘qiganman. Endi o‘ylasam, kichkinaligimizda har tong u kishi bu tomonga, men boshqa tarafga maktabga ketgan ekanmiz. U paytlarda hamma, hatto maktab o‘quvchilari ham sentyabrdan to dekabrning oxirigacha paxta terishga ketardi. Qaynsinglim paxtada meni yoqtirib qolgan va ota-onasiga kelinlikka tavsiya qilgan ekan.

1983-yilda 10-sinfni tugatayotgan kunlarim edi. Iyun oyida uyimizga qaynotam sovchi bo‘lib chiqqan. U paytlarda qizlarni erta turmushga berishardi. Yoshimiz orasidagi farq sakkiz yil edi. O‘shanda onam mening yonimga bir rasm olib kirib, «manovi bola ekan, ko‘r-chi», deganlar. Bir ko‘rib, bosh­­qa qaramabman ham. O‘sha-o‘sha chiroyli surati ko‘z oldimda qolgan. Juda chiroyli yigit edi...

– Rasmini ko‘rib rozilik berdingizmi?

– Yo‘q, u paytlari qizdan rozilik so‘ralmasdi, mendan ham so‘rashmagan. U kishi ham, qizning rasmini olib chiqinglar, degan ekan. O‘shanda biz — bitiruvchi o‘quvchilar maktabda vinetka uchun rasmga tushgan edik. O‘shani olib chiqib ko‘rsatishsa, «bo‘luvradi», debdi... Shu bilan to‘yimiz bo‘lib ketdi.

To‘ygacha bir marta uchrashishgan.

– To‘ygacha uchrashuv bo‘ldimi?

– To‘ydan oldin nikohdan o‘tish uchun ariza berishga mahallamiz boshidagi selsovetga borganmiz. U kishining «Mos­kvich» mashinasi bor ekan. Qaytishimizda bizni uyga yaqinroq joygacha olib kelib qo‘ygan. O‘shanda yonimda tursa ham ko‘rmaganman, ya’ni yuziga qaramaganman, qaray olmaganman. 17 yoshli qiz edim, borib hujjatga qo‘l qo‘yib kelaveribman.

Harbiy xizmatda.

– Ota-onangiz artistga qiz bermaymiz deyishmadimi?

– Yo‘q, u paytda artist emas edi-da. Qo‘qondagi avtomobil yo‘llari texnikumini tugatib, madaniyat uyi­­da ishlagan, keyin harbiy xizmatga borib, Toshkentda Ikromjon Bo‘ronov rahbarligidagi harbiy ansamblda Turg‘un Beknazarov, Muhriddin Xoliqov bilan birga 2 yil xizmat qilgan. San’atga qiziqishi ustun kelib, Toshkent madaniyat institutiga o‘qishga kirib, 1-bosqichni tugatayotgan paytlari edi. Mana shu hovlida to‘yimiz bo‘lgan. Taxtalardan o‘rindiq qilinib, mehmonlarga joy qilingan, bir fayzli to‘y bo‘lgan.

– To‘ydan keyin haqiqiy oilaviy hayot boshlanadi. Bu xonadondagi turmush tarzi sizning oilangiznikiga o‘xsharmidi?

– Mening onam kolxozchi bo‘lib, Farg‘ona kanalini qazishda ishtirok etgan ayollardan. Otam dehqon edi. Bu oiladagilar esa aksincha, hammasi o‘qimishli, ziyoli, madaniyatli odamlar bo‘lib, faqat men o‘qimagan edim. Qaynotam Salim aka To‘xtasinov maktabda nemis tilidan dars berardi. 40 yil shu sohada ishlaganlar. Qaynonam rahmatli Nasibaxon aya uy bekasi bo‘lsa ham to‘n tikib sotib, ro‘zg‘orga qarashar edi. Juda oqila ayol bo‘lganlari uchun shu kishiga o‘xshasin deb, qizimga buvisining ismlarini qo‘yganmiz. Qaynotam bolalaridan a’lo o‘qishni qattiq talab qilar, qaynonam esa ularning o‘qishi, yumushlarini o‘z vaqtida bajarishini nazorat qilardilar. Keyinchalik qaynsingillarimning hammasi o‘qituvchi bo‘lishdi. Oila davrasida doimo ilmiy suhbatlar, tortishuvlar, bahslar bo‘lardi. O‘shanday paytlarda oliy ma’lumotim yo‘qligi uchun ularning suhbatiga qo‘shilolmasdan jim o‘tirar, ich-ichimdan qiynalardim. Qaynotam meni ins­titutda o‘qitmoqchi ham bo‘lgan. Ammo ketma-ket bolalarimiz tug‘ilgach, vaqt topolmadim...

Oilasi bilan.

– 17 yoshli kelinchakning 5 nafar qayn­singil bilan murosa qilishi, ro‘zg‘or ishlarini eplab ketishi oson bo‘lmagandir?

– Qaynotam ovqatga injiqroq edi. Shuning uchun ovqatni qaynonam tayyorlar, men boshqa yumushlarni bajarar edim. Ishonasizmi, sakkiz yilda oshni obi-tobida, qaynotamga yoqadigan qilib pishirishni o‘rganganman. Shungacha qaynonam osh damlardi-yu, «ana endi oshni solib kelavering», derdi. Qaynsingillarim esa opa-sing­limday edi, bolalarimni katta qilishda ko‘p yordam berishgan.

Turmush o‘rtog‘im juda ko‘ngilchan, og‘ir, bosiq va to‘g‘riso‘z inson edi. Ba’zi erkak­larga o‘xshab ziyofatu choyxonalarning shinavandasi emas, ishdan bo‘shashi bilan uyga, oilasi, bolalari yoniga shoshardi. To‘yimizdan 15 kun o‘tib, Toshkentga o‘qishga ketdi, ammo har juma kuni poyezdda, albatta, uyga kelardi. U paytlari hovlimizning bir tomonida devor yo‘qligi bois ochiq dala bo‘lib, nima ish bilan mashg‘ul bo‘lsam ham ko‘z qirimni shu tomonga tashlab qo‘yardim. Bir qarasam, jilmayib kelayotgan bo‘lardi, hozirgacha ko‘z oldimda turibdi. O‘qishlarini tugatguncha shunday yashadik.

1986-yilda, ya’ni o‘qishni tugatish arafasida televideniyeda qo‘shiqlari berilib, ancha tanilib qoldi. Bir qizimiz bor edi. O‘g‘limning tug‘ilishi juda qiziq bo‘lgan. U kishi biz bilan yangi yilni kutishga keldi, men esa qaynonam bilan tug‘uruqxonaga ketdim. O‘shanda shunday xursand bo‘lganki... U paytlari erkaklarning tug‘ruqxonaga borishi uyat hisoblansa ham qaynotam va xo‘jayinim chaqaloqni ko‘rgani borishardi. O‘g‘limizning ismini o‘zlari Umidjon deb qo‘ygan.

– Hofiz ko‘pincha to‘ylarda, el xizmatida yurishi tabiiy. Qo‘shiqlariga raqqosalar o‘ynaganida, ba’zida hamkasaba ayollar uyga qo‘ng‘iroq qilib bezov­­ta qilishsa qanday holatga tushardingiz? 

– Jahlim chiqardi, albatta. Ammo ichimga yutardim. Ayniqsa, 1990-yilda «Yaxshilig‘» qo‘shig‘ini aytganidan keyin bezov­­ta qiladigan ayollar soni ko‘payib ketdi. Uyi­mizga telefon qilib so‘rayverishardi, «chaqirib bering, tanishiman», deyishardi. Ammo u kishi, «meni uyda yo‘q denglar» der, biron marta telefon go‘shagini o‘zi ko‘tarmasdi. Ayol bo‘la turib, erkak kishining uyi­­ga qo‘ng‘iroq qilib, xotinidan uning erini so‘rashganiga hayron qolardim. Mobil telefon endi urf bo‘layotgan pallalar edi. Bir kuni, hatto taniqli shoira ayol Muyassar Otajonova qo‘ng‘iroq qilib, «Ma’murjon bormi?» desa, «Nima qilasiz?» debman. «Noto‘g‘ri tushundingiz, shekilli, men shoiraman, she’rlarimni bermoqchiman», desa xijolat bo‘ldim. Uning ko‘p she’rlarini qo‘shiq qilganlar.

– Turmush o‘rtog‘ingiz uyga kech kelgan paytlarida shubha tufayli bosh­langan janjalga qaynona-qaynotangiz aralasharmidi?

– Yo‘q, bizning biron gapimiz xonamizdan hovliga chiqmasdi. Chunki qaynona-qaynotamning salobati, hurmati bor edi. Ularga hech nimani sezdirmasdik. Kattalar bor uyda kelinning bunaqa mayda-chuyda gaplarni gapirishi uyat-ku. Hozir mening ham uch kelinim bor. Ular ham oldimda andisha qilishadi. Hurmatimni qilishadi. Baribir qaynona-qaynotali uy boshqacha bo‘ladi.

Qaynotam farzandlarini nazoratda ushlar, havolanib ketmasin, noto‘g‘ri yo‘lga yurmasin der, juda aqlli odam edi. «Kelin, agar o‘g‘limning ichib yoki chekib kelganini sezsangiz, darrov menga ayting. Aytmasangiz sizdan xafa bo‘laman», derdi. 

– Aytarmidingiz?

– Nimani aytaman, u kishining bunday yomon odatlari bo‘lmasa... O‘zi ham, do‘st-yorlari ham juda yaxshi odamlar edi.

Qaynakam ikki farzandli bo‘lganida avtohalokatga uchrab, olamdan o‘tdi. Bu kishi ota-onasining yolg‘iz suyanchig‘iga aylanib qoldi. Balki men kelin bo‘lib tushgunimga qadar ko‘p azob chekkan, taqdir sinovlariga uchraganligi tufaylidir. Bu kishi armiyadan kelgach, dekabr oyida qo‘shnimiz qarindoshinikiga to‘yga olib ketgan, qaytishda quyuq tuman bo‘lganligi uchun shofyor yo‘lni ko‘rolmay mashinani katta zovurga qarab haydagan, natijada qo‘shnim va yana bir kishi olamdan o‘tgan, ikki kishi uzoq davolanishdan keyin hayotga qaytishgan ekan. Shulardan biri Ma’murjon aka bo‘lib, jarrohlik operatsiyasida oyog‘ining ezilgan qismini kesib tashlagach, ikki-uch yilcha to‘shakka mixlangan, ammo joni omon qolgan, o‘ng oyog‘i kalta bo‘lib, oqsaydigan bo‘lgan ekan.

– Tuzalib ketgach, yana to‘ylarga, el xizmatiga chiqib ketgan-da?

– Ha, shunda qaynotam, agar qo‘shiq aytmoqchi bo‘lsang, avvalo, institutda o‘qiysan, deb shart qo‘ygan ekan. Shundan keyin o‘qishga kirib, institutni tugatib kelgach, Oltiariq madaniyat uyida badiiy rahbar, musiqa maktabida o‘qituvchi bo‘lib ishlab, 1997 yildan «O‘zbeknavo» birlashmasining Farg‘ona viloyat bo‘limida yakkaxon xonanda sifatida faoliyat yurita boshladi. Qayerda ishlamasin, bir zum ijoddan to‘xtamasdi. Mumtoz ashulalarni farg‘onacha ijro uslubida kuylaganida odamlar butun vujudi bilan tinglardi. Bundan tashqari, «Layli va Majnun», «Shahzoda va Malika», «Kecha va kunduz», «Bobur» videofilmlarida kuylagan mumtoz va o‘zi bastalagan ashulalari betakror musiqiy asarlardir. Ma’murjon aka mehnatining samarasi sifatida 1998-yilda Xalqaro Bobur mukofoti sovrindori bo‘ldi.

– Xonandaning «Yaxshilig‘» qo‘shig‘ining o‘zi mukammal ijro. Yaratilganiga 30 yildan oshgan bo‘lsa ham hamon qo‘shiq ixlosmandlarining sevimli durdonasi hisoblanadi. Uning yaratilish tarixidan xabaringiz bormi?

– Fattoh aka degan yaqin insoni Ma’murjon akamni «Yoshlar kuylaganda» konsert dasturiga taklif qilgan va videofilmga mos ovoz egalarini saralab yurgan rejissyor Maqsud Yunusovga «Bugun Oltiariqdan bir yigit keladi, eshitib ko‘ring-chi, sizga ma’qul bo‘lar», debdi. Rejissyorga haqiqatan Ma’murjon akaning qo‘shiqlari va ovozi yoqibdi, kuyga solib, tayyorlab kelishi uchun o‘nga yaqin she’r berib yuboribdi. U kishi o‘sha she’rlarni uyda o‘tirib, qo‘shiq holatiga keltirdilar. O‘ziga ma’qul bo‘ladigan darajaga yetgach, avvalo, dadamga aytib berdi. Ular bilan birga biz ham eshitdik. Qaynotamning qulog‘iga yoqqach, oq fotihasini olib, ovoz tasmasiga yozdirish uchun Toshkentga ketdi. Shu asnoda «Yaxshilig‘» qo‘shig‘i paydo bo‘ldi.

– Hofizning nafaqat «Yaxshilig‘», balki «Buni umr derlar», «Nima qoldi?» kabi ko‘plab qo‘shiqlari juda mashhur.

– U kishi uncha-muncha she’rni qo‘shiq qilishga shoshmasdi. Ko‘p kitob o‘qir, ular orasida romanlar, qissalar, she’riy asarlar bo‘lar edi. Shular ichida o‘ziga yoqadigan she’r chiqib qolsa, olib qo‘yar, vaqti kelganda kuyga solardi. Umrboqiy mavzularni, do‘stlik, insoniylik, mehr-oqibat, sadoqat haqidagi she’rlarni yaxshi ko‘rardi. Hech qachon to‘ybop qo‘shiqlar, obro‘ keltirish uchun ashula aytmas edi, yangi qo‘shiqlari o‘z-o‘zidan odamlarning ko‘ngliga yoqar va ommalashib ketardi.

1998-yilda toshkentlik taniqli bir san’atkor qiz uzatayotgan ekan, to‘yga turmush o‘rtog‘imni taklif qildi va u ketdi. O‘shanda ikkinchi marta avtohalokatga uchradi. U vaqtda qaynonam olamdan o‘tgan, qaynsingillarim turmushga chiqib ketgan, qo‘limda kichik qizcham, yana to‘rt nafar bolalarim bor edi. Besh bola bilan qayerga boraman?..

Bu gal shof­­yor yo‘ldan chiqib ketib, bu kishining oyog‘i yana o‘sha joyi­dan singan ekan. Bir oy Toshkentda yotdi, shu vaqt ichida qaynotam rahmatli ikki katta bolamni uyda qoldirib, meni va uch bolamni olib, bir martagina ko‘rsatib keldilar... Bir oydan so‘ng bir amallab uyga olib kelishdi. Bir yilcha qimirlamay yotdi. Turish, yurish mumkin emas edi. Ahvolini ko‘rib biz chidolmasdik. Lekin shunchalar irodali, sabr­­li ediki, joni og‘risa ham biron marta nolimasdi. U kunlarni eslashni ham istamayman...

Hayotning har bir tashvishi — sinov deganlaridek, o‘shanda men u kishining sadoqatli, mehr-oqibatli do‘stlari borligiga guvoh bo‘lganman. Do‘stlari yolg‘izlatib qo‘yishmadi. Mahalla-ko‘y, tanish-bilish, qo‘ni-qo‘shnining ham oyog‘i uyimizdan uzilmadi. Oqibatli odamlar yashash uchun kurashga kuch berdi. Bir yildan keyin oyoqqa tura boshladi, ikki yil o‘tgach, 2000 yili «Turkiston» san’at saroyida konsert berdi.

«Sizlar borsangizlar xayolim buziladi», deb bizni olib ketmagan. U kishining bir og‘iz so‘zi biz uchun tillolardan a’lo bo‘lib, ko‘nglimiz shukronaga to‘la, hali tamoman tuzalmagan bo‘lsa ham sahnaga, umuman hayotga qaytganidan xursand edik... Televizorda tomosha qildik. Konsertga shunchalar ko‘p muxlis kelibdiki, san’at saroyiga odam sig‘mabdi. O‘sha yili O‘zbekis­ton xalq artisti unvoniga sazovor bo‘ldi. Bu e’tirof hofiz uchun nafaqat mukofot, hayotidagi og‘ir kunlardan keyingi ruhiy qo‘llab-quvvatlash, katta olqish, qora bulutdan keyin charaqlab chiqqan quyosh kabi edi. 

– Ma’murjon To‘xtasinov hofiz bo‘lmaganida kim bo‘lardi, deb o‘ylaysiz?

– Shifokor bo‘lardi. Chunki juda ko‘p eshitganman: «shifokorlik juda yaxshi kasb-da», deganini. Balki shifokorlarning beminnat xizmatlari tufayli sog‘lig‘i tiklanganligi uchundir. Ehtimol bu kasb egalarining odamlarga ko‘proq nafi tekkanligi sabablidir.

– Hofiz mahalla-ko‘y, qo‘ni-qo‘shnilarning to‘ylarida xizmat qilgan bo‘lishi tabiiy. Oltiariqda xonandalar o‘zi yashaydigan tuman ahli to‘y qilsa, ulardan xizmat haqi so‘ramas ekan. Bu odatga qanday qarardi?

– Tumandoshlarimizdan xizmat haqi olmasdi. Nochorroq oilalar bo‘lsa, odamlar qistirgan pullarini ham uy egasiga tashlab kelardi. Xayr-saxovatni yaxshi ko‘rardi. Bularni ham biz odamlarning uni duo qilib, xursand bo‘lib gapirganidan bilardik. Bunaqa narsalarni aytib bo‘lmaydi, gapirsa xayri ham qolmaydi aslida.

– Bugun ustoz san’atkorning farzandlari ulg‘ayishgan. Ular orasida otasining izidan borayotganlari bormi?

– Katta qizimiz Adolat kulolchilar oilasiga kelin bo‘lib tushgani uchunmi, kulol. Qolgan bolalarimizning hammasi san’at sohasida ishlashadi. O‘g‘illarimiz oliy ma’lumotli: Umidjon 14-bolalar musiqa va san’at maktabida musiqa o‘qituvchisi, Uyg‘unjon shu maktabda direktor o‘rinbosari, O‘tkirbek Farg‘ona san’at kollejida musiqa o‘qituvchisi bo‘lish bilan birga, aka-singillari bilan musiqa va san’at maktabida ham ishlaydi. Ularning ovozi ham, san’atga qiziqishi ham, hatto fe’l-atvori ham otasinikiga o‘xshaydi. Kichkina qizim Nasibaxon ham akalari bilan birga ishlaydi, u bolalarga dutor chalish sirlarini o‘rgatadi. O‘g‘illarim el xizmatida, otasining qo‘shiqlarini aytadi, o‘zlari yangi qo‘shiqlar yaratadi. Ovozlari tiniq va jarangdor. 14 nafar nevaramiz orasida san’atga qiziqadiganlari ham borligidan quvonaman. Uyg‘unjonning bolasiga unga o‘xshab elda aziz inson bo‘lsin, degan yaxshi niyat bilan bobosining otini qo‘yganmiz.

Rafiqasi va farzandlari.

– Umidjon To‘xtasinov «Bekligimni ko‘rmagan otam» qo‘shig‘ini:

Erkalanib chin suyolmadim,

Ko‘zingizga termulolmadim,

Zarchoponlar olib berolmadim,

Peshonamga sig‘magan otam,

Bekligimni ko‘rmagan otam,

— deya dard bilan kuylagan…

– Bu aslida Sayyora To‘ychiyevaning she’ri bo‘lib, qaynonam olamdan o‘tganidan keyin ancha vaqt o‘tib, Ma’murjon aka kuylagan «Bekligimni ko‘rmagan onam» qo‘shig‘idir. Otasi vafot etganida Umidjon uylanib, endigina qizchalik bo‘lgan payti edi. Hali bunday ayriliqqa tayyor emasdi. Uning sog‘inchi dunyolarga sig‘madi shekilli, judayam o‘rtandi. «Onajon, dadamning shu qo‘shig‘ini otamga bag‘ishlab aytay», dedi. Rozi bo‘ldim. Shoyad hamma dardi shu qo‘shiqdagi nolasi bilan chiqib ketib, biroz yengillashsa, dedim...

– Turmush o‘rtog‘ingizning qaysi qo‘shig‘ini yaxshi ko‘rib tinglaysiz?

– Hammasini yaxshi ko‘raman, ammo «Buni umr derlar» qo‘shig‘ini boshqacha mehr bilan tinglayman… 

Kimdur eshik ochar, kimlardur yopar,

Kimdur malham bo‘lar, kimlardur qopar, 

Kimdur sokin daryo, kimlardur chopar,

Buni umr derlar kunduzli, tunli,

Buni umr derlar, shodlik, qayg‘uli… 

Negadir shu qo‘shiq menga madad berayotgandek, ikkalamizning hayotimiz haqida so‘zlayotgandek, oramizdagi uzilmas rishtaga o‘xshaydi... Hofiz ruhan biz bilan birgadek tuyulaveradi, hamisha ko‘nglimda, yonimda yurgandek...

– Xalq sevgan hofiz Ma’murjon To‘xtasinov bilan o‘tgan umringizning turli sahifalari haqida gapirsangiz. Ya’ni, har birimizning hayotimizda bo‘ladigan oq va qora ranglar xususida.

– Yorqin ranglar — Ma’murjon akaning jismidan dard bir oz chekingan, u oyoqqa turgan kunlar quvonchini hech narsa bilan baholay olmayman. O‘sha kunlari men yashamadim — go‘yo osmonlarda uchib yurdim. Qora ranglar... 2010-yilda oyoqlari og‘rib yurganida kutilmaganda shifokorning Ma’murjon akaning jigaridagi davosiz dard haqidagi qo‘rqinchli tashxisi va oradan olti oy o‘tgach sodir bo‘lgan dahshatli voqea bilan bog‘liq...

Odamlarning mehru muhabbatiga, hurmatu ehtiromiga sazovor bo‘lgan xalq sevgan hofiz bugun oramizda yo‘q. Ammo u o‘zining yuz bora eshitsang ham yana ting­laging kelaveradigan, shirali ovozi bilan muxlislarini sehrlab qo‘yadigan, har gal eshitganingda ruhiyatingni san’atning bepoyon kengliklariga olib ketadigan o‘lmas qo‘shiqlari bilan har bir muxlisining ko‘ngil uyida abadiy yashayveradi. Insonlarni ezgulikka, yaxshilikka chorlovchi, o‘zidan yaxshi nom qoldirishga undovchi qo‘shiqlari esa har bir o‘zbek xonadonida, har kuni yangrayveradi.

Saodat Matyoqub qizi suhbatlashdi.
(«Adolat» gazetasidan)

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring