Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Buxoroda «Chor Bakr turizm qishlog‘i» barpo etiladi

Buxoroda «Chor Bakr turizm qishlog‘i» barpo etiladi

Buxoroda kechayotgan bunyodkorlik ishlari, jumladan, tarixiy-etnografik park hamda «yashil hududlar» qatori turizm qishloqlarining bosqichma-bosqich oshayotgani o‘lka infratuzilmasini yanada boyitishga xizmat qilmoqda. Buxoro viloyat hokimligi axborot ximati rahbari Olim Jo‘rayevning «Xabar.uz»ga ma’lum qilishicha, tez kunlarda Buxoro tumanining Shergiron mahallasida ham yana bir tarixiy boy maskan «Chor Bakr turizm qishlog‘i»ni barpo etiladi.

2024-yil avgust oyida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Buxoro viloyatida kichik va o‘rta biznesni qo‘llab-quvvatlash, xizmat ko‘rsatish va turizmni rivojlantirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori imzolangan edi. Unga ko‘ra «Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi» tomonidan  respublika Iqtisodiyot va moliya vazirligiga Buxoro viloyatidagi loyihalarni moliyalashtirish uchun 5 yil muddatga, jumladan, ikki yillik imtiyozli davr bilan 100 million AQSh dollari miqdorida foizsiz kredit mablag‘i ajratilgan.  Bu sarmoyaning 60 million dollari davlat dasturlari asosida kichik va o‘rta biznes, xizmat ko‘rsatish va turizm loyihalarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash uchun foizsiz mablag‘, 40 million dollari esa infratuzilma loyihalarini moliyalashtirish uchun foizsiz budjet ssudasi hisoblanadi. Ayni kunda viloyatning barcha shahar va tumanlarida bosh loyihalar asosida tarixiy-me’moriy qiyofani yaxshilash, aholi, tadbirkor va sayyohlar uchun qulay sharoit yaratish, turistik, ko‘ngilochar, gastronomik, savdo va xizmat ko‘rsatish faoliyatini rivojlantirish maqsad qilingan, deydi Olim Jo‘rayev.

Mazkur qarorga muvofiq, Buxoro tumanidagi Shergiron mahalla fuqarolar yig‘iniga qarashli Chor Bakr qishlog‘iga «Turizm qishlog‘i» maqomini berish loyihasi ustida ish boshlangan. Rejaga ko‘ra, qishloqda 900 metr masofada o‘ndan ortiq turistik ko‘ngilochar, gastronomik shaxobcha va xizmatlar faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.

Nega Chorbakr tanlandi?

Mas’ullarning qayd etishicha, Buxoro shahriga yondosh va yaqin manzilda joylashgan «Chor bakr» majmuasi tarixan qadimiy va ulug‘ qadamjo bo‘lib, muborak ziyoratgoh sifatida uni turizm qishlog‘iga aylantirish ko‘zda tutilgan.

Tarixga ko‘ra, ushbu manzilda X asrda yashab o‘tgan Buxoro xoni Abdullaxon II (XVI asr)  dafn qilingan. Majmua Abu Bakr Sa’d Yamaniy hamda uning o‘g‘li Abu Bakr Ahmad ibn Sa’d tomonidan qurilgan. «Abu Bakr» aslida ism emas, balki nisbat, ya’ni unvon, laqabdir.

X asrda «Abu Bakr» unvoni bilan mashhur bo‘lgan imomlar orasida Abu Bakr Sa’d Yamaniyning nomi ko‘proq tilga olingan. U Jo‘yi Mo‘liyon va Sumitan qishlog‘ida qator inshootlar, xususan, bog‘-rog‘ yaratib sarhovuz, sardoba, tegirmon, hammom, bozorcha qurdirgan. Xoja Sa’d vafot etgach, vasiyatiga ko‘ra, uning jasadi Sumitandagi qadimiy qabristonga ko‘milgan. Keyinchalik bu joy, ya’ni Chor Bakr majmuasi jo‘yborlik payg‘ambar avlodlarining mangu oromgohiga aylangan.

Abu Bakr Ahmad ibn Sa’d esa ko‘plab shayx va avliyolarga ustozlik qilgan. Ayrim tarixchi olimlar Xoja Sa’d bilan Abu Bakr Ahmad ibn Sa’dni bitta odam, deb yozishadi. Ammo, imom Husayn shajaranomasida ular ota-o‘g‘il bo‘lganliklari ko‘rsatilgan.

Boshqa bir tarixiy manbalarda esa yana bir Bakr sifatida Abu Bakr Tarxon ham tilga olinadi. U IX asrning ikkinchi yarmida tug‘ilgan bo‘lib, Buxoroyi Sharifning yirik shayx va imomlaridan biri bo‘lib yetishgan. Abu Bakr Tarxon «Jome’ val musnad» kitobi muallifi, 945 yili Buxoroda vafot etgan va shahar atrofidagi qabristonda dafn etilgan.

Majmuaga tashqi tomondan nazar solganda, 3 qavatga o‘xshab ko‘rinsa-da, aslida, 5 qavatli bo‘lib, 30 ta hujradan iborat. Xonaqohda amri ma’ruf tinglangan, hujralarda esa majmua xizmatchilari istiqomat qilishgan va ziyoratchilar dam olishgan. To‘rtta Bakrdan ikkitasi — Abu Bakr Tarxon va Abu Bakr Hamid Buxoro shahri ichida joylashgan Dahmai Shahidonda dafn qilingan.

Bakrlar, ya’ni Chor Bakr majmuasi asrlar davomida ziyoratgoh sifatida e’zozlanib kelingan. Biroq, sho‘rolar hokimiyati yillarida uning ko‘pgina obidalari yemirila boshlagan. Ming yillar davomida ushbu majmua ta’minoti uchun ajratilgan vaqf mulklari Sho‘ro davlati hisobiga o‘tkazilgach, uni ta’mirlashga mablag‘ ajratilmagan. Bildirilishicha, Buxoro viloyat davlat arxivi fondlarida saqlanayotgan «Buxkomstaris» hujjatlarida Chor Bakr majmuasi o‘tgan asrning 30-yillari o‘rtalariyoq ta’mirtalab bo‘lib qolgani haqida hisobotlar mavjud.

Tabarruk zotlarga ehtirom

1999-yilda «Buxoroyi Sharif» jamg‘armasi huzurida Chor Bakr me’moriy majmuini ta’mirlash direksiyasi tashkil etilgan. Ushbu ta’mirlash ishlariga 11 487 ta korxona, tashkilot, jamoa xo‘jaliklari, shirkati, tuman hokimliklari jalb qilingan. Ta’mirlash ishlari ko‘lami 6 gektar maydonni qamrab olgan. 1930 yildan boshlab, Chor Bakr majmuasi hududida noqonuniy ravishda qurilgan 35 xonadon buzilib, ularning o‘rniga bog‘-rog‘lar barpo etilgan. Qadimiy hovuz va toshquduq qayta tiklangan. XX asrda qarovsiz qolgan bu joy 2000 yil avgustida to‘liq ta’mirdan chiqarilgan.

– Bugun ana shunday obidalarga e’tibor yanada ortmoqda. Nafaqat, yurtdoshlarimiz, balki, xorijlik mehmonlar ham tariximiz, madaniy yodgorliklarimizga katta qiziqish bildirayapti. Ushbu maskanlarga sayyohlar oqimini oshirishga qaratilgan chora-tadbirlar ham har qachongidan faollashgan. Asosiysi, tariximizni boricha asrab, uni yanada go‘zal va zamonaviy tarzda namoyon etib, ushbu maskanda Turizm qishlog‘ini barpo etish tabarruk zotlarga hurmat bajo keltirish hamda ularnig ezgu ishlarini el-yurtga ibrat qilib ko‘rsatishdir, – deydi Olim Jo‘rayev.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring