Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Buxoro «Ark»ida «Arxeologik park» yaratildi (foto)

Buxoro «Ark»ida «Arxeologik park» yaratildi (foto)

Foto: Xabar.uz

Buxoroda sharif shaharning bosh me’moriy obidasi – Ark qo‘rg‘onida «Arxeologik park» yaratildi. Mazkur go‘sha naq 103 yildan buyon shahar mehmonlari va sayyohlari berk bo‘lgan. Bu haqda «Xabar.uz»ga viloyat hokimligi axborot xizmati rahbari Olim Jo‘rayev ma’lum qildi.

Ma’lumki, Buxoro hisori, ya’ni shaharning qadimgi qismi, deya nom olgan «Ark» qo‘rg‘onining qurilish davri miloddan avvalgi IV asrga borib taqaladi. Turkiy xalqlar davlatchiligi asoschisi Alp Er To‘nga yoki Afrosiyob nomi bilan bog‘langan, uning kuyovi Siyovush tomonidan barpo etilgani aytilgan Ark qo‘rg‘oni Buxoroning uch ming yildan ziyod tarixini o‘z bag‘rida yashirgan.

Tarixga ko‘ra, shahar ichidagi shaharcha maqomini olgan bu qasrning jozibasi uzoq yillar davomida to‘liq namoyon bo‘lmagan. Sababi 1920 Buxoroni ishg‘ol etish paytida qadimiy qo‘rg‘onning uchdan ikki qismi butkul vayron qilingan, shu boisdan mazkur hudud sayyohlar nazaridan «ihotalangan».

Milliy madaniy merosni asrab-avaylash va ularni turizmni jadal rivojlantirish yo‘lida qayta tiklashga qaratilgan islohotlar natijasida Buxoro Arkida ham keng ko‘lamli restavratsiya va ta’mirlash-tiklash ishlari bajarila boshlangan edi.

«Ayni kunda qariyb, 4 gektar maydonni egallagan Ark qo‘rg‘onining vayronaga aylangan qismida xorijiy va mahalliy sayyohlar uchun yangi turistik maskan – «Arxeologik park» tashkil etilgani qo‘rg‘onning turizm saylgohi sifatida qayta tiklash imkonini beradi. Aniqrog‘i, mazkur «Arxeologik park»da shahar mehmonlari qal’aning bizgacha saqlanib qolgan asosini ko‘rib, qazishma ishlari bilan tanishib, ko‘hna Buxoro manzaralarini kuzatishlari mumkin. Istaklariga ko‘ra, sayyohlar arxeologik qazishma ishlarida ham bevosita ishtirok etadilar»,-dedi viloyat hokimining o‘rinbosari Botirjon Shahriyorov.

Kuni kecha ichki va tashqi sayyohlik tarmog‘ini yanada rivojlantirishga xizmat qiladigan «Arxeologik park»ning ochilish marosimi o‘tkazildi.

Botirjon Shahriyorovning aytishicha, ushbu tarixiy makon qayta tiklangan sayyohlik maydoni sifatida xorijiy turistlar va mahalliy aholi uchun yangi eksklyuziv turistik ob’yekt bo‘lib xizmat qiladi.

YuNESKO tomonidan qo‘llab-quvvatlanib, Fransiyadagi mashhur Luvr muzeyi olimlari hamkorligida amalga oshirilayotgan mazkur loyiha doirasida qadimiy g‘isht bo‘laklari va toshlardan yo‘laklar, ayvonli shiypon barpo etilib, sayyohlar uchun bir qator qo‘shimcha qulayliklar yaratilmoqda.

«Arxeologik park»ning ochilishida loyiha ishtirokchisi, respublikada taniqli arxitektor Yelizaveta Nekrasova restavratsiya va ta’mirlash-tiklash ishlari jarayonida Ark qo‘rg‘oni orqa tomonining, chamasi, 120 metrli devor qismi pishgan g‘isht bilan qoplangani ham uning tarixiy ahamiyatini yo‘qotmaganini bildirgan.

Mutaxassislarning so‘ziga ko‘ra, hududda qisman saqlanib qolingan Abdulg‘oziy maqbarasi, Xonaqoh va hammom, hududdan topilgan osori atiqalar muzeyi va boshqa inshootlar bu qadimiy parkka keladiganlarga Buxoroning go‘zal tarixini yana bir karra namoyon etadi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring