Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Buxoroda yashash xonadonida noqonuniy diniy ta’lim berish bilan shug‘ullanganlar aniqlandi

Buxoroda yashash xonadonida noqonuniy diniy ta’lim berish bilan shug‘ullanganlar aniqlandi

Buxoro viloyati Peshko‘ tumani «Kuyovxo‘ja» qishlog‘idagi xonadonlardan birida salkam 20 nafar fuqaroga noqonuniy diniy ta’lim berish bilan shug‘ullanib kelayotganlar aniqlandi.

Qayd etilishicha, joriy yilning 31-yanvar kuni  huquq-tartibot idoralari tomonidan Peshko‘ tumanidagi «Kuyovxo‘ja»  qishlog‘ida noqonuniy diniy ta’lim berib kelayotgan shaxslarni aniqlash bo‘yicha tadbir olib borilgan. Mazkur tadbirni amalga oshirish uchun DXX Buxoro viloyati boshqarmasi, viloyat IIB va Peshko‘ tumani IIB xodimlaridan iborat 2 ta tezkor guruh shakllantirilgan.

Tezkor guruhlar tomonidan olib borilgan harakatlar davomida mahalladagi yashash xonadonlardan  birida bir nechta shaxslar tomonidan hujralar tashkil qilinib, birida erkaklarga va birida ayollarga alohida-alohida noqonuniy diniy ta’lim berib kelinayotgan holatlari aniqlangan.

Bildirilishicha, tumandagi «Kuyovxo‘ja» qishlog‘ida yashovchi 36 yoshli fuqaro Sh.S. hamda asli Buxoro shahri fuqarosi bo‘lgan 33 yoshli B.H.lar hujralarda saboq olayotgan erkaklar, ayollar va voyaga yetmagan maktab o‘quvchilariga «Misvox» deb nomlanuvchi arab tili kursi bahonasida tegishli ruxsatnomasiz diniy ta’lim berish bilan shug‘ullanib kelishayotgan bo‘lgan. O‘rganuvlarga ko‘ra, har ikki fuqaro ham «Mir Arab» madrasasini tamomlagan.

Tadbir davomida ushbu hujrada 17 nafar (shundan 8 nafari erkaklar, 9 nafari voyaga yetmagan maktab o‘quvchilari) fuqarolar borligi, dars jarayonlarida «Qur’on» kitobidan saboq berib kelinayotgani ochiqlangan.

Bundan tashqari, tezkor guruh vakillari tomonidan olib borilgan say’-harakatlar davomida aynan shu qishloqning boshqa bir manzilida yashab kelayotgan ayol virtual tarmoq orqali diniy ta’limga asoslangan saboqlar olib borayotgani aniqlangan. «Jo‘yborikalon» madrasasini tamomlagan M.T. ismli 30 yoshli bu ayol  Telegram messenjerida «Muslimalar» nomli guruh tashkil qilgan. Guruhga a’zo bo‘lgan 29 ta profil egasiga virtual diniy ta’lim berib kelgan.

Tezkor guruh tomonidan M.T.ning xatti-harakatlari o‘rganilganda, uning asosiy sheriklari ham borligi aniqlangan. Ma’lumotga ko‘ra, 25 yoshli Sh.F. hamda 38 yoshli S.I.lar fuqaro M.T. bilan doimiy bog‘lanuvda bo‘lishgan. Ayollarning Telegram messendjerida «Sodiq Samarqandiy»ning taqiqlangan videolavhalari borligi ma’lum bo‘lgan.

Huquq-tartibot organlari tomonidan tuzilgan tezkor guruh a’zolari tomonidan o‘tkazilgan faol tadbirda aniqlangan holatlar fuqarolarga noqonuniy diniy ta’lim berib kelayotgan barcha shaxslar ishtirokida bayonlashtirilgan hamda ularning qo‘l telefonlari vaqtincha saqlovga olingan.

Hozirda ushbu shaxslarga nisbatan Peshko‘ tuman IIB binosida surishtiruv harakatlari davom ettirilmoqda.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring