Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Chilonzor tumanida tadbirkor tomonidan 58 dona daraxt ildizi bilan qo‘porib tashlandi

Chilonzor tumanida tadbirkor tomonidan 58 dona daraxt ildizi bilan qo‘porib tashlandi

Kecha 7 sentyabr kuni ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahar Chilonzor tumani Chilonzor ko‘chasida daraxtlarni noqonuniy kesilishi bo‘yicha xabar tarqaldi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, 58 dona baland bo‘yli ko‘p yillik daraxtlar qisqa vaqt ichida ildizi bilan qo‘porib tashlangan. Erta tongdan tuman obodonlashtirish xodimlari tomonidan davlat resurslari hisobidan qaytadan kesilgan daraxtlar o‘rniga bir yillik pavloniya ko‘chatlari o‘tkazib chiqilgan.

Oliy majlis Qonunchilik palatasi deputati Rasul Qusherbayev, ekologiya qo‘mitasi xodimlari hamda ekofaollar ertalabdan voqea joyida yetib borishgan. Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, tadbirkor tomonidan tabiatga 800 mln so‘mlik zarar keltirilgan

Holat yuzasidan Davlat ekologiya qo‘mitasi quyidagicha rasmiy munosabat bildirdi:

Mazkur holat yuzasidan Davlat ekologiya qo‘mitasi raisi o‘rinbosari boshchiligida tezkor ishchi guruhi tuzilib, joyiga chiqib atroflicha o‘rganish ishlari olib borildi.
O‘rganish natijasiga ko‘ra ushbu hudud “DREAM HOUSE STROY” mas’uliyati cheklangan jamiyatiga tegishli ekanligi ma’lum bo‘ldi. Qurilish uchun ajratilgan mazkur hudud jami 0.20 gektar yer maydonidan iborat bo‘lib, joriy yilning 20 yanvarida davlat ekologiya inspektorlari tomonidan hududdagi daraxtlar to‘liq xatlovdan o‘tkazilib, hududda jami 58 dona har hil turdagi manzarali daraxtlar borligi yuzasidan dalolatnoma rasmiylashtirilgan.

Mazkur hujjat bilan «DREAM HOUSE STROY» mas’uliyati cheklangan jamiyati tashkilotiga daraxtlarni kesmaslik va daraxtlarni saqlab qolish yuzasidan qonunchilikka belgilangan tartibda ogohlantirish berilgan, shuningdek korxona vakillari tomonidan daraxtlarga nisbatan noqonuniy harakatlarni amalga oshirmaslik yuzasidan 2022 yil 20 yanvarda kafolat xati taqdim etilgan.

2022 yil 17 fevralida «DREAM HOUSE STROY» mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan yagona darcha xizmati markazi orqali hududdagi daraxtlarni kesish yuzasidan ariza bilan murojaat etilgan. Toshkent shahar Ekologiya boshqarma tomonidan ariza atroflicha o‘rganilib, daraxtlarnig kesilishi borasida rad javobi berilgan.

Maxsus ishchi guruh tomonidan bugun tunda olib borilgan o‘rganish ishlari jarayonida «DREAM HOUSE STROY» mas’uliyati cheklangan jamiyatiga tegishli yer maydonidagi jami 58 dona har hil turdagi manzarali va mevali daraxtlar ildiz qismlari bilan birgalikda yo‘q qilinganligi aniqlandi.

Daraxtlarni muhofaza qilish va saqlashga doir qonunchilikda belgilangan choralarni ko‘rmaganligi natijasida o‘simlik dunyosiga jami 797 700 000 so‘m miqdorida zarar yetkazilgan.

Bu bilan, O‘zbekiston Respublikasining «O‘simlik dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish to‘g‘risida»gi Qonunning 37-moddasi talablari buzilib, Davlat ekologiya inspektorlarining qonuniy talablarini bajarmaganligi uchun O‘zbekiston Respublikasining «Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risida»gi Kodeksning 197 prim 6-moddasi, «Jinoiy javobgarlik to‘g‘risida»gi Kodeksning 198-moddasiga asosan javobgarlikka tortish masalasini ko‘rib chiqish uchun tegishli hujjatlar rasmiylashtirilib, huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuborildi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring