O‘qituvchi Diana fojiasi: Rost so‘z qani, yolg‘on qani?
«Men samarqandlik o‘qituvchining vafoti haqida eshitdim. Qanaqadir direktor, rahbar yoki hokim qachondir «mehmon» keladi deb ikki-uch kun oldin aytgan. Lekin mening yuragimda bu xuddi men tufayli yuz bergandek tuyuldi. Yana bir bora va so‘nggi marta barcha rahbarlarni alohida ogohlantiraman: bundan buyon bironta hududda o‘qituvchi, shifokor yoki talabalar obodonlashtirishga jalb etilsa, jazo juda qattiq bo‘ladi. Ishdan olish bilan birga o‘sha rahbar qilmishi uchun qonun oldida javobgar bo‘ladi. Menga farqi yo‘q, juda katta xizmat qilgan hokim bo‘lsa ham u ishdan ketadi. Men buni aytishga majburman, chunki bu davom etmoqda».
Shavkat Mirziyoyev, O‘zbekiston Respublikasi prezidenti
Shuningdek, davlatimiz rahbari bunaqa ko‘zbo‘yamachiliklar xiyonat ekanini e’tirof etdi: «Men osmondan paydo bo‘lib, tushib kelmayman: bir kun oldin qaysi viloyatga tashrif buyurishim haqida ma’lumot yetkaziladi. Lekin ko‘p joylarda ko‘zbo‘yamachilikka yo‘l qo‘yilmoqda. Ochig‘i, menga bu noqulay, menda nafrat uyg‘otmoqda. O‘qituvchilarni majburlab chiqarib qo‘yib, obodonlashtirish, ularga ko‘cha supurtirish, «tayyorgarlik»ka jalb etish — siyosatga xiyonat. Bu harakatlar faqat menga emas, siyosatga ham xiyonat».
Davlat rahbari Diana Yenikeyevaning o‘limida o‘zini aybdor sezayapti, chora ko‘rayapti!
Ana bu mardlik! Ana bu hamiyat! Ana bu o‘zbeklik! Ana bu iymonli rahbarning gapi!
Ammo bugungacha qancha katta-kichik rahbarlar Diana fojiasini «yopib yuborish», bu bilan yigirmata panjasi bilan mahkam yopishib olgan amal kursilarini ehtiyot qilishga urinishdi. Diana sho‘rlikning ruhiga ham xiyonat qilishdi.
14 mart kuni Samarqand viloyati Kattaqo‘rg‘on tumanida ko‘cha tozalash ishlariga jalb qilingan 23 yoshli Diana Yenikeyevani katta yo‘ldagi to‘siqlarni oqlash chog‘ida yuk mashinasi urib ketgani haqiqat edi!
Samarqand viloyatiga prezident tashrifi chog‘ida o‘zicha yaxshi ko‘rinishni istagan rahbarlar o‘qituvchilarni katta trassani tozalashga majburan chiqarganlari haqiqat edi.
«Xabar.uz» axborot-tahliliy portali topshirig‘iga ko‘ra voqea joyiga borib, maxsus surishtiruv o‘tkazgan edim. O‘qituvchilarning «Diana halok bo‘lgandan keyin ham bizni ko‘cha tozalashga chiqarishdi» deyishgani haqiqat edi! Prezidentning matbuot kotibi o‘sha kuniyoq fojiaga o‘z munosabatini bildirgani haqiqat edi! Xalq ta’limi vazirining o‘rinbosari adolat tomonida turib munosabat bildirgani ming-minglab yurtdoshlarimiz tahsiniga sazovor bo‘lgani haqiqat edi!
Nafaqat Kattaqo‘rg‘on, balki o‘zim suratga tushirganim − Pastdarg‘om tumani o‘qituvchilari ham ko‘cha tozalab yurgani haqiqat edi. Kattaqo‘rg‘on tumani prokuraturasi o‘qituvchilar obodonlashtirish ishlariga jalb qilinganini tan olgani, aybdorlarga chora ko‘rgani ham haqiqat edi! Obodonlashtirish ishlarini o‘tkazishda tegishli choralarni ko‘rmaganligi uchun xalq ta’limi vazirining buyrug‘iga binoan Kattaqo‘rg‘on tumani XTB mudiri A.Jumanazarov ishdan olingani ham haqiqat edi! Viloyat XTB boshlig‘ining buyrug‘i bilan 42-maktab direktori N.Boltayeva ishdan olingani, direktor o‘rinosari X.Mamatovga hayfsan e’lon qilingani haqiqat edi!
Ammo men bilgan boshqa haqiqatlar ham bor:
«Maktab o‘qituvchilari, jumladan, Diana Yenikeyeva ham hech qanday yo‘l chetini tozalash, supurish uchun chiqarilmagan. Bunday ishlar joylardagi obodonlashtirish boshqarmasi xodimlarining vazifasiga kiradi. Bu hodisani boshqa holatlarga bog‘lab talqin qilish, ommaga xolis turib yetkazmaslik internet tarmog‘i foydalanuvchilari o‘rtasida salbiy fikr uyg‘otishga sabab bo‘ladi deb hisoblaymiz», — deb mening maqolamga raddiya bildirgan Kattaqo‘rg‘on tumani hokimi o‘rinbosari M.Muzaffarov va Samarqand viloyati XTB boshlig‘i o‘rinbosari Q.Saidov va ularga bu raddiyani aytib turib yozdirgan «rahnamolari» ham yolg‘onchilar ekani haqiqatdir!
Buni prezident isbotlab berdi!
«Hashar − ayrim OAVlar bong urayotgani kabi majburiy mehnatga jalb qilish emas, balki millatni birlashtirib turadigan ming yillik an’ana, har bir o‘zbekistonlikning fuqarolik burchidir. Diana Yenikeyevaning ommaviy hashar tadbiridan o‘zini olib qochmagani, bosh tortmagani esa uning vijdonli bo‘lganidan dalolat beradi. Dianani tozalash ishlariga hokimiyatning buyrug‘i emas, vijdoni olib chiqqan. U o‘zining fuqarolik burchini ado etishga chiqqan. Diana baxtsiz hodisa qurboni bo‘ldi, uning qismatida shu yozilgan ekan. Hamkasblarimni biror fojiaga rakurs tanlayotganda tor doirada fikrlashga emas, balki kengroq mushohada qilishga chaqiraman» degan jurnalistlar yolg‘onchi!
Buni prezident isbotlab berdi!
«Xalq ta’limi vazirining o‘rinbosari Alisher Zafarovich hamda Karimberdi To‘ramurod, so‘nggi vaqtlarda sizlar «pashshadan fil yasash»dan nariga o‘tmay qoldingizlar. Diana Yenikeyevaning o‘limi zamirida qanday adolatni axtarayapsizlar? Sizlarning har xil gap-so‘zlarni tarqatishingiz yurtimizdagi 9 mingdan ziyod maktab yoki o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalari o‘qituvchilari o‘rtasida tahlika, sarosima, amaldagi davlat hokimiyatiga ishonchsizlikni keltirib chiqarmoqda. Diana Yenikeyevani ma’muriyat go‘yoki dars vaqtida tozalik ishlariga olib chiqqanligi haqida baralla aytib, hadeb sog‘ odamning miyasini egovlayapsizlar», — deb yozgan Obid Omonov ham yolg‘onchi bo‘lib chiqdi prezidentning so‘zlaridan so‘ng!
Yana bitta bitta haqiqat bor: Diana fojiasi tufayli ishdan olingan Kattaqo‘rg‘on tumani XTB mudiri ham, Diana ishlagan maktabning ishdan olingan direktori ham Dianaga qo‘shib qurbon qilingan jabrdiydalardir! Ular buyruqni bajargan ijrochilar, xolos. Yuqoridan buyurib turgandan keyin bajarmay ko‘rsin-chi?! Ijrochilar emas, buyruq berganlar jazolanishi kerak, ana shu adolatdan bo‘ladi!
Xulosa
Xulosa o‘rnida yana davlatimiz rahbarining so‘zlarini keltiraman: «Men devor ortida nima borligini, O‘zbekistonda qaysi ko‘cha supurilgani yo obodligini juda yaxshi bilaman. Bitta narsani aytmoqchiman: yo‘lni supurganingiz bilan hech nima o‘zgarmaydi, odamlar rahmat demaydi, [балки] la’nat aytadi. Bizning do‘stlarimiz ham ko‘p, dushmanlarimiz ham. Siz mana shu ishlaringiz bilan dushmanlarning tegirmoniga suv quymoqdasiz. Butun viloyatlar va tumanlar rahbarlari, mana shuni bilib oling!».
Prezidentni alday olmaysizlar: «Yurakdan chiqarib aytayapman, do‘st bo‘lsangiz, bu ishlarni to‘xtating! Shuncha yilda hech narsa qilmaganmiz, bir yarim yilda bularni qila olmasligimizni ham bilaman. Ayrim paytlarda hech kimga ishonmay qolayapman, yig‘ilishlarda ham hammasi tayyorlangan odamlar... Men xalqni eshitishga, dardini tinglashga kelganman, balandparvoz gaplarni aytmang! Odamlarimiz ham balandparvoz va’dalardan charchagani — haqiqat».
So‘ngso‘z o‘rnida shuni aytishim kerakki, yolg‘onchiligi va xiyonatchiligi prezident tomonidan isbotlab berilgan kattakonlar yolg‘on gapirganini tan olishi, xalqni chalg‘itmoqchi bo‘lgani uchun xalqdan kechirim so‘rashi va mahkam changallab olgan va yo‘qotishdan vabodan qo‘rqqandek qo‘rqadigan lavozimlarini bunchalar yaxshi ko‘rmasliklari kerak.
20 daqiqa elektr chirog‘i o‘chganida Yaponiya energetika vaziri 20 daqiqa kechirim so‘rab, egilib turgani kabi!
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter