Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi va uning o‘rinbosari ishdan olindimi?

Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi va uning o‘rinbosari ishdan olindimi?

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita 2018 yilning 21 fevralidan Toshkent shahri, Shayxontohur tumani, Abdulla Qodiriy ko‘chasi, 11-uyda faoliyat olib bormoqda.

Foto: «Religions.uz»

Kecha ijtimoiy tarmoqlar va ayrim xorijiy saytlarda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi Ortiqbek Yusupov, uning o‘rinbosari O‘tkir Hasanboyev ishdan olingani haqida xabarlar tarqalgan edi. «Xabar.uz» mazkur xabarga oydinlik kiritish maqsadida qo‘mitaning matbuot xizmati rahbari Bobur Usmonov bilan bog‘landi.

Uning bildirishicha, ushbu xabarlar asossiz. Ayni paytda qo‘mita rahbarlarining ishdan olingani bo‘yicha hech qanday rasmiy hujjat yo‘q.

«Bizga ham «Feysbuk»da shunaqa mazmundagi ma’lumotlar tarqalgani haqida xabarlar yetib kelgan. Biroq ularning barchasi asossiz. Qo‘mita raisi ham, uning o‘rinbosari ham har doimgiday o‘zlarining faoliyatlarini davom ettirishmoqda» — deb xabar berdi qo‘mita matbuot xizmati rahbari.

Suhbatimiz chog‘ida Bobur Usmonov agar bunday ma’lumotlar chiqsa, albatta, qo‘mitaning saytida rasman ma’lumot berilishini, shu bois bu kabi gap-so‘zlarga ishonib qolmaslikni so‘radi.

Eslatib o‘tamiz, Ortiqbek Yusupov 1960-yilda Toshkent shahrida to‘g‘ilgan. 1983-yili Toshkent davlat universitetining sharqshunoslik fakultetini tamomlagan. Mutaxassisligi: sharqshunos-arabshunos. 1981—1982-yillarda Yaman Xalq Demokratik Respublikasida arab tili bo‘yicha malaka oshirgan. Falsafa fanlari nomzodi.

1983—1986-yillarda ixtisoslashtirilgan maktabda arab tili o‘qituvchisi, 1986—1990-yillarda Yaman Respublikasi Oliy Xalq Kengashida tarjimon-referent, 1990—1997-yillarda Toshkent davlat sharqshunoslik institutida Xalqaro aloqalar bo‘limi boshlig‘i, 1997—1998-yillarda Tashqi ishlar vazirligining «Jahon» axborot agentligida mas’ul xodim, 1998—2003-yillarda Prezident devonining Din ishlari bo‘yicha xizmatida mas’ul xodim bo‘lib ishlagan. 2003-yildan Din ishlari bo‘yicha qo‘mitada xalqaro aloqalar bo‘limi boshlig‘i, rais o‘rinbosari, Rais vazifasini bajaruvchisi, hozir Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi vazifasida faoliyat ko‘rsatmoqda.

Qo‘mita raisining o‘rinbosari O‘tkir Hasanboyev 1971-yili Toshkent viloyati Yangiyo‘l tumanida tug‘ilgan. 1993-yili Toshkent kimyo-texnologiya institutini tugatgan. Mehnat faoliyatini 1993-yili Toshkent viloyati Yangiyo‘l biokimyo korxonasida smena masteri lavozimida boshlagan. 2002—2004-yillarda Strategik tahlil va istiqbolni belgilash Oliy maktabida o‘qigan. 2004—2014-yillarda Prezident devoni Millatlararo munosabatlar masalalari va din ishlari bo‘yicha Davlat maslahatchisining xizmatida turli lavozimlarda ishlagan. 2014-yilning noyabr oyida Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisining o‘rinbosari lavozimiga tayinlangan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring