Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Ehtiyojmand qatlamga ko‘maklashish uchun yagona tizim joriy qilinyapti – mutaxassis

Ehtiyojmand qatlamga ko‘maklashish uchun yagona tizim joriy qilinyapti – mutaxassis

Aholiga davlat tomonidan kafolatlanagn ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatishning yangi tizimi joriy etilmoqda. Bu borada Prezidentning “Aholiga sifatli ijtimoiy xizmat va yordam ko‘rsatish hamda uning samarali nazorat tizimini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni hamda “Ijtimoiy himoya milliy agentligini tashkil qilish to‘g‘risidagi” qarori qabul qilindi.

Ushbu hujjatlar bilan aholini ijtimoiy himoya qilish sohasida mahalla, tuman, viloyat, respublika kesimlarida davlat tomonidan kafolatlangan ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish tizimi yaratilomqda. Qisqacha aytganda esa, mamlakat miqyosida yagona ijtimoiy siyosatni yurgizadigan tizim yaratilishi ko‘zda tutilmoqda.

Ushbu yangilikni sharhlash hamda bu borada kutilayotgan rejalar haqida o‘rtoqlashish uchun Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi Boshqarma boshlig‘i Bahodir Karimovni suhbatga tortdik.

– Bahodir Karimovich, avvalambor, so‘rovimizga rozilik bildirganingiz uchun minnatdorchilik bildiramiz.

– Rahmat.

– Yaqinda tashkil etilgan Ijtimoiy himoya milliy agentligi va “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlaridan nimalar umid qilinmoqda?

– Albatta, yuqoridagi ikki hujjat bilan aholining ehtiyojmand qatlamiga yordam ko‘rsatish nazarda tutilgan. Bugungi kungacha ham ushbu ijtimoiy yo‘nalishda ko‘maklashadigan tizim bor edi. Lekin bu xizmat ko‘plab vazirlik va idoralarda tarqoq holida bo‘lgan. Bu esa ehtiyojmand qatlamga ko‘rsatilayotgan ijtimoiy ko‘mak sifatini nazorat qilishda biroz qiyinchiliklarni tug‘dirar edi. Mazkur farmon bilan esa bir qator ijtimoiy yordamlar bosqichma-bosqich, 2025-yilning 1-yanvariga qadar Ijtimoiy himoya milliy agentligiga biriktirib boriladi.

Agentlikning hududlarda tashkil etilayotgan “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlarida esa ijtimoiy guruhlar tashkil etilib, ularda oliy ma’lumotli psixolog, ijtimoiy ish xodimi, shuningdek, ijtimoiy yuristlar faoliyat olib boradi. Ular o‘z yordamchilari bilan har bir mahalla va mahalladagi xonadonlarda uyma-uy yurib, ijtimoiy ko‘makka muhtoj bo‘lganlarni xatlovdan o‘tkazadi. Ya’ni ularga qanday yordam ko‘rsatish mumkin, degan mazmunda.

Ilgarilari qanday bo‘lgan: tizimda turli tashkilotlar o‘rganish olib borganligi sababli bir oilaga kirilganida uning barcha muammolarini o‘rganish cheklangan. Ya’ni, bir fuqaroga nogironlikni belgilash borasida yordam kerak bo‘lsa, uning davolanishi, nafaqasi yoki sanatoriylarga yuborilishi masalasi hal etilmasdan qolavergan. Endilikda esa bunday bo‘lmaydi: oilalarning barcha muammolari o‘rganiladi va ularning ijtimoiy pasportlari shakllantiriladi. Ijtimoiy pasportlardan kelib chiqib kelgusi rejalar ishlab chiqiladi. Bosqichma-bosqich yordam ko‘rsatish ishchi guruhlar tomonidan to yakunga qadar nazorat qilinadi va oxirida yakuniy masala ham o‘rganilib, ularni nazorat guruhidan chiqarish masalasi ko‘riladi.

– Endi ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarning ta’lim sohasida oladigan ko‘maklari qay darajada bo‘ladi?

– Yuqoridagi farmonda nogironligi bo‘lgan shaxslarga ta’lim berish jarayoniga alohida e’tibor berilgan. Masalan, maktabgacha ta’lim muassasalarida ta’lim olishi kerak bo‘lgan bolalar bo‘lsa, ijtimoiy himoya guruhlari xodimlari ushbu holatni o‘rganib chiqadi. Ya’ni ular qaysi turdagi – oddiy yoki ixtisoslashtirilgan maktabgacha ta’lim muassasalariga borishi kerakligi o‘rganiladi va yechim beriladi.

Shu bilan birgalikda maxsus maktab-internatlari to‘liq xatlovdan o‘tkaziladi. O‘rganishlar natijasida ularda qanday ta’lim uslublarini qo‘llash mumkin, nimalarga ahamiyat berish kerak, kabi masalalar hal etiladi. Shuningdek, maktablarni tugatganlarni OTMlarda bilim olishga yo‘naltirish yoki kasbga yo‘nalitirib, bandligini ta’minlash ham nazarda tutiladi. Ehtiyojmand aholining bandligini ta’minlash bilan esa o‘z-o‘zidan ijtimoiy muammolarning yechimi topiladi.

Farmon bilan ishlab chiqilishi rejalashtirilayotgan “Yagona milliy ijtimoiy himoya” axborot tizimi bilan barcha vazirlik va idoralar integratsiya qilinadi. Bu bilan esa yuqoridagi kabi masalalarning yechimi ham osonlashadi.

– Shu o‘rinda, “Yagona milliy ijtimoiy himoya” axborot tizimi haqida ham to‘xtalsangiz...

– Aslida ushbu farmonning qabul qilinishi ijtimoiy soha uchun katta tarixiy ahamiyatga ega. Shu tizimda 25 yildan ortiq ishlayotgan bo‘lsam, albatta, bu borada ko‘plab hujjatlar qabul qilingan. Ayniqsa, 2016 yildan boshlab qator ishlar amalga oshirildi.

Yuqoridagi farmon bilan esa ijtimoiy yordamlar aholiga manzilli tartibda ko‘rsatiladigan bo‘ladi. Ya’ni bu xizmatlar uylargacha kirib boradi. Avvalgidek, ehtiyojmand fuqarolar davlat idoralariga borib yurishi shart bo‘lmaydi. Bizning alohida tuzilgan guruhlarimiz borib ularning hamma sharoitlarini o‘rganadi, ularning hujjatlarini elektron platformada yuritib boradi, ya’ni jarayon raqamlashtiriladi.

Shu bilan birgalikda Agentlik o‘ziga taalluqli bo‘lgan masalalarni yechishda boshqa vazirlik va idoralar bilan aloqador o‘rinlarda ularni elektron dastur orqali lozim bo‘lgan tashkilotlarga jo‘natadi. Ular bu masala yechimini beradi va bu ham elektron platformada ko‘rinib turadi.

Ijtimoiy sohadagi muammolarga bu kabi yondashuv xalqaro tajribalarda mavjud. Men ayrim davlatlarning bu boradagi tajribalari bilan tanishgan kishi sifatida yuqoridagi farmon va qaror bilan yo‘lga qo‘yilayotgan tizimning istiqbolini yuqori baholayman.

– Bahodir Karimovich, mazmunli suhbatingiz uchun tashakkur.

– Sizga ham rahmat.

Elbek Boymuradov suhbatlashdi

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring