Sanamay «saqqiz» demang, «kimdirlar» ustizdan kulishi «mumqun», keyin «rostakasim» xafa bo‘lasiz!
Eslaysizmi, avvalgi badiiy filmlarning boshi yoki yakunida rol ijro etgan, ovoz bergan aktyorlar, dublyorlar, ssenariy muallifi, rejissyor, ovoz rejissyori, tasvirchi, montajchi, chiroqchi, grim ustalari — xullas, kino yaratishga mehnati singgan barcha insonlarning ism-familiyasi e’lon qilinardi.
«Komil Yormatov nomidagi “O‘zbekfilm” kinostudiyasida dublyaj qilingan. Dublyajda artistlardan...» degan yozuvlar ham bo‘lardi.
Bilasiz, dublyaj san’atimiz o‘z vaqtida butun dunyoni lol qoldirgan. Yoqub Ahmedov, Hamza Umarov, Vohid Qodirov, Obid Yunusov, Rixsivoy Avazov, Zikir Muhammadjonov, To‘ychi Oripov, Po‘lat Saidqosimov, Hojiakbar Nurmatov, G‘ani A’zamov, Dias Rahmatov, Rimma Ahmedova, Farziddin Fayozovlar nafaqat buyuk san’atkorlar, balki dublyaj san’atining ham ustalari edilar.
«Omadli jentlmenlar», «Gugurtga ketib» kabi badiiy filmlardagi Yevgeniy Leonov obrazlariga teatr va kino san’ati aktyori, marhum Vohid Qodirov ovoz bergan. Aytishlaricha, Leonov filmlarning o‘zbekcha talqinini ko‘rib, «O‘zbek tilida shunchalik yaxshi gapirishimni bilmagan ekanman», deya tan olgan ekan.
Yoki marhum Dias Rahmatovni olaylik. Uning ovozi Georgiy Vitsinga shu darajada mos tushgan ediki, bu aktyorni o‘zbeklarning «Vitsin»i deb atashardi. Chindan ham, Dias Rahmatovga mashhurlikni ko‘proq uning ovozi keltirgandi...
Ilgari xorijiy filmlargina emas, hatto o‘zimizning «O‘zbekfilm» kinostudiyasi mahsulotlari ham boshqa tillarda suratga olingan bo‘lsa, o‘zbek tiliga qayta ovozlashtirilardi. Bironta film yoki serial qahramonlarining turli shevalarda gapirganini, aktyorlarning adabiy til me’yorlaridan chetga chiqqanini deyarli uchratmasdik.
Hozir ham dublyaj san’atimiz yuqori saviyada, deb bemalol ayta olaman. Ammo barcha filmlar, ayniqsa, seriallar qayta ovozlashtirilmayapti, nazarimda. Yoki ovozlashtirilgan taqdirda ham muloqot madaniyati, til me’yorlari unutilib, go‘yo katta xolasining uyida bemalol gapirayotgandek, shevaga xos so‘zlar bilan dublyaj qilinyapti.
Davlat buyurtmasi asosida suratga olingan filmlar bundan mustasno, albatta. Lekin O‘zbekiston telekanallarida bunday filmlar namoyishi kam-ku! Aksariyat kanallarning efir vaqtini oldi-qochdi seriallaru maishiy muammolarga to‘la novellalar egallagan. Va bularning barchasi aholining iste’mol dasturxoniga «Oling-oling!» deya tortiq qilinmoqda.
Ijodkorlar tinimsiz ishlashyapti: bittasi tugamay, ikkinchisi suratga olinyapti. Ammo seriallar bir-biriga juda o‘xshash. Har safar bir xil aktyorlar jamoasi. O‘tgan safar «ota va qiz» bo‘lib o‘ynaganlar bu safar «erkak va uning jazmani» bo‘lib rol ijro etaveradi.
Chehralar bir xilligi uchun serial nomlarini ham adashtirib yuborasiz. Tasvirga olinadigan uylar ham o‘sha-o‘sha, ijaraga olinadigan bolachalar ham. Obrazlar bi-i-i-r xil. Hatto shevalar ham o‘sha-o‘sha.
«Men uchun yasha», «Meni sev», «Gunohlar soyasi», «Rangsiz gullar», «Senga muhtojman», «Xasta», «Sukunat»... Bu ro‘yxatni yana uzoq davom ettirish mumkin.
To‘g‘ri, ijodkorlar qo‘llaridan kelgancha harakat qilishyapti. Ammo gap bizning go‘zal ona tilimizni ifodalaydigan o‘zbek adabiy tili haqida ketmoqda. Nima uchun hozirgi film va seriallarda qahramonlar shevada gapirishyapti?
Bir martalik novellalar-ku mayli. Ammo oylab xalqimizning ko‘z o‘ngida namoyish etiladigan seriallarning shevada suratga olinishiga sabab nima?
Menimcha, yosh aktyor va aktrisalarimiz yo adabiy tilda gapirishni bilmaydi, yoki gapirishni xohlamaydi. Adabiy tilda gapirmagani yetmagandek, shevalarni ham aralashtirib yuborishadi.
Misol uchun, ishdan kelgan qizi onasiga qarab:
— Uxlavossilami? — deb so‘rayapti.
Onasi esa:
— Uxlayapmiz, — deb javob beryapti.
Ona rolidagi ayol andijonlik, qiz rolidagi esa toshkentlik. Birisi o‘z shevasida, ikkinchisi o‘z shevasida rol ijro etayapti. Kelishvolinglar-ey! Yo adabiy tilda gapiringlar, yoki bir xil shevada.
Yana bir misol, bosh qahramon viloyatlarda qurilish kompaniyasining filiallarini ochdi. Voqealar rivoji poytaxtdan viloyatga ko‘chdi. Ammo bu yerda ishlaydigan yigit mahalliy aholi vakili, namanganlik bo‘lsa-da, Toshkent shevasida qoyillatib gapiradi. Qoyil!
Biroq birorta ham Namangan shevasini eshitmaysiz. Hududning o‘ziga xosligini ifodalaydigan bironta tasvir ham yo‘q. Hech zamonda namanganliklar o‘z uyida, ishxonasida Toshkent shevasida gapiradimi? Sizlar shunday holatni eshitganmisiz?
Samarqand, Buxoro yoki Xorazmda deb tasvirga olinayotgan sahnalardagi mahalliy aholi vakillari ham Toshkent shevasida gapiradi. Kulgili-ku! Har bir hududning o‘ziga xos, shirin shevasi bor. Ularning har biri bir-biridan farq qiladi.
- Xorazmlik qizlarning gapirishini eshitsangiz, ularga yana bir bor «Qo‘ysang‘iza!» degizgingiz kelaveradi.
- Vohaning shevasi negadir «To‘maris», «Go‘ro‘g‘li» kabi dostonlarni eslatadi.
- Namangan shevasini hech kim namanganliklarning o‘zidek qoyillatib gapira olmaydi.
- Andijonliklarning dangalligi, tantiligi shevasidan ham seziladi.
- Marg‘ilonlik qizlar gapirsa, ko‘z oldingizda Kumushbibi gavdalanadi.
- Buxoro va Samarqand aholisi o‘zbek tilining tojik tili ta’sirida shakllangan shirin lahjasida so‘zlashadi. Hech qaysisi bir-biridan kam emas. Ammo har kim o‘z shevasida kino ishlayversa, adabiy til nimaga kerak?
Agar shu seriallarda boshqa shevalardan ham foydalanilganida, e’tiroz bildirmas edim. Chunki badiiy adabiyotda qahramonning shevada gapirishi asar ta’sirchanligini oshiradi, muayyan hudud haqida yaxshiroq tasavvur uyg‘otadi. Bu — tabiiy va o‘rinli badiiy usul.
Biroq umumxalq tili turganda, bitta shevaga yopishib olish, film va seriallar sifatini nazorat qiladigan samarali tizimning yo‘qligi, hech bo‘lmaganda, muharrirning adabiy til borasida e’tiroz bildirmasligi — tilimizga nisbatan hurmatsizlikdir.
Bilaman, dublyaj uchun ancha-muncha mablag‘ talab etiladi. Ammo tomoshabinga sifatli mediamahsulot taqdim etish kerak. Aktyorlarning ovozi obrazga mos kelmasa yoki ular adabiy tilda chiroyli gapira olmasa, qayta ovozlashtirish zarur. Ovozlashtirganda ham adabiy til me’yorlariga rioya qilinishi shart. Agar bu rejissyorga qimmatga tushsa, unda aktyorlardan adabiy tilda rol ijro etishni talab qilsin.
San’atimiz darg‘alari, ustoz san’atkorlarimiz adabiy tilda gapirib, bir joylari kamayib qolmagan. Aksincha, hurmat va obro‘ qozonishgan. Ularning ijrosida shevalar deyarli sezilmaydi, gapirishlariga qarab hatto qaysi viloyatdan ekanliklarini ham bilmaysiz.
Adabiy til umumxalq tilining muayyan me’yorlarga solingan, sayqallangan va barcha uchun tushunarli bo‘lgan shaklidir. U jamiyatda yagona muloqot me’yorini shakllantiradi, milliy birlikni mustahkamlaydi va tilning rivojlanishiga xizmat qiladi.
Eng asosiysi, adabiy til umumiy muloqot madaniyatini yuksaltirishga, mahalliychilik va til bilan bog‘liq kamsitishlarning oldini olishga xizmat qiladi.
Ona tilimiz — bizning o‘zligimiz! Uni ozgina bo‘lsa-da, sevaylik, hurmat qilaylik. O‘zini o‘zi hurmat qilmagan insonni boshqalar bir tiyinga olmaydi.
Yana bir gap. Iltimos, «mumkin» so‘zini «mumqun», «sakkiz»ni «saqqiz», «rostakam»ni «rostakasim», «kimlardir» so‘zini esa «kimdirlar» deb talaffuz qilmaylik.
Ommaviy axborot vositalari, san’at va madaniyat sohasi vakillari yurish-turishi, gap-so‘zi, shirin lutfi, sobit lafzi, qolaversa, yuksak madaniyati bilan jamiyatga o‘rnak bo‘lishlari kerak. Zero, ona tiliga hurmat — millatga hurmatdir!
Muazzam Ibrohimova


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter