Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Eron Rossiyaga maxfiy ravishda qimmatli yuk ortilgan ikki kema yubordi

Eron Rossiyaga maxfiy ravishda qimmatli yuk ortilgan ikki kema yubordi

Eron Rossiyaga Ukraina urushida qo‘llash uchun maxfiy ravishda millionlab o‘q-dori va snaryad jo‘natdi.

Sky News telekanali o‘z manbalariga tayanib xabar berishicha, joriy yil 10-yanvar kuni Eron portidan Rossiya bayrog‘i ostida harakatlanayotgan «Muso Jalil» va «Begey» nomli yuk kemalari yo‘lga tushgan. 12-yanvar kuni kemalar Turkmaniston portiga kirgan, so‘ng Kaspiy dengizini kesib o‘tgan holda, 27-yanvar kuni Astraxan portida langar tashlagan.

Ikki kemaga qariyb 100 million dona turli hajmdagi patronlar, 300 ming ta snaryad va 10 mingga yaqin zirhli nimcha va dubulg‘alar ortilgani, Moskva aslaha va o‘q-dori uchun Tehronga naqd pul to‘lagani aytilmoqda.

Ukrainaning Buyuk Britaniyadagi elchisi Vadim Pristayko Eron Rossiyaga o‘q-dori yetkazib berganidan hayratga tushmaganini bildirgan. U Tehronning harbiy dastagi ortishini taxmin qilgani holda, Eron rahbariyatini «tarixning yolg‘oni» tarafida bo‘lmaslikka chaqirgan.

Rossiya Ukrainaga qarshi urushda Eron aslahalari, xususan, jangovar dronlardan faol ravishda foydalanayotgani xabar qilingan. Xususan, The Guardian gazetasi joriy yil fevral oyida katta radiusda parvoz qiluvchi «Mujohir-6», «Shahid-191», «Shahid-129» kabi dronlar yetkazib berilgani haqida yozgan edi.

Avvalroq Rossiya kamikadze dronlar uchun Eronga 140 million yevro naqd pul to‘lagani, shuningdek, urush vaqtida qo‘lga kiritilgan G‘arb qurollari namunalarini bergani xabar qilingandi.

G‘arb matbuotiga ko‘ra, Moskva va Tehron Rossiya hududida Eron dronlarini ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish borasida muzokara ham olib bormoqda. Tehron ma’muriyati Ukrainaga bosqin uyushtirgan davlatga «Fotih-110» va «Zulfiqor» kabi 300 va 700 kilometrga parvoz qiluvchi ballistik raketalar yetkazishni rejalashtirayotgani xususida ham xabarlar bor.

Eron Rossiyaga Ukraina urushida ko‘mak uchun jangovar dronlar yetkazilayotganini rad etib keladi. Rasmiy Tehronga ko‘ra, Moskvaga xudkush dronlar Ukraina urushi boshlangunga qadar yetkazilgan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring