Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Eron Rossiyaga uzoq masofaga uchuvchi yangi dronlar yetkazib berdi

Eron Rossiyaga uzoq masofaga uchuvchi yangi dronlar yetkazib berdi

Eron Rossiyaga uzoq masofaga parvoz qiluvchi uchuvchisiz jangovar qurilmalarni yetkazib berdi. Guardian nashriga ko‘ra, dronlar Eron kemalari va davlat aviashirkati samolyotlarida yetkazib berilgan. 

Bu o‘rinda gap Rossiya hozirga qadar Ukraina infratuzilmasiga zarba berishda foydalanib kelayotgan «Shahid» kamikadze dronlari emas, balki uzoq masofada zarba bera oladigan ancha murakkab uchuvchisiz parvoz qiluvchi qurilmalar haqida ketmoqda.

Guardian xabariga ko‘ra, 2022 yil noyabr oyida rossiyalik bir guruh ofitser va muhandislar Tehronga kelib, Eron harbiy texnologiyalari bilan tanishgan. Rossiyaliklar katta radiusda parvoz qiluvchi «Mujohir-6», «Shahid-191», «Shahid-129» kabi dronlarga qiziqish bildirgan. Ayni choqda, rasmiy Tehron Moskvaga dronlarni boshqarish bo‘yicha saboq berish uchun 54 nafar muhandis yuborgan.

«Rossiya Turkiyada ishlab chiqarilgan Bayraktar-TB2 kabi murakkabroq dronlarga ega bo‘lishni mo‘ljallayotgan ko‘rinadi. Chunki Ukraina zarba berishdan avval ancha past masofaga tushadigan kichik hajmli kamikadze dronlarni muvaffaqiyatli tarzda urib tushirmoqda», – deb yozadi ingliz nashri.

Rossiyaga yuborilgan dronlar yaqinda bombardimon qilingan Isfahon shahridagi fabrikada ishlab chiqarilgani aytilmoqda. Isfahondagi harbiy aslaha zavodiga zarbalar esa Isroil harbiy havo kuchlari tomonidan yo‘llangani xabar qilingan.

Guardian nashrining yozishicha, Rossiya yangi partiya dronlarni Ukrainaga qarshi urushda allaqachon qo‘llagan. Moskva shu turdagi dronlardan ko‘proq olish istagini bildirgan. Ammo Isfahondagi zavod so‘nggi hujumlardan keyin jiddiy talafot ko‘rgan.

Rossiyaga yetkazib berilgan «Mujohir-6» dronlari 6 soat davomida parvoz qilib, 40 kilogrammgacha bombani tashiy oladi. «Shahid-129» qurilmasining parvoz muddati va yuk ko‘tarish imkoni 4 soat hamda 60 kilogrammni tashkil etadi. «Shahid-129» dronlari esa 70 kilogrammga qadar ajal qurolini 5 soatlik masofaga yetkazadi.

Avvalroq Rossiya kamikadze dronlar uchun Eronga 140 million yevro naqd pul to‘lagani, shuningdek  urush vaqtida qo‘lga kiritilgan G‘arb qurollari namunalarini bergani xabar qilingan edi.

Eron Rossiyaga Ukraina urushida ko‘mak uchun jangovar dronlar yetkazilayotganini rad etib keladi. Rasmiy Tehronga ko‘ra, Moskvaga xudkush dronlar Ukraina urushi boshlangunga qadar yetkazilgan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring