Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Eron TIV Trampni harbiy tahdidlardan tiyilishga chaqirdi

Eron TIV Trampni harbiy tahdidlardan tiyilishga chaqirdi

Eron tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchi AQSh prezidenti Donald Trampni Islom Respublikasiga nisbatan harbiy tahdidlarni kuchaytirmaslikka chaqirib, «iyun oyida yo‘l qo‘yilgan xatoni takrorlamaslik»ka da’vat etdi.

Fox News telekanaliga bergan intervyusida Aroqchi Erondagi so‘nggi voqealar, AQSh tomonidan bo‘layotgan tahdidlar va Tehron bilan Vashington o‘rtasidagi munosabatlar tarangligiga to‘xtalib o‘tdi.

Uning aytishicha, Eron hukumati namoyishlar vaqtida sodir bo‘lgan «zo‘ravonlik va terrorchilik harakatlari»ga javob qaytarishda maksimal darajada sabr-toqat ko‘rsatgan.

«Terrorchilik harakatlaridan so‘ng uch kun o‘tdi va hozir mamlakatda vaziyat barqaror. Nazorat to‘liq davlat qo‘lida», – deydi vazir.

Qurbonlar soni haqidagi savolga javob berar ekan, Aroqchi xavfsizlik kuchlari namoyishchilarga emas, balki terrorchilik guruhlariga qarshi kurash olib borganini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, tashqi kuchlar tomonidan yo‘naltirilgan «terroristik elementlar» namoyishlarga aralashib, xavfsizlik xodimlari va tinch aholiga o‘q otgan. Aroqchi bu harakatlarni IShID uslubidagi terrorchilik amaliyotlari sifatida ta’rifladi.

Shuningdek, u ushbu harakatlar qurbonlar sonini ko‘paytirish va AQShni harbiy mojaroga tortish maqsadida amalga oshirilganini bildirdi. Aroqchining ta’kidlashicha, bu «Isroil rejasi» bo‘lib, unda AQSh prezidentini mojaroga jalb qilish ko‘zlangan.

AQSh tomonidan Eronga harbiy zarba berish tahdidlari haqidagi savolga javob berar ekan, Abbos Aroqchi 2025 yil iyun oyida Isroil va AQSh tomonidan amalga oshirilgan hujumlarni esga oldi va ularni takrorlamaslikka chaqirdi.

«Iyun oyida ob’yektlar vayron qilindi, ammo texnologiyani bombalar bilan yo‘q qilib bo‘lmaydi, irodani esa sindirib bo‘lmaydi. Eron muzokaralar va diplomatiyaga tayyorligini ko‘rsatdi. Urush bilan diplomatiya o‘rtasida diplomatiya, shubhasiz, eng maqbul yo‘l», – dedi Eron tashqi ishlar vaziri.

Uning qo‘shimcha qilishicha, Eronning AQSh bilan munosabatlarda ijobiy tajribasi kam, ammo har qanday holatda ham diplomatiya harbiy qarama-qarshilikka nisbatan ustun hisoblanadi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring