Ertangi kun istiqboli uchun: O‘zbekistonda Turkiya universitetlari bilan birgalikda qo‘shma fakultet ochilishi mumkin
Butun dunyoni tashvishga solgan tahlikali paytda, ya’ni COVID - 19 koronovirus pandemiyasiga qarshi kurash ketayotgan mashaqqatli, sinovli damlarda xalqimizning barcha jabhalarda birdamlik va mustahkam ishonch bilan harakat qilayotgani e’tiborga molik.
Prezidentimiz rahbarligida mamlakat ravnaqi yo‘lidagi muhim qarorlarni amalga oshirish yo‘lidan borayotgan turli soha mutaxassislari bugungi kundagi muhim ehtiyotkorlik talablariga amalga qilgan holda ertangi kunning istiqbolli rejalari ustida ham ishlamoqdalar.
Jumladan, 17-aprel kuni O‘zbekistonning Turkiyadagi elchixonasi ko‘magida O‘zbekiston Respublikasi O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi, Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti, Turkiya O‘rmon bosh boshqarmasi, Turkiya Kastamonu universiteti professor-o‘qituvchilari ishtirokida sohadagi ilmiy va oliy ta’lim yo‘nalishlarida istiqbolli hamkorlikni rivojlantirish masalalari bo‘yicha onlayn muloqot va muzokaralar tashkil etildi.
Uchrashuv davomida o‘rmonchilik, o‘rmon kadastri kabi sohalarda mamlakatlarimiz olimlari o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish, sohaning dolzarb muammolari bo‘yicha qo‘shma ilmiy loyihalarni ishlab chiqish, ularga O‘zbekiston Innovatsion rivojlanish vazirligi va Turkiyaning fan va texnologiyalari tashkiloti grant mablag‘larini jalb etish bo‘yicha aniq takliflar ko‘rib chiqildi.
Muloqot chog‘ida sohada mutaxassislar va talabalar almashinuvini yo‘lga qo‘yish, Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti va Toshkent davlat agrar universiteti bilan Turkiyadagi Kastamonu universiteti o‘rtasida «Mevlana» hamda «Erasmuz+» dasturlarini imzolash masalasi ko‘rib chiqildi.
O‘zbekistonda Turkiya universitetlari bilan birgalikda qo‘shma fakultetini tashkil qilish imkoniyatlari muhokama qilindi. Tomonlar xalqaro pandemiya tufayli joriy etilgan cheklovlar nihoyasiga yetgach, Turkiya universitetlari vakillarining O‘zbekistonga safarini tashkil qilishga kelishib olishdi. Ushbu hamkorlik amaliy natija va samaralarga boy bo‘lishi aniq.
Rahimboy Jumaniyozov,
Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash
muhandislari instituti matbuot xizmati rahbari, dotsent
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter