Erto‘g‘rul: 300 yildan keyin topilgan kitob

Bilasiz, yurtimiz telekanallarida milliy kinoasarlar qatori xorijiy seriallar ham namoyish etilmoqda. Ular orasida turkiy xalqlarimizning mushtarak tarixidan hikoya qiluvchi «Erto‘g‘rul» serial-filmi ham bor. Kamina undagi voqealarning sizu biz uchun muhim deya hisoblagan ba’zi jihatlariga e’tiboringizni qaratishni niyat qildim.
Avvalo, Erto‘g‘rulni tarixiy shaxs sifatida aniqlab olsak. O‘zbekiston Milliy Ensiklopediyasi 10-tomining 261-262-sahifalarida keltirilgan ma’lumotlarga ko‘ra, Erto‘g‘rul o‘g‘uzning kayi urug‘idan, harbiy sarkarda, usmonlilar sulolasining to‘qson yoshini yashagan bobokaloni.
1221-yilning bahorida mo‘g‘ullar Marv shahrini istilo qilib, kultepaga aylantirib, Sulton Sanjar maqbarasini yoqib yuborgani ustiga qabrini ham talon-taroj qilishdan qaytmaganini ko‘rgan Erto‘g‘rulning urug‘doshlari Movarounnahr va Xurosondan ko‘chib jo‘naganlar va Kichik Osiyoga borib o‘rnashganlar.
Tarixiy rivoyatga ko‘ra, kayilar Kichik Osiyoga kelgan paytlarida shunday bir voqea sodir bo‘lganki, Erto‘g‘rul va hamrohlari bir-biri bilan jang qilayotgan ikkita noma’lum guruh ustidan chiqib qolishadi, shunda ular o‘zaro maslahatlashib mag‘lub bo‘layotgan tomonga ko‘mak berishadi.
Bu mo‘g‘ullarga qarshi chiqqan Ko‘nyo sultoni Alouddinning qo‘shini edi. Shu voqeadan keyin sulton Alouddin Erto‘g‘rulni qish va yozlik yaylovlari bo‘lgan yaxshigina yerlar bilan taqdirlaydi.
Taqriban shu yerda ular musulmon bo‘lishgani va keyin tez orada islom dinining eng otashin himoyachilariga aylanishganini tarix sahifalari bizga yetkazadi. Erto‘g‘rul boshchiligidagi turkiylar qo‘shini salibchilarga kuchli zarbalar beradi, Vizantiyaga qarshi kurash olib boradi.
Erto‘g‘rul o‘zi asos solgan beklik boshqaruvini 1281-yili Usmonga topshiradi. Qardosh turk xalqi tarixida o‘tgan ulug‘ saltanatning Erto‘g‘rul o‘z o‘g‘liga qo‘ygan ana shu Usmon degan nom bilan olamshumul shuhrat qozonganini sezgan bo‘lsangiz kerak – Usmoniylar imperiyasi!
Usmon va uning otasi Erto‘g‘rul haqida falakshunos olim bo‘lishdan tashqari muarrix sifatida ham tanilgan Mirzo Ulug‘bek so‘z yuritar ekan («Tarixi arba’i ulus» – «To‘rt ulus tarixi» kitobi), Oli Usmon, ya’ni Usmon xonadoni uchun O‘g‘uzxon o‘n beshinchi bobolari sanalishini hamda 55 vositadan keyin ular hazrati Nuh alayhissalomga borib yetishlari haqida ma’lumot berganini ta’kidlaymiz (Toshkent, «Cho‘lpon», 1994, 59-bet).
Bevosita mavzuga o‘tamiz.
Ma’lumki, bugungi kunda Turkiya davlatining kino san’ati dunyo bo‘yicha tilga tushib qoldi, ayniqsa ular yaratayotgan va 2014-yildan beri namoyish etilayotgan «Erto‘g‘rul» seriali!
Ayni damlarda ushbu serial nafaqat Turkiyada, balki butun Osiyoda, hatto Yevropa mamlakatlarida ham katta shuhrat qozonmoqda. Dunyoning 50 mamlakatida turk, ingliz, rus, fransuz, nemis, xitoy, koreys, yapon tillariga tarjima qilingan bu serial O‘zbekiston telekanallarida ham eng ko‘rimli seriallar sirasiga kirdi.
Erto‘g‘rul» serialining bir qancha o‘rinlarida Samarqand va Buxoro shaharlari haqida so‘z ketadi. Film qahramonlari Samarqand va Buxoroni muqaddas shaharlarimiz deb ataydilar, Chingizxon bu shaharlarni yoqib kul etganini afsuslar ila takrorlaydilar. Qahramonlardan biri – Samarqand va Buxoroda ta’lim olgan Artuk (bizda Ortiq deyilsa kerak) ismli kayilar tabibi Abu Ali Ibn Sino hamda Moturidiy nomlarini o‘zining buyuk ustozlari sifatida tilga oladi. Film voqealarini kuzatar ekanmiz, ulug‘ ayyom kunlari kelganda ovul osmoni do‘mbiraning sehrli sadolari bilan to‘lib ketadi, Turkiston avliyosi Ahmad Yassaviyning g‘azal va hikmatlari o‘g‘uzning baxshi-shoirlari tilida qo‘shiq bo‘lib yangraydi.
Bularni ko‘rganda, turk qardoshlar bizga ajoyib mujdalar va hatto joiz ko‘rsangiz jonli, tasvirli mujdalar nisor etibdilar-da, degimiz keladi. Zero, ikki daryo oralig‘ida ota-bobolarimiz kechirgan hayot kabi tanish, qadrdon va o‘xshash manzaralar nigohimizni to‘la qamrab oladiki, bu biz – o‘zbeklarga qanchalar quvonch olib kelmoqda, bu naqadar soz ekanligining aslo ta’rifi yo‘q!
Endi eng asosiy gapga kelamiz. Serialda Ibn Arabiy degan ulug‘ inson obrazi bor. Film ijodkorlari uni o‘ylab chiqarishmagan. Abu Abdulloh Muhammad Ibn Arabiy tarixda bor odam, yetuk musulmon orifi va donishmandi sanaladi, 75 yil umr ko‘rgan, 1165 yili islom Ispaniyasi, ya’ni Andalusiyada tavallud topgan va 1240 yili Damashqda vafot etgan. Ibn Arabiy o‘zining barakali umri davomida olib borgan ko‘p qirrali ilmiy faoliyati uchun borgan barcha joylarida e’tiboru ehtirom qozongan. Sayri sulukini Mag‘rib, Misr, Hijoz, Kichik Osiyo mintaqalarida amalga oshirgan. Istiqomat joylari Makka, Bag‘dod, Halab, Damashq, Ko‘nyo va shu kabi boshqa shaharlar bo‘lgan. Hayotidagi eng ulug‘ «Futuhot al-Makkiya» (Makka kashfiyotlari) kitobini 20 yildan oshiqroq vaqt davomida yaratadi – Makkada boshlagan, Damashqda tugatgan. Umuman esa, yozgan kitob va risolalarining soni to‘rt yuzdan oshar ekan. Islom olamida Ash-shayx al-Akbar, ya’ni hamma zamonlarning Ulug‘ Muallimi unvoni tan olinadi. Buyuk insonning haddini belgilash-bildirish ma’nosida «Ibn Aflotun» (Aflotunning o‘g‘li) degan ta’rifi ham bo‘lgan. Ismiga Muhyiddin, ya’ni dinni qayta tiklovchi laqabini qo‘shib aytishgan, ya’ni Muhyiddin Ibn Arabiy!
Ana shu kishi Erto‘g‘rul» filmida turkiy qavm–kayilar olib borgan kurash va g‘alabalar ilhomchisi, ojiz paytlarida yupanch, adashganda esa haq yo‘lni ko‘rsatuvchi avliyo sifatida namoyon bo‘ladi. Biz uni turli joylarda: o‘tovda, dashtda, o‘rmonda, keng sahroda yolg‘iz yoki odamlar orasida duo o‘qiyotgan holatlarda ko‘ramiz, suhbatlari esa Muhammad payg‘ambarning siyrati, Abobil qushlari, Umar ibn Xattobning asrlarga yetgulik jasorati va boshqa mavzulardagi hikoyayu asotirlar ila o‘tadi.
Endi, muhtaram o‘quvchi, islom olamidagi eng ulug‘ avliyo, eng ulug‘ shoir, shuning barobarida asrlar davomida turli munozara-muhokamalarga sabab bo‘lib barchani hayratga solib kelayotgan vahdat-ul vujud ta’limoti orifining, ya’ni Ibn Arabiyning xuddi shu o‘rinda Muhammad Hakim Termiziyga ma’lum ma’noda shogird (garchi orada 350 yillar atrofidagi vaqt o‘tgan bo‘lsa-da), ishlarining davomchisi va muhimi, bobomiz irfoniy qarashlarining eng buyuk targ‘ibotchisi va muallimi bo‘lganligini aytamiz.
Vohadoshimiz, qalbining ijod bulog‘i Surxondaryo televideniyesida ko‘z ochgan islomshunos faylasuf Ja’far Xolmo‘minovning bu borada alohida tadqiqoti mavjud (rus tilida).
Unga ko‘ra, Movarounnahrda so‘fiylik harakati Hakim Termiziy asos solgan «Hakimiya» maktabidan boshlanadi, jumladan, Termiziyning tasavvuf ahli uchun ma’naviy vasiyatnoma yoxud ta’lim dasturi sifatida xizmat qilgan «Xatm-ul valoyat» asari juda mashhur bo‘lgan. Mazkur asarning ovozasi butun islom olamiga yoyilib ketgan. Ammo bir qancha vaqt o‘tib kitob yo‘qolib qoladi. Oradan uch yuz yillar o‘tadi va uni «Akbariya» so‘fiylik maktabi asoschisi Shayxi Akbar ibn Arabiy topib o‘rganadi. Eng bosh kitobi bo‘lgan «Futuhot al-Makkiya» asarida mazmunidan foydalanadi.
Xullas, termizlik orif qarashlaridan olgan ta’sirotlari ibn Arabiyning Termiziy yaratgan valoyat nazariyasini himoya qilishiga va bu nazariyani takomillashtirishiga olib kelganki, ushbu ulug‘ yo‘l hamon davom etadi va uning sarhadi yo‘q.
Buning natijasida, shuningdek, Shayxi Akbar ibn Arabiy qalamidan chiqqan quyidagi: «Al javob-al mustaqim ’ammo saala ’anho at-Tirmizi al-Hakim» va «Sharh al-masaail ar-ruhaaniya an xaal al-Hakim at-Tirmizi» kitoblari ham dunyo yuzini ko‘rgan.
Yosh va umidli tadqiqotchi olim, Imom Abu Iso Termiziy xalqaro ilmiy markazi raisining o‘rinbosari Jo‘rabek Cho‘tmatov Muhammad Hakim Termiziy bobomizning Andalusiyada mashhurligi sabablarini o‘rganar ekan, Ibn Arabiydan boshqa yana bir nechta islom Ispaniyasi mashoyixlari haqida so‘z yuritadi. Masalan, Kurtubiy degan olim o‘zining tafsir kitoblarida Hakim Termiziydan juda ko‘plab iqtiboslar keltirgan. Granada ahlidan bo‘lgan ibn Atiyya Andalusiy va Abuhayyon Nahviy Andalusiylar ham o‘z asarlarida Termiziyga murojaat etganlar. Ali ibn Sulaymon ibn Ahmad Ibn Sulaymon Murodiy Andalusiy Hakim Termiziyning o‘n ikkita asarini kitobat etib ko‘chirganligi va bu asarlar hozirgi kunda Parij milliy kutubxonasida saqlanayotgani haqidagi xabarlar ham shular jumlasidan (qarang: Jo‘rabek Cho‘tmatov. «Termizning bezavol qalalari yoxud Termiz tarixi», monografiya, Toshkent, «Yangi nashr», 2017, 216-217-betlar).
Umuman, Muhammad Hakim Termiziyning dastlab o‘ziga zamondosh bir andalusiyalik, ya’ni Abu Bakr ibn Sobiq Umaviyga bo‘lgan munosabati ushbu mintaqa bilan ilk aloqasi sifatida baholanadiki, oradan ko‘p zamonlar, to‘g‘rirog‘i, bir necha asr o‘tganda Ibn Arabiyning Termiziyga bo‘lgan qiziqishi va asarlarini o‘qib ta’sirlanishi o‘z navbatida uning Ash-shayx al-Akbar sifatida Markaziy Osiyo so‘fiylik-tasavvufiy qarashlariga ulkan ta’sir ko‘rsatishiga olib kelgan edi.
Abdulla Xolmirzayev.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter