Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Yevropa Ittifoqi – Markaziy Osiyo: rejadan amaliy natijaga o‘tilmoqda

Yevropa Ittifoqi – Markaziy Osiyo: rejadan amaliy natijaga o‘tilmoqda

Foto: YeI delegatsiyasi

26 noyabr kuni Toshkentda Yevropa Ittifoqi – Markaziy Osiyo uchinchi iqtisodiy forumi bo‘lib o‘tdi.

YeIning yurtimizdagi delegatsiyasi matbuot xizmati xabar berishicha, forumda ikki mintaqa rahbarlari iqtisodiy hamkorlikni chuqurlashtirish, strategik investitsiyalarni ilgari surish va barqaror o‘sishni rag‘batlantirish masalalarini muhokama qildilar.

YeIning “Global darvoza” strategiyasi doirasidagi yirik maqsadlarni amaliy natijalarga aylantirish uchun asosiy maydon bo‘lib xizmat qilgan anjumanda davlat moliyasini isloh qilish, resurslarni mas’uliyatli boshqarish, chegaralarni boshqarish hamda mintaqaviy ekologik tiklashni qo‘llab-quvvatlovchi bir qator yirik dasturlar imzolandi.

Tadbirda O‘zbekistonni mamlakat bosh vaziri o‘rinbosari Jamshid Xo‘jayev tamsil etdi.

Forum davomida Yevropa Ittifoqining xalqaro hamkorlik bo‘yicha komissari Yozef Sikela quyidagi ikki tomonlama va mintaqaviy kelishuvlarni taqdim etdi.

• DATA4CRM – geoma’lumotlarni boshqarishni takomillashtirish.

Yevropa jamoasining (Team Europe) umumiy qiymati 7,5 million yevrolik ushbu tashabbusi geoma’lumot tizimlarini modernizatsiya qilish, geologik ma’lumotlarga kirishni yaxshilash va muhim xomashyo sektoriga investitsiyalarni rag‘batlantirishga qaratilgan. Loyiha YeI (5 mln yevro) va Finlyandiya tashqi ishlar vazirligi (2,5 mln yevro) o‘rtasida imzolangan bo‘lib, zamonaviy va ishonchli geologik ma’lumotlarga bo‘lgan investorlar ehtiyojiga javob beradi.

• SECURE CRM – Markaziy Osiyoda xomashyo qiymat zanjirlarini mustahkamlash.

Umumiy qiymati 3 million yevro bo‘lgan ushbu loyiha BMTning Resurslar tasnifi bo‘yicha (UNFC) standartlariga muvofiq boshqaruvni kuchaytirish orqali mas’uliyatli va shaffof ta’minot zanjirlarini rivojlantiradi. Loyiha Yevropa Ittifoqi va UNODC/UNECE o‘rtasida imzolangan bo‘lib, mintaqaning global talabni qondirish imkoniyatini kuchaytiradi, shu bilan birga barqarorlik va transchegaraviy hamkorlikni ta’minlaydi.

• GROW CRM – Markaziy Osiyoda muhim xomashyo faoliyatini kengaytirish.

Umumiy qiymati 3 million yevro bo‘lgan ushbu hamkorlik YeTTB bilan birgalikda yangi CRM loyihalarini ishlab chiqish, texnik-iqtisodiy asoslash tadqiqotlarini qo‘llab-quvvatlash va tartibga solish tizimlarini takomillashtirishni nazarda tutadi. Bu mintaqada xilmaxillashgan o‘sish va mas’uliyatli resurslarni boshqarish uchun mustahkam poydevor yaratadi.

• Orolbo‘yi loyihasi.

Quyi Orolbo‘yi havzasida degradatsiyaga uchragan yerlarni tiklashga qaratilgan ko‘kalamzorlashtirish dasturi ekologik tiklanish, ijtimoiy-iqtisodiy jonlanish va barqaror yer resurslaridan foydalanishni qo‘llab-quvvatlaydi. YeI ushbu dasturga 8,8 million yevro ajratadi. EIB va AFD esa har biri 20 million yevro miqdorida kredit bilan hissa qo‘shadi.

• Markaziy Osiyoda chegaralarni boshqarish dasturi (BOMCA) va Markaziy Osiyo giyohvandlikka qarshi dasturi (CADAP).

BOMCA va CADAP dasturlari 2003 yildan buyon faoliyat yuritib kelmoqda. BOMCA (12 million yevro) xavfsizlikni va chegara hududlarida yashovchi aholining turmush sharoitlarini yaxshilashga qaratilgan bo‘lib, bu ziddiyatlarning asosiy omillaridan biridir.

CADAP dasturi esa sezilarli darajada oshirilgan 18 million yevrolik budjet bilan giyohvandlikning oldini olish bo‘yicha hozirgi faoliyatni davom ettiradi hamda narkotik moddalarning noqonuniy aylanmasiga qarshi kurash bo‘yicha yangi yo‘nalishni qo‘shadi.

“2025 yil Markaziy Osiyo va Yevropa Ittifoqi “Global darvoza” strategiyasi doirasida birgalikda qancha natija bera olishini yana bir bor isbotladi. Biz imkoniyatlardan raqamli o‘zaro obog‘liqlik, toza energiya va zamonaviy transport yo‘nalishlarida amaliy natijalarga o‘tmoqdamiz. Bunga yaqqol misol – muhim xomashyolar bo‘yicha hamkorligimizdir. Bugun men boshqaruvni kuchaytiradigan, standartlarni oshiradigan va Yevropa investorlarining asosiy to‘siqlarini bartaraf etadigan uchta yangi muhim xomashyolar bo‘yicha loyihani e’lon qildim. Ushbu tashabbuslar orqali biz barqaror o‘sishni qo‘llab-quvvatlaymiz, chidamliligimizni mustahkamlaymiz va ikkala mintaqa uchun yangi imkoniyatlar ochamiz”, – dedi YeIning xalqaro hamkorlik bo‘yicha komissari Yozef Sikela.

Uchinchi bor o‘tkazilgan iqtisodiy forum YeI va Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasidagi hamkorlikning tobora mustahkamlanayotganini yaqqol namoyon etdi.

“Samarqandda ilk bor o‘tkazilgan Yevropa Ittifoqi – Markaziy Osiyo sammiti, Ashxobodda bo‘lib o‘tgan Yevropa Ittifoqi va Vazirlar uchrashuvi hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev janobi oliylarini yaqinda Bryusselga amalga oshirgan tashrifidan so‘ng, Toshkentdagi forum Yevropa Ittifoqi – Markaziy Osiyo hamkorligini yangi strategik bosqichga olib chiqqan yilning navbatdagi muhim voqeasiga aylandi”, – deb forumga baho berdi YeI delegatsiyasi.

Forum, shuningdek, ikki mintaqa o‘rtasidagi ustuvor yo‘nalishlarning tobora uyg‘unlashayotganini tasdiqladi. Xususan, muhim xomashyolar, raqamli transformatsiya, energetika infratuzilmasi hamda boshqaruv islohotlari sohalarida sezilarli yaqinlashuv kuzatildi. Toshkentda kelishilgan natijalar o‘zaro manfaatli sheriklikni mustahkamlash hamda mintaqa bo‘ylab barqarorlik va farovonlikni ilgari surishda muhim qadam hisoblanadi.



Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring