Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Yevropani gaz taqchilligidan qaysi davlat qutqarishi mumkinligi ma’lum bo‘ldi

Yevropani gaz taqchilligidan qaysi davlat qutqarishi mumkinligi ma’lum bo‘ldi

Ozarbayjon Yevropaga gaz yetkazish ko‘rsatkichini 16 milliard kubometrga yetkazmoqchi.

Foto: AP

Ukraina va Rossiya ziddiyati sabab Yevropa mamlakatlari gaz ta’minotida muammolar yuzaga kelishi xavfi ortmoqda. Shu sabab ko‘hna qit’a muqobil gaz ta’minoti yo‘llarini qidirmoqda. Bu borada esa Ozarbayjon maqbul variant bo‘lishi kutilmoqda.

Yevropa Ittifoqining energetika bo‘yicha komissari Kadri Simson Ozarbayjondan yillik gaz yetkazish berishni miqdorini 10 milliard kubometrga yetkazishni so‘radi. Reuters agentligi xabariga ko‘ra, yevropalik yuqori martabali mulozim Ozarbayjonni energiya bo‘yicha ishonchli hamkor deb atagan. 

«Ta’minotdagi uzilishlar hamda energetika bozoridagi narx qimmatlashuvi sabab Ozarbayjondan gaz xarid qilish ko‘rsatkichining oshirilishi biz uchun muhim ahamiyat kasb etadi», – deydi YeI komissari.

Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev o‘tgan hafta Bokuda Janubiy gaz koridori bo‘yicha VIII xalqaro vazirlar uchrashuvida mamlakat hamkor davlatlarning gazga bo‘lgan oshib borayotgani ehtiyojini qoplashga tayyorligini bildirgan. 

«Yangi bozorlarda Ozarbayjon gaziga talab o‘sib bormoqda. Biz bu jarayonga tayyormiz, chunki Ozarbayjon xalqaro bozorda energetika manbalarini yetkazish borasida ishonchli yetkazib beruvchi bo‘lib kelgan», – deydi I.Aliyev.

Qayd etilishicha, o‘tgan yili Ozarbayjon 19 milliard kubometr tabiiy gaz eksport qilgan. Eksportning asosiy ulushi Turkiya (8,5 milliard kubometr) va Italiya (7 milliard kubometr) hissasiga to‘g‘ri kelgan. Shuningdek, Gretsiya, Bolgariya, Gruziya ham katta miqdorda gaz sotib olgan.

3500 kilometrli Janubiy gaz koridori Yevropaning Rossiyaga qaramligiga chek qo‘yishi kutilmoqda. Foto: SGC

Yevropa mintaqa davlatlari bilan hamkorlikda energetika borasida Rossiyaga qaramlikni kamaytirish maqsadida Janubiy gaz koridori loyihasini amalga oshirmoqda. Mazkur yirik loyiha Janubiy Kavkaz (SCP), Transanatoliya (TANAP) hamda Transadriatika (TAP) kabi uch yirik gaz yetkazish tizimini birlashtiradi. Ozarbayjondan Italiya qadar, 3500 kilometrga cho‘zilgan gaz quvurlari Yevropaning energetika xavfsizligini ta’minlashga xizmat qiladi.

45 milliard dollarli Janubiy gaz koridor XXI asrning yirik loyihalaridan biri deb baholanmoqda. Mazkur loyiha doirasida Ozarbayjon Yevropaga gaz yetkazish ko‘rsatkichini oshirib bormoqda. 

2021 yil oktyabr oyida Ozarbayjon energetika vaziri Parviz Shahbozov mamlakat 2022-yilda Yevropa va Turkiyaga gaz eksportini 16 milliard kubometrga yetkazishni rejalashtirayotgani haqida gapirgan.

Prezident I.Aliyev Ispaniya matbuotiga bergan intevyusida Ozarbayjonning tasdiqlangan tabiiy gaz zaxirasi 2,6 trillion kubometr ekani, bu esa ichki va tashqi ehtiyoj uchun kamida 100 yilga yetishini ma’lum qilgan.

S.Salim

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring