«Eyfelni o‘z egasiga qaytaring!» — Jazoirlik jurnalist shov-shuvli talab bilan chiqdi
Nafaqat Fransiya, balki dunyoning eng ko‘p sayyoh tashrif buyuradigan maskanlaridan biri – Eyfel minorasi borasida nizo kelib chiqdi.
Jazoirlik jurnalist Muhammad Allal Lina Television telekanali efirida Eyfel minorasi uning vatanidan o‘g‘irlangan metalldan barpo etilganini ta’kidlab, Fransiya uni zudlik bilan qaytarishi lozimligini aytdi.
Qayd etilishicha, dunyoga mashhur minora qurilishida aynan Jazoir hududida qazib olingan ma’danlardan foydalanilgan. Jurnalist, shuningdek, Jazoirni bosib olgani va mamlakat boyliklarini tashib ketgani uchun Fransiyadan rasman uzr so‘rashni ham talab qildi.
Fransuz matbuoti Jazoirning talabini rad etgan va minorani tiklash uchun istifoda etilgan temir Lotaringiya muzofotidan keltirilganini ma’lum qilgan.
Parij markazidagi Eyfel minorasi farang o‘lkasi ramziga aylangan me’moriy inshoot sanaladi. Minora 300 nafar quruvchi tomonidan rekord darajada qisqa muddatda – 2 yil 2 oy va 5 kun davomida (1887 yil 28 yanvardan 1889 yil 31 martga qadar) barpo etilgan. Minoraning metall konstruksiyasi vazni 7300, umumiy og‘irligi esa 10100 tonnadan ziyodni tashkil etadi. Inshootning bosh konstruktori Gyustav Eyfel dastlab o‘z ijodiy mahsulini shunchaki «300 metrli minora» deb atagan. Keyinroq me’moriy inshoot bosh konstruktor sharafiga Eyfel deb nomlangan.
1889 yili Parijda uyushtirilgan Butunjahon ko‘rgazmasi uchun muvaqqat inshoot o‘laroq qurilgan minora keyinroq buzib tashlanishi ko‘zda tutilgan edi. Minoraning tarhi va me’moriy yechimi XIX asr fransuz ziyolilarining keskin tanqidiga uchragan. Ular metall qurilma Parijning asrlar davomida shakllangan latif me’moriy uslubini qo‘pol ravishda buzadi deb hisoblaganlar. Bir guruh adib va rassomlar minora qurilishini to‘xtatishni talab qilib poytaxt hokimligiga maktub ham yo‘llagan. Ammo temir minora kutilmaganda shuhrat va e’tirof qozongan. Dastlabki olti oyning o‘zida Eyfelni tomosha qilish uchun 2 milliondan oshiq sayyoh tashrif buyurgan. Qurilish xarajatlari ham bir necha yil ichida qoplangan. Shu tariqa poytaxt ma’muriyati minorani buzib tashlash fikridan qaytgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter