Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Farzandsizlik, turmadagi muhabbat: Alisher Usmonovning sevgi tarixi (foto)

Farzandsizlik, turmadagi muhabbat: Alisher Usmonovning sevgi tarixi (foto)

Rossiyalik o‘zbek milliarderi Alisher Usmonov va badiiy gimnastika bo‘yicha afsonaviy murabbiy Irina Viner-Usmonovaning muhabbat tarixi haqida ko‘pchilik bilsa kerak. Bilmaganlar uchun quyida shu haqda hikoya qilamiz.

Bu juftlik deyarli yarim asr birga bo‘lgan, shundan 30 yilini nikoh bilan bog‘lagan. Ularning sevgi tarixi ekranlashtirishga loyiq. Ikkovi dastavval Toshkentdagi Sport saroyida uchrashishadi: Usmonov qilichbozlikni o‘rganishga borgan, Viner gimnastika bilan shug‘ullangan. O‘sha paytda yosh Alisher bir ko‘rishda yoqtirib qoladiyu, lekin indamaydi va Moskvaga ketadi. Ularning qayta ko‘rishishi uchun oradan bir necha yil o‘tadi.

«U paytda uni tanimasdim, lekin bir ko‘rishda yoqtirib qoldim. U qalbimga butun umrga muhrlandi. Ikkita hayotimga desa ham bo‘ladi», deb eslaydi Alisher.

Irina ish bilan bo‘lib, Moskvaga borganda ular ko‘chada tasodifan to‘qnashadi. Bu paytda qiz turmush qurgan, bir o‘g‘li ham bor edi.

«U meni o‘ziga aqli bilan rom etgandi. Hayotga bo‘lgan keng dunyoqarashi bilan. O‘zining san’at, sport, adabiyot va siyosat haqidagi bilimlari bilan», deya xotirlaydi Viner.

O‘qishni bitirgach, Alisher Toshkentga qaytadi. Irina bu paytda eridan ajrashgani uchun ularning munosabatlari jiddiylasha boshlaydi. Lekin 1980 yilda Alisherni poraxo‘rlikda, firibgarlikda va ijtimoiy mulkni o‘zlashtirishda ayblashadi. Sud unga 8 yillik qamoq jazosini tayinlaydi. 2000 yilda u oqlanadi, O‘zbekiston oliy sudi ishni uyushtirilgan, deb topadi.

Lekin ularning muhabbatiga qamoq ham raxna sololmaydi. Alisher Irinaga turmada sevgi izhori qiladi: unga ipak ro‘polcha yuboradi. Bu o‘zbek odatlariga ko‘ra, qizning qo‘lini va dilini so‘rashni anglatadi. 1986 yilda Usmonov yaxshi xulqi uchun muddatidan avval turmadan chiqadi. Ular Moskvaga ko‘chib ketishadi va 1992 yilda nikohdan o‘tishadi.

«Afsuski, mening to‘yim bo‘lmagan. Men ko‘rgan to‘yda osmon shiftdan, yer esa poldan iborat edi», deya eslaydi Irina.

Biri kam dunyo deganlaridek, milliarder Alisher Usmonov shuncha yillik turmushda biror farzand ko‘rmaydi. Yakkayu yagona jiyani Toshkentdagi avtohalokatda vafot etadi. Lekin u Irinaning birinchi turmushidan bo‘lgan o‘g‘li Anton Vinerni o‘z o‘g‘lidek tarbiyalaydi, xorijda o‘qitadi, biznesida yordam beradi.

«Alisher juda band odam, men ham bekor o‘tirmayman. Lekin uchrashganimizda rosa gaplashamiz. Restoranda ko‘p yoshlarni ko‘raman, bir-biriga termulib o‘tirishadi, gaplashadigan gapi yo‘q», deydi Irina.

Ayni paytda Alisher Usmonov 11,5 mlrd. dollar daromadi bilan Rossiyaning eng boy odamlari reytingida 7-o‘rinda turadi. U Xalqaro qilichbozlik federatsiyasi prezidenti hisoblanadi. Uning eng yirik aktivlari «Metalloinvest», «Udokanskaya med», «Megafon», AliExpress Russia va «Akkermann Sement»dadir.

Irina Viner esa afsonaviy murabbiy bo‘lib, olimpiya chempionlarini yetishtirgan. Ularning orasida Alina Kabayeva, Margarita Mamun, Yevgeniya Kanayevalar bor. Shuningdek, u Butunrossiya badiiy gimnastika federatsiyasi prezidenti hamdir.

Bu ikki juftlik bor hayoti davomida bir-birini qo‘llagan, yordam bergan, ammo negadir endi yo‘llari ayro tushmoqda. Usmonov va Viner kecha ajrashishga ariza bergan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring