Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Fillerlarga qaramlik: yuz tanangizning bir qismi...  ishlov beradigan buyum emas

Fillerlarga qaramlik: yuz tanangizning bir qismi...  ishlov beradigan buyum emas

foto: chatgpt

Bundan besh, o‘n yil avvalgidan ko‘ra, hozir filler (shishirilgan) lablar, yonoqlarga ko‘pchilikning ko‘zi ham o‘rganib qoldi, go‘yo odatiydek... Xavotirli tomoni ham aynan shu.

Hozir filler qilganlarni kuzatsangiz, bir holatni ko‘p uchratasiz, ya’ni odam bir marta lablari yoki yuziga filler qiladi, keyin yana qiladi, yana... va birdan o‘z yuzini to‘g‘ri baholay olmay qoladi. Yuzi ancha o‘zgarib ketgan bo‘lsa-da, o‘zi buni sezmaydi. Mana buni “fillerlarga ko‘rlik yoki ishqibozlik”, deyishadi.

Bu ishqibozlikni ular qayerdan olayapti?

Birinchidan, ijtimoiy tarmoqlar juda katta ta’sir ko‘rsatyapti. Instagram, TikTokdagi filtrlar hammaning yuzini bir xil qilib qo‘ymoqda. “Hurliqo”larning aksariyatida  katta lablar, bo‘rtib chiqqan yonoqlar. Biz bularga shunchalik ko‘nikib ketayapmiz-ki, ko‘pchilikka haqiqiy yuzi “yetarli emas”dek tuyula boshladi.

Ikkinchidan, endi ko‘pchilik yuzini ko‘zguga qarab emas, telefon kamerasiga qarab baholaydigan bo‘lishdi. Layklar, ko‘rishlar soni va izohlar rosmana oddiy “ko‘zgu” dan muhimroq bo‘lib qoldi. Yuz insoniy butunlikning bir bo‘lagi, obrazi emas, balki bir parcha “maxsulot”ga  aylanib qoldi.

Uchinchidan, yoshlarimiz juda erta kosmetologiyaga murojaat qila boshladi. 16-17 yoshda odam hali o‘zini to‘liq qanday insonligini bilmaydi, qolaversa hali rivojlanishlar, o‘zgarishlar jarayonda bo‘la turib har qanday o‘zgarishni “tuzatish”, deb qabul qilishayapti.

Psixologik jihatdan nima bo‘lyapti?

Birinchi muammo — odam o‘z tanasini “sezish”ni yo‘qotyapti. Yuz tananing bir qismi emas, ya’ni jonli a’zo emas, balki o‘zgartirish mumkin bo‘lgan ob’yektga aylanyapti. O‘z yuziga oddiy buyumdek qaragani uchun ham,  “yetarli” degan tuyg‘u bo‘lmaydi, shuning uchun doim “yana bir oz”, deb davom etaveradi.

Ikkinchi muammo — o‘zini baholashda o‘zlarining ichki hislari bilan emas, balki boshqalarning fikri bilan baholash avjiga chiqdi. Filler qildim, e’tibor kuchaydi, demak “men qadrliman”  yoki “men go‘zalroqman”...  O‘ziga-o‘zi shunaqa bog‘liqlik yasab olgan va bu juda ruhiy jihatdan ancha xavfli signal.

Uchinchisi  — “men kimman” degan savolni “men qanday ko‘rinaman”, degan savol bilan almashtirib qo‘ymoqda (ana shu joyini qayta-qayta o‘qing).

Bu trendning eng xavfli tomoni — u allaqachon ijtimoiy jihatdan qabul qilingani. Ayniqsa, ko‘zga ko‘ringan shaxslar yuzini, labini o‘zgartirsa yanayam jamiyatda bu “trend” ommaviy tezroq qabul qilinadi.  Blogerlar yuz va labni shishirishni ortiqcha va bo‘rttirib maqtayapti, ularni menga o‘xshagan birortasi mutaxasislik nuqtai nazari bilan tanqid qilsa dushmanlik deb qabul qilinadi. Xullas, shunday qilib bunday narsalardagi me’yor tushunchasi asta-sekin siljib siljib, ilgari “ortiqcha” bo‘lgan narsa endi “odatdagidek” yoki “me’yor” tuyula boshlaydi.

Qachon tashvishlanish kerak?

Agar odam doim yuzidan norozi bo‘lsa, doimo “yana ozgina tuzatish” istasa, kayfiyati faqat tashqi ko‘rinishga bog‘liq bo‘lsa — bu allaqachon psixologik muammo.

Nima qilish mumkin?

Birinchidan, o‘z tanangizni “seza boshlash”ni o‘rganing.

Ikkinchidan, faqat yuzingizga emas, balki kim ekanligingizga e’tibor bering, ya’ni qiziqishlaringiz, orzularingiz, qadriyatlaringiz...

Uchinchidan, ijtimoiy tarmoqlar qanday ishlashini tushunib oling — u yerda hamma sun’iy. Agar juda qiynalsangiz, psixologga murojaat qiling.

Xulosa qilib aytganda, bu mavzu faqat lablar haqida emas. Bu o‘zimizni yo‘qotish haqida. Tananing tashqi ko‘rinishini kurash maydoniga aylantirmang, balki u o‘zimizni qabul qilish manbai bo‘lishi kerak. Bu fikrlarni qabul qilsangiz yoki tushunsangiz ko‘p muammolardan qutulasiz.

Tanangizga g‘amxo‘r bo‘ling!

Madina Miytan, psixolog

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring