Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Anvar Namozov

Dunyoda tasodif yo‘q, bu so‘zlarni o‘qiyotganingiz ham tasodif emas!

Fotofakt! Peshonaga yozilgan «2»lar... Qayerda va qachon?

Fotofakt! Peshonaga yozilgan «2»lar... Qayerda va qachon?

Shu kunlarda ijtimoiy tarmoqda quyidagi rasm va izoh tarqalmoqda. Unda aytilishicha, (go‘yo) Toshkent viloyati Bekobod tumanidagi 5-maktabning Muborak ismli o‘qituvchisi darsni o‘zlashtirmagan 1-sinf o‘quvchilarining peshonasiga ruchka bilan «2» raqamini katta qilib yozgan. Keyin esa tengdoshlariga ko‘rsatgan. Bu o‘quvchilar peshanasidagi raqamlarni o‘chirishgan, ammo o‘qituvchi qaytadan yana yozgan.

Mazkur ma’lumot manzili qanchalik haqiqatga yaqin, hali ayon emas, biroq bolalarning manglayiga bitilgan raqamlar aniq aks etgan. Ularning 1-sinf o‘quvchisi ekanligi ham noma’lum. Odatda 1-sinf o‘quvchilariga raqamlar bilan emas, gullar va turli ramzlar orqali baho qo‘yilardi. Kichkintoylarni rag‘batlantirish uchun ham 2 baho qo‘yilishi kamdan-kam uchraydigan holat. Tag‘in kim bilsin! Bu ma’lumot bejiz tarqalmagandir.

Ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari ushbu hodisaga turlicha munosabat bildirishmoqda. Ayrimlar o‘qituvchining tamg‘asini «pastkashlik», «gestapo» desa, ba’zilar esa yoqlab ma’qullagan.

«Nima jinnilik bu? Bolaning ruhiyatini sindirib, o‘ziga nisbatan ishonmaslik tuyg‘usini uyg‘otish-ku, bu o‘qituvchi emas, vahshiy odam», – deb yozadi Nigora Jalolova.

Zaynabxon Abdulvahob qizi shunday qayd etgan: «Bu o‘qituvchini avval o‘ziga o‘rgatish kerak. O‘qituvchining vazifasi o‘quvchilarga ilmga muhabbat uyg‘otish. Ota-ona esa tarbiyasiga mas’ul».

«Balki bu bolalarning sho‘xligidir, o‘qituvchini asossiz qoralash balki kerak emasdir?» – deydi Shuhrat Hojiyev.

Zelimxan Sultan shunday yozadi: «Yaxshi ish kilmabdi bu muallima, ha, bolalarning ko‘nglini sovitib. Undan ko‘ra chiroyli tushuntirib, senlar yaxshi o‘qimasang, hammaga kulgi bo‘lasan, degan gaplar bilan yo‘lga solsa, uyalganidan ham yaxshi o‘qiydi, ular hali bola-ku!»

Farhod Akramov: «Bizning bir o‘qituvchimiz sinfdosh o‘rtog‘imizning peshonasiga shu tariqa baho qo‘ygan edi. Darsni yaxshi o‘zlashtirmaganligi sababli. Bu ish sinfdoshimizga qattiq ta’sir ko‘rsatib, keyinchalik faqat a’lo baholarda o‘qib maktabni tugatdi. Hozir poytaxtda yuqori tashkilot rahbari. Bu voqeani eslatsak, ustozdan minnatdor ekanligini aytadi. Bu yigitchalar (rasmdagi bolalar nazarda tutilmoqda) ham darslarini yaxshi o‘zlashtirib, jamiyatga foydali inson bo‘lib yetishsa, ajab emas».

«O‘qituvchi to‘g‘ri qilgan, agar mening farzandim ham yomon o‘qib o‘qituvchisi peshonasiga «2» baho qo‘ysa, o‘qituvchiga «Sizdan minnatdorman» deb aytardim!!!» – deya yozadi Sarvar Ergashev.

Elbek Rizayev: «Ota-ona bola bilan dars qilmasa kerak, shuning uchun o‘qituvchisi «2» bahoni ko‘rsin, degan»...

Xullas, ijtimoiy tarmoqda, odatdagidek, bir-biriga zid gap-so‘zlar bolalamoqda. Ijtimoy tarmoq foydalanuvchilari qanchalik talashib-tortishib yozishmasin, o‘qituvchining bunday «tamg‘a» qo‘yishi pedagogikaga to‘g‘ri kelmaydigan holatdir.

Eslatib o‘tamiz, bundan ancha vaqt avval shunga o‘xshash bir hodisa ham muhokamalarga sabab bo‘lgan edi. O‘shanda o‘qituvchi ayol darsni o‘zlashtira olmagan o‘quvchining yuziga tupurishni sinfdoshlaridan talab qilgani yozilgandi.

Yuqoridagi holat yuzasidan Xalq ta’limi vazirligi aniqlik kiritsa, maqsadga muvofiq bo‘lardi...

Izohlar 1

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring