Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Fransiyani quvib o‘tgan, o‘qituvchilarni e’zozlaydigan, narx-navo pasayib borayotgan mamlakat

Fransiyani quvib o‘tgan, o‘qituvchilarni e’zozlaydigan, narx-navo pasayib borayotgan mamlakat

Jahonda aholisining soni bo‘yicha Xitoyni ortda qoldirgan Hindiston 1949 yilning 26 noyabrida qabul qilinib, 1950 yil 26 yanvar kuni kuchga kirgan Konstitutsiya bilan boshqariladi.

Hindiston – mamlakat hayotida parlament va u tuzadigan hukumat katta rol o‘ynaydigan respublika. Parlamentning asosiy vazifasi qonun qabul qilishdan iborat. Shu bilan birga boshqa vazifalarni ham bajaradi. Xalq palatasi hukumatni tasdiqlaydi va hukumat faoliyatini nazorat qiladi. Mamlakat parlamenti uch tarkibdan – Hindiston Respublikasi prezidenti, Xalq palatasi (Vakillar palatasi, Lok Sabxa) va Shtatlar Kengashi (Radxya Sabxa)dan iborat.

Hindiston eng ko‘p tilli mamlakat sifatida tan olinadi. Bu mamlakatda aholi 845 til va lahjada so‘zlashadi.

Hindistonda o‘qituvchilar kuni 5 sentyabrga to‘g‘ri keladi. Mamlakatdagi barcha murabbiylar jamiyatga kerakliklarini yana bir bor dildan his qiladilar. 5 sentyabr – 1962 yildan 1967 yilga qadar Hindiston prezidenti lavozimida faoliyat ko‘rsatgan doktor Sarvepalli Radxakrishnanning tavallud topgan kun.

Ma’lumotlarga qaraganda, hammaslaklari bir kuni prezidentga murojaat qilib, tug‘ilgan kunini nishonlashga rozi bo‘lishini so‘raganlarida, davlat rahbari o‘z hamkasblari bo‘lmish – o‘qituvchilar kunini nishonlash kerakligini taklif qilgan. Shu-shu, 5 sentyabr Hindistonda O‘qituvchilar kuni bayram qilinadi. Badavlat oilada tavallud topgan Sarvepalli Radxakrishnan mamlakatdagi bir qator kollej va  universitetlarda dars bergan, Hindiston oliy ta’limini isloh qilishga bosh-qosh bo‘lgan va o‘z vatandoshlarining ta’lim olishi uchun bor kuch-g‘ayratini sarflagan. Ayni damda hind xalqi Sarvepalli Radxakrishnan va u joriy qilgan O‘qituvchilar kuniga hurmat bilan qaraydilar.

Xalq palatasi quyi palata vazifasini bajaradi. Xalq vakillari bo‘lmish Lok Sabxa deputatlari to‘g‘ridan-to‘g‘ri xalq tomonidan yashirin ovoz berish yo‘li orqali saylanadi. Konstitutsiyaga ko‘ra, Xalq palatasining a’zolari kamida 552 nafar bo‘lishi kerak (530 a’zo shtat vakillari, 20 nafari ittifoq hududlari va 2 nafari ingliz-hind jamoalari vakillari bo‘lib, prezident tomonidan tayinlanadi). Deputatlar shtatlarning aholisi soniga qarab taqsimlanadi. Ayollar deputatlarning uchdan bir qismini tashkil qilishi kerak.

Bugungi kunda Lok Sabxa a’zolari 545 nafarni tashkil etib, ularning 530 nafari umumxalq tomonidan saylangan. 13 nafari esa ittifoq hududlarining vakilidir. 2 nafari Prezident tomonidan tayinlangan. Quyi palatada Milliy Demokratik Alyans (295 deputat), Hindiston Milliy Kongressi va uning ittifoqchilari (132 deputat), So‘l Alyans (42 deputat) va boshqa partiyalarning (65 deputat) vakillari bor.

Ta’kidlash kerakki, prezidentning o‘zi ham parlament a’zosi hisoblanadi. Vakillar palatasining vakolati birinchi sessiya ish boshlagan davrdan e’tiboran besh yildir.

Biroq, prezident bosh vazir tavsiyasiga binoan yoki hukumat iste’foga chiqishi munosabati bilan parlamentni muddatidan avval tarqatib yuborishi mumkin. Shu sababli parlament vakolati – 1, 2, 3 yil deb ko‘riladi. Favqulodda vaziyatlarda Vakillar palatasi vakolati bir yilga uzaytirilishi mumkin.

Lok Sabxa parlamentga ishonchsizlik bildirish huquqiga ega. Bu holda hukumat iste’foga ketadi yoki prezident parlamentni tarqatib yuboradi. Ko‘pincha parlament tarqatib yuboriladi. Moliyaviy sohadagi barcha qonunlar faqat Lok Sabxa tomonidan qabul qilinadi. Boshqa mamlakatlarda bo‘lgani kabi Hindiston parlamentining quyi palatasida ham partiyalarning fraksiyalari mavjud.

Shtatlar Kengashi – Radjya Sabxa parlamentning yuqori palatasi vazifasini bajaradi. Bu Kengash shtatlar manfaatlarini himoya qiladi va shuning uchun ham shtatlar tomonidan shakllantiriladi. Yuqori palata tarqatib yuborilishi mumkin emas. Radjya Sabxaning 245 a’zosi shtatlar va ittifoq hududlari qonun chiqaruvchi idoralari tomonidan 6 yil muddatga saylanadi. Qolgan 12 a’zosi esa (adabiyot, fan, san’at namoyandalari va jamoat ishlarida faol ishtirok etgan fuqarolar) prezident tomonidan tayinlanadi. Har 2 yilda Shtatlar Kengashi a’zolarining uchdan bir qismi yangilanadi. Natijada yuqori palata a’zolari 6 yilda yangilanadi.

Shtatlar kengashiga vitse-prezident rahbarlik qiladi. Biroq uning vakolatlari cheklangan. Shtatlar kengashida Milliy Demokratik Alyans (99 a’zo), Hindiston Milliy Kongressi (58 a’zo) va boshqa partiyalarning (86 a’zo) vakillari bor.

Hindiston hududlarida yuzlab siyosiy partiya faoliyat yuritadi. Shtat qonun chiqaruvchi organlariga o‘tadigan saylovlarda 300 ga yaqin siyosiy partiya qatnashadi. Biroq Umumhindiston partiyalarining soni 10 tadan oshmaydi. Hindistonda uzoq yillar davomida bitta partiya hukmronlik qilgan ko‘p partiyaviylik tizimi amal qilgan. Avvaliga Hindiston Milliy Kongressi, so‘ngra Indira Gandi boshchiligida va uning tarafdorlari partiyasi (1966 – 77 yy) va (1980 – 84 yy) hukumat tuzgan. Biroq bu an’ana 1977 – 79 yillarda buzildi. Hindiston Milliy Kongressi mamlakatdagi eng katta partiya bo‘lishiga qaramay, parlamentda hukumatni shakllantira oladigan kuchga ega emas. Shu sababli bu partiya boshqa partiyalar bilan kaolitsiya tuzishga majbur.

Hindistondagi yirik siyosiy kuchlardan biri bo‘lmish, mamlakat birligini mustahkamlash, jamiyat hayotini demokratlashtirish, dehqonlarning qarzlaridan voz kechish kabi g‘oyalarni ilgari suruvchi Bharatiya Djanata – markaziy mavqeni egallovchi o‘ng partiya hisoblanadi.

Hindistonda siyosiy partiyalar faoliyati to‘g‘risida qonun yo‘q. Siyosiy partiyalar faoliyati mavjud qonunlar bilan amalga oshiriladi. 1985 yilda Konstitutsiyaga kiritilgan o‘zgartishga ko‘ra, partiya a’zosi bo‘lmish bir partiya vakili ikkinchi partiyaga o‘tgudek bo‘lsa, u holda deputatlik mandatidan mahrum bo‘ladi.

Hindiston – dunyoda eng ko‘p millatli mamlakatlardan biri. U yerda turli tillarda so‘zlashuvchi bir necha yuz millat, elat va qabila yashaydi. Ularning boshini qovushtiruvchi, tinchlik va hamjihatlikda yashashini ta’minlaydigan  amaldagi konstitutsiya 1950 yil 26 yanvardan kuchga kirgan. Shundan beri 26 yanvar – respublika kuni sifatida nishonlanadi. 1948 – 1960-yillarda mamlakat huquqiy tizimida yuz bergan eng muhim islohotlar yangi konstitutsiyaning qabul qilinishi bilan bog‘liq. Mamlakatning Asosiy qonuni 1949 yil 26 noyabrda qabul qilinib, 1950 yil 26 yanvardan kuchga kirgan. U dunyodagi eng katta konstitutsiya bo‘lib, preambula (muqaddima) va 491 ta moddani o‘z ichiga olgan 25 bo‘limdan iborat. Unda fuqarolarning demokratik huquq va erkinliklari hamda kafolatlariga keng o‘rin ajratilgan.

Huquq sohasining asosiy manbasi qonunlar va sud pretsedenti hisoblanadi. Qonunchilik va sud qarorlari konstitutsiyaga muvofiq bo‘lishi shart. Konstitutsiyaviy nazoratni amalga oshirish huquqi Oliy sudga tegishli. Mamlakatda qonun hujjatlari iyerarxiyasi quyidagicha: konstitutsiya, qonunlar, prezident farmon (ordonans)lari.

Osiyoning qudratli davlatlaridan biri Hindiston mamlakatimiz bilan tarixiy munosabatlarni mustahkamlash niyatida. Aholisi soni bo‘yicha dunyoda ikkinchi o‘rinni egallovchi Hindistonning dinamik ravishda rivojlanayotgan demokratik jamiyat qurishga erishgani keng miqyosda tan olinadi. Hindiston bularning barchasiga bir necha asrlik xorijiy mustamlakachilik asorati ortidan erishgan.

Hindistonning birinchi Bosh vaziri Javoharla’l Neru mamlakatda dastlab davlat boshqaruviga asoslangan tuzumni o‘rnatdi. Bora-bora hukumat xususiylashtirish siyosatini jiddiy ravishda hayotga tatbiq etishni boshlaydi. Dunyoda eng ko‘p paxta yetishtirayotgan davlatlar uchligiga kiruvchi Hindiston tez orada qishloq xo‘jaligi va to‘qimachilik mahsulotlarini eksport qiluvchi ilg‘or davlatlar safidan ham o‘rin oladi. Buning ortidan qo‘shnisi va asosiy raqibi Xitoy hamda boshqa qudratli davlatlar Hindistonga qiziqish ko‘rsata boshlaydi. Hindiston shaharlarida kundan-kunga gullab-yashnayotgan o‘rta sinf shakllanadi va ular axborot texnologiyasi sohasida katta yutuqlarni qo‘lga kiritadi. Hozirda mamlakat o‘z sun’iy yo‘ldoshlarini fazoga uchirish bilan birga Oyni zabt etishni ham rejalashtirgan.

2014 yili  hukumat tepasiga kelgan Bosh vazir Narendra Modi aholi kambag‘al qatlamining hayotini yaxshilash va iqtisodiy islohotlarni davom ettirishni o‘zining asosiy vazifasi ekanini e’lon qilgandi.

Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, iqtisodiy taraqqiyotning rivojlanishi va aholi turmush darajasining ko‘tarilishi nuqtai nazaridan Hindiston ancha tezkor ildamlamoqda. Xususan, 2017 yilning birinchi yarmidan mamlakatdagi narx-navo ham jiddiy sur’atlarda pasayib borganligi qayd etildi. Bu 2016 yilning noyabrida mamlakat Bosh vaziri Narendra Modi tomonidan amalga oshirilgan valyuta siyosati natijasida muomaladagi ikki turdagi banknotalarning bekor qilingani bilan bog‘liq. O‘shanda mamlakatdagi ko‘pgina korxona va firmalar faoliyatida keskin pasayish va halokatli bankrotlik holatlari kuzatildi. Ko‘pgina korxonalar mazkur reforma natijasida barbod bo‘lish darajasiga kelib qolgandi. Ammo ko‘p o‘tmasdan ahvol birdaniga o‘nglandi va iqtisodiyotda hayot qayta jonlandi. Endi mamlakatda ishlab turgan korxonalar faoliyatida to‘xtamasdan o‘sish kuzatila boshlandi. Xalqaro valyuta jamg‘armasi joriy yil moliyaviy ko‘rsatkichlari bo‘yicha Hindiston Xitoydan kamida 7,4 foizga o‘zib ketishini taxmin qilmoqda. Buning sabablaridan biri sifatida Hindistondagi 100 milliondan ortiq kichik firmalarning muvaffaqiyatli ishlab turgani aytilmoqda.

Yana bir qiziq ma’lumot. 2017 yilda Hindiston Fransiyani quvib o‘tib, yalpi ichki mahsulot ishlab chiqarish hajmi bo‘yicha dunyo mamlakatlari ro‘yxatida oltinchi o‘rinni egalladi. Soha ekspertlari yaqin o‘n yilda Janubiy Osiyoning bu mamlakati jahonning uchta yirik iqtisodiyotlaridan biriga aylanishini bashorat qilayotgani ham bejiz emas. Negaki oxirgi yillarda davlat sanoatni va ilg‘or axborot texnologiyalarini kuchaytirish, eksportni kengaytirish va global integratsiya jarayonlarida faol qatnashish hisobiga jiddiy siljishga qo‘l urdi. Afsuski, ijtimoiy tengsizlikning yuqori ko‘rsatkichi va malakali kadrlarning yetishmovchiligi Dehli uchun jiddiy bosh og‘riq bo‘lib qolmoqda. Shunga qaramay, «hind mo‘’jizasi» jahon iqtisodiyoti manzarasiga o‘zgarish kiritib bo‘ldi.

Odatda hind iqtisodiyotining o‘sishi demografik omil bilan bog‘lanadi. Bugungi kunda aholi soni 1,4 milliarddan oshgan. Bunday vaziyat xizmat ko‘rsatish sohasini rivojlantirish uchun barcha sharoitlarni yuzaga keltiradi. Uning yalpi ichki mahsulotdagi ulushi esa 50 foizdan oshib ulgurdi. Ayni paytda Hindiston qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining ilg‘or eksportchisiga aylandi. Ayniqsa, Xitoy bozorida oziq-ovqat mahsulotlari yetishmovchiligidan muvaffaqiyatli tarzda foydalanib, Chin bozorini zabt etdi. Xitoy to‘qimachilik mahsulotlari sezilarli qimmatlashuvi ortidan Hindiston butun dunyoga arzon gazlama mahsulotlarini yetkaza boshladi, ya’ni Xitoy bozorining o‘rinbosariga aylandi.

Qaram mamlakatdan mustaqil iqtisodiy yirik davlatga aylanishi quvonarli, albatta. Bu uning global integratsion jarayonlarga faol qo‘shilishi bilan ham izohlanadi. Hindistonning ShHTga a’zo bo‘lishi, shuningdek, YevroOsiyo iqtisodiy hamjamiyatiga a’zo davlatlar bilan erkin savdo zonasini tashkil etish borasidagi muzokaralari iqtisodiyoti kelajagi yo‘lidagi izlanishlardan biridir. Zero, hali oldinda yechilishi lozim bo‘lgan muammolar talaygina. YaIM yuqori ko‘rsatkichlariga qaramay, aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan mahsulot 1 ming 963 dollarga teng, Xitoyda esa bu raqam 7 ming 330 dollarni tashkil etadi.

Xalqaro munosabatlarda ham Dehli Janubiy Osiyoning, so‘zsiz, yetakchisi. Qolaversa, uning boshqa mintaqalarda, xususan, janubi-g‘arbiy va janubi-sharqiy Osiyodagi geosiyosiy ta’siri kuchayib borayotganini ham ta’kidlash o‘rinli. Bunga davlatning o‘sib borayotgan harbiy-siyosiy imkoniyatlari va yadroviy davlat maqomi imkon beradi.

Iqtisodiyotning sezilarli ko‘tarilishi, ilg‘or axborot texnologiyalari sohasidagi yetakchilik, yadroviy qurol, yetakchi davlatlar bilan strategik sherikchilik va shu kabi omillar yaqin istiqbolda Hindistonning nafaqat mintaqadagi, balki xalqaro hamjamiyatdagi yetakchilik rolini belgilab bersa ajab emas!

Hindiston, Afg‘oniston va Markaziy Osiyo davlatlari tarixan bir-biriga yaqin, kelajagi mushtarak. «Hindiston – Markaziy Osiyo» muloqoti bu tarixiy mushtaraklik bugun ham izchil davom etishi kerakligini yana bir bor tasdiqladi.

Ta’kidlash kerakki, O‘zbekiston va Hindiston – o‘zaro munosabatlarini chuqurlashtirish maqsadida bir-biriga talpinayotgan mamlakatlar.

O‘zbekiston va Hindiston xalqlari do‘stona aloqalarining tarixi o‘z ildizlari bilan uzoq o‘tmishga borib taqaladi. Ular hamisha alohida iliqlik, bir-biriga nisbatan samimiy hurmat va o‘zaro qiziqish bilan ajralib turgan.

 Bugungi kunda mamlakatlarimiz o‘rtasida deyarli barcha sohalardagi munosabatlarni rivojlantirish imkonini beradigan salmoqli shartnomaviy-huquqiy asos mavjud.

Turli darajadagi muntazam tashriflar, uchrashuv hamda o‘zaro fikr almashuvlar mexanizmi samarali amal qilmoqdaki, bunday tadbirlar chog‘ida hamkorlikning dolzarb masalalari muhokama qilinishi barobarida, sheriklikning yangi yo‘nalishlari belgilab olinmoqda. Shu bilan birga, mintaqaviy va global xavfsizlikni ta’minlash masalalari yuzasidan tomonlar sa’y-harakatlarining muvofiqligini ham qayd etish zarur.

Hindiston va O‘zbekistonning bu boradagi nuqtai nazarlari o‘xshash yoki biri-biriga mosdir. O‘zbekiston va Hindiston iqtisodiyot, savdo-sotiq, madaniy va boshqa sohalarda ko‘p qirrali hamkorlik uchun ulkan salohiyatga ega. Salmoqli shartnomaviy-huquqiy bazaning mavjudligi esa uzoq muddatli asosdagi strategik sheriklik bilan ifodalanadigan barcha yo‘nalishlardagi o‘zaro aloqalarni yanada rivojlantirish uchun mustahkam zamin bo‘lib xizmat qiladi.

Sharofiddin To‘laganov

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring