Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Gaz narxining «vodiycha raqsi» qachongacha davom etadi?

Gaz narxining «vodiycha raqsi» qachongacha davom etadi?

Foto: «Xabar.uz»

Farg‘ona vodiysida, xususan, Namangan viloyatida ham tabiiy gaz muammosi qish kunlariga kelib dolzarb masalaga aylanadi. 2018-yil 16-noyabrdan avtomobillarga gaz quyish shoxobchalarida gazni narxi 11 so‘mga ko‘tarilgandi. Shu oyda tizimdagi bosim biroz pasayganda avtomobillarga gaz quyish shoxobchalarining ayrimlari belgilangan narxdan oshirib, 2100 so‘mdan narx qo‘yib olingandi. O‘z vaqtida ko‘rilgan monitoring natijalarida ushbu holat ikki kunda joyiga tushdi va narxlar 1750-1900 so‘m atrofida bo‘lib turdi.

Ya’ni, 2018-yil 24-noyabr kuni Moliya Vazirligining “RUZ-68-2018”-sonli buyrug‘iga asosan 2100 so‘mga oshgan gazni narxini 1900 so‘mga tushirishga erishilgan edi. Agarda gaz narxini belgilangan narxdan oshirib sotiladigan gaz quyish shoxobchalari aniqlansa, Moliya vazirligining buyrug‘iga ko‘ra, sanksiyalar qo‘llanilishi haqida ogohlantirishlar berilgan edi.

— Biroq 2019-yil 1-yanvar kuni fuqarolar tomonidan telegramdagi kanalimizga avtomobillarga gaz quyish shoxobchalarida gaz narxi 2100 so‘mga oshgani haqida murojaatlar kela boshladi, — deydi “Xabar.uz” portalining Namangan viloyatidagi muxbiriga O‘zbekiston Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi Namangan shahar ijro etuvchi apparati rahbari Husanboy Aliyev. — Ushbu murojaatga aniqlik kiritish maqsadida tezkor ishchi guruh tuzilib, Namangan shahrida faoliyat yuritayotgan avtomobillarga gaz quyish shoxobchalarda kuzatuv-o‘rganish ishlari olib borildi.

Darhaqiqat, o‘rganish davomida Namangan shahridagi 2 ta (“Bog‘ishamol obod” mas’uliyati cheklangan jamiyati va “Gaz fueling station” mas’uliyati cheklangan jamiyati) gaz zapravkalarida haqiqatdan 1 m. kub gaz narxi 2100 so‘mdan sotilayotgani aniqlandi. Shu kunning o‘zida respubikadagi yetakchi saytlar va ijtimoiy tarmoqlarda vodiyning boshqa viloyatlarida, masalan, Farg‘ona viloyatining Quva tumanida 2300 so‘m, Andijon viloyatida 2200 so‘mga gaz narxi oshgani, faqatgina Namangan viloyatida gazni narxi 1900 so‘mdan barqarorligi saqlab qolingani haqida xabarlar berildi.

Buni qarangki, Namangan shahrida faoliyat yuritayotgan avtomobillarga gaz quyish shoxobchalarining rahbarlari ham 2 yanvar kuni kechki soat 21:00dan gaz narxini ko‘tarishga qaror qilishdi. Natijada Namangan shahrining o‘zida siqilgan metan gaz narxi 3 xil ko‘rinishga keldi. 1750 so‘mdan 2200 so‘mgacha. Go‘yoki AYoQShlardagi 80-91-95 benzinga o‘xshab, gaz zapravkalar ham tabaqalashgandek tuyuldi.

Xo‘sh, bu kabi “o‘yin”lardan ko‘zlangan maqsad nima o‘zi? Qolaversa, narxni ko‘tarishga ushbu shoxobcha rahbarlarining qanday asosi bor? Uning qonuniyligini kim nazorat qiladi? Bu kabi savollar kishini chuqur o‘yga toldiradi.

2019-yil 1-yanvardan gaz zapravkalarda soliq narxi 55 so‘mga oshgani bor gap. Lekin gaz narxi oshmadi-ku? 55 so‘m uchun 300 so‘m ko‘tarib olish qaysi me’yoriy hujjatlarga to‘g‘ri keladi?

Namangan shahrida faoliyat yuritayotgan “Gaz fueling station” mas’uliyati cheklangan jamiyati (xalq tili bilan aytganda Teshiktosh) zapravkasi Moliya vazirligining qaroriga bo‘ysunmagan holda 2018-yil 5-dekabrdan yana gaz narxini 2100 so‘mga, 2019 yil 2 yanvar kuni esa 2200 so‘mga asossiz ko‘tarib olganiga nima deysiz?

— O‘zbekiston Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi Namangan shahar ijro etuvchi apparati o‘z oldiga bundan keyin ham bu kabi nazorat va amaliy tadbirlarni yanada jonlantirishni asosiy vazifa qilib qo‘ygan. Zero, har birimiz kundalik yurish turishimizda iste’molchi hisoblanamiz. Yurtboshimiz tomonidan oldimizga qo‘yilgan vazifalarni o‘z vaqtida sifatli bajarilishida, aholimizning turmush farovonligini oshirish, pirovardida odamlarni hayotidan rozi qilishda bor kuch va imkoniyatlarimizni safarbar qilamiz, — deydi tashkilot rahbari Husanboy Aliyev.

Oqilxon Dadaboyev

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring