Habibullo, Hafizullo, Abdullo va Maryam – 10 yil kutilgan tuhfa
Samarqandda dunyoga kelgan egizaklarga shunday ism berildi. Bolalarning ota-onalari farzandlarini 10 yillik intiqlikdan so‘ng Allohning tuhfasi deb bilishadi.
«Biz ularni uzoq kutdik, — deydi samimiyat bilan Munisa Bekmirzayeva. — O‘n yil! Bu aytishga oson. Bu yillar davomida qayerlarda tekshiruvlardan o‘tmadik, qaysi mutaxassislarga murojaat qilmadik. Biz turmush o‘rtog‘im bilan, bir kuni ota-ona bo‘lish baxtiga yetishimizga umidni yo‘qotmadik. Homiladorlik kutilgan va rejalashtirilgan edi. Biz oilaviy tarzda shifokorlar tavsiyasiga rioya qildik, sog‘lom turmush tarzida bo‘ldik, parhez tutdik. Shukurlar bo‘lsin, Alloh istagimizni ziyodasi bilan in’om qildi».
To‘rtlik egizaklar tug‘ilishi juda kamyob holat. Samarqand viloyatida so‘nggi yillarda to‘rtlik chaqaloq tug‘ilishi to‘rtinchi marta qayd qilindi. Tug‘uruq jarayoni o‘ziga xos bo‘lgani uchun ularning barchasi, xalq orasida 4-tug‘uruqxona deb ataluvchi, viloyat perinatal markazida dunyoga keltirilgan.
Munisaga ham kesercha kesish, ya’ni jarrohlik amaliyoti bilan bolalarini dunyoga keltirilishi oldindan rejalashtirilgan. Jarayon homila 34 haftaligida amalga oshirilgan. Ayol juda xavotirlanganini yashirmaydi. Tug‘uruq yaxshi o‘tgani, barcha bolalari sog‘lom ekanidan u xursand. Shifokorlarga, atrofidagi unga xayrixoh bo‘lgan har bir insonga rahmatlar aytadi.
Tug‘uruqdan so‘ng chaqaloqlar reanimatsiya bo‘limiga yotqizilgan. Ular yetarli vazn olmaguncha shu yerda parvarish qilinadi. Chunki, ular kichik vaznda tug‘ilgan. Eng kattasi 2 kilo 300 gramm va eng kichigi bir yarim kilogramm. Eng muhimi, ular sog‘lom va neonatolog shifokorlar nazoratida.
Shifokorlar, viloyat perinotal markazida 500 grammdan boshlanadigan ekstreminal kichiq vazndagi chaqaloqlarni parvarish qilish uchun barcha texnik sharoitlar mavjudligini aytishadi. Har yili bu yerda bir yarim ming atrofidagi chala tug‘ilgan go‘daklar yetarli vaznga keltiriladi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter