Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Harbiy-texnik institutda Oliy attestatsiya komissiyasi raisi bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi

Harbiy-texnik institutda Oliy attestatsiya komissiyasi raisi bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi

Foto: O‘zbekiston milliy gvardiyasi

O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi Harbiy-texnik institutida «Ilm-fan taraqqiyoti – jamiyat rivojlanishining kafolati» mavzusida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasi (OAK) raisi Yusupov Axmadbek Tadjiyevich ishtirokida davra suhbati bo‘lib o‘tdi. Suhbatda Milliy gvardiya Harbiy-texnik institutining rahbariyati, professor-o‘qituvchilari, doktorantlari va 60 dan ortiq mustaqil izlanuvchilar ishtirok etishdi.

Ochiq muloqot davomida OAK raisiga bir qator savol berilib, ularga berilgan atroflicha javoblar tinglandi, o‘rtaga tashlangan muammoli masalalar muhokama qilindi. Jumladan, yu.f.d., professor M.B.Usmonov tomonidan ilmiy unvonlarni olish uchun qo‘yilgan talablardan biri muvofiq keluvchi lavozim masalasi ekanligi, ba’zi hollarda ilm-fanda ko‘plab, yirik yutuqlarga erishgan mutaxassislar ish joyidagi lavozim taqozosi bilan ilmiy unvonlar olishda qiynalayotganliklari, ushbu muammoni yechishda OAK qanday yordam berishi mumkinligi to‘g‘risida savol berildi. Ushbu savolga javoban, OAK raisi hozirgi kunda mavjud nizomlarga o‘zgartirish kiritish bo‘yicha takliflar tayyorlangani, jumladan ularga ko‘ra ilmiy unvonlar berish talablaridan lavozim va muddatga qo‘yiladigan talablarni chiqarish taklifi asoslanganligi haqida aytib o‘tdi.

Shuningdek, Harbiy-texnik institut boshlig‘ining o‘rinbosari, yu.f.d. M.M.Mirakulov mavjud talablarga ko‘ra, fan doktori (DSc) 3 nafar izlanuvchiga, «dotsent» ilmiy unvoniga ega fan nomzodi yoki falsafa doktori (PhD) bir nafar izlanuvchiga ilmiy rahbarlikka biriktirilishi mumkinligi belgilanganligi, vaholanki, yurtimizda ilmiy darajalar olish uchun ilmiy-tadqiqot faoliyati bilan shug‘ullanayotgan mutaxassislar miqdorining keskin oshayotganligi sababli, ilmiy rahbar hamda ilmiy maslahatchilar yetishmovchiligi vujudga kelganligi, bu borada OAK qanday yechim taklif qilishi mumkinligi haqida savol berdi. O‘z o‘rnida A.T.Yusupov mazkur masala bo‘yicha tayyorlangan takliflar yuzasidan atroflicha ma’lumot berdi.

OAK raisi ilmiy-tadqiqot faoliyatiga axborot-kommunikatsiya texnologiyalarni keng joriy qilish yuzasidan, jumladan OAK va oliy ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasalari kengashlari, shuningdek, ilmiy darajalar beruvchi ilmiy kengashlar o‘rtasidagi barcha yozishmalar hamda ilmiy unvonlar va ilmiy darajalarda tasdiqlash bo‘yicha attestatsiya ishlari elektron hujjat aylanish tizimi orqali qabul qilinishi bo‘yicha tegishli dasturiy va ilmiy-tashkiliy chora-tadbirlar amalga oshirilayotgani to‘g‘risida batafsil tushuntirish berdi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring