Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Hidoyat» jurnalining obuna pullari qayoqqa ketdi?

«Hidoyat» jurnalining obuna pullari qayoqqa ketdi?

O‘zbekiston musulmonlari idorasining «Hidoyat», «Mo‘minalar» jurnallari, «Islom nuri» gazetasi musulmon xalqimiz sevib o‘qiydigan nashrlar hisoblanadi. O‘tgan yili ushbu nashrlardan «Hidoyat»ga bir yuz o‘n mingdan ortiq, «Mo‘minalar»ga o‘ttiz besh mingdan ortiq, «Islom nuri»ga sal kam o‘ttiz ming yurtdoshimiz obuna bo‘lgan. Lekin ularga gazeta jurnallarni vaqtida chop ettirib yetkazib berish ishlari negadir o‘lda-jo‘lda bo‘lib qoldi.

O‘zlari mablag‘ to‘lab obuna bo‘lgan nashrlarni ololmayotgan obunachilar haqli ravishda respublikamizning turli hududlaridan Toshkentga, «Movarounnahr» nashriyotiga, sohaga aloqador boshqa tashkilotlarga murojaat qilishyapti, fikr-mulohazalarini, e’tirozlarini bildirishyapti. Ushbu holatga izoh berish, oydinlik kiritish biz «Movarounnahr» nashriyoti bosh direktori Xolmat Atabayevga murojaat qildik.

Ma’lum bo‘lishicha, «Movarounnahr» nashriyoti direktori «Shamsuddinxon Boboxonov bosmaxonasi» mas’uliyati cheklangan jamiyat (direktor R.K.Jamilov) bilan shu yil 6 yanvarda tegishli shartnomani imzolagan. Unga ko‘ra, «Shamsuddinxon Boboxonov bosmaxonasi» MChJ diniy-ma’rifiy nashrlarni «Bajaruvchi» sifatida chop etib berish majburiyatini olgan. Shunisi qiziqki, ushbu shartnomada ko‘rsatilgan narxlar ayni shu diniy-ma’rifiy nashrlarni chop etish uchun boshqa bosmaxonalar taklif etgan narxlardan (bir dona nashr uchun) ming so‘m, sakkiz yuz so‘m qimmat?! Axir buni qanday tushunish mumkin? Bu o‘rinda taraflarning mablag‘larni noqonuniy o‘zlashtirish uchun til biriktirib olmayotganiga kim kafolat beradi? Axir bu shartnomada ozmuncha mablag‘ haqida kelishilmagan-ku!

Birgina «Hidoyat» jurnalini olsak, uni bir donasini chop etish uch yarim ming so‘m etib belgilangan. Boshqa bosmaxonalar esa oz-ko‘pi bilan ikki yarim ming so‘m narx taklif etishgan. Demak, o‘rtacha narx ikki yarim bilan ikki ming sakkiz yuz so‘m orasida bo‘lishi kerak. Ammo nashriyot «Shamsuddinxon Boboxonov bosmaxonasi»ga uch yarim ming so‘mdan bermoqda. Endi hisoblang. «Hidoyat»ning tiraji yuz ming nusxa bo‘lganida ham oradagi farq bitta sonda yuz million so‘mni, bir yilda esa bir milliard ikki yuz million so‘mni tashkil etadi. Bitta jurnalni chop ettirishda shuncha katta zarar bilan shartnoma imzolanishi «Buyurtmachi»ga nima uchun kerak? Bitta jurnalni chop etishda bugungi bozor narxlaridan yuqori olib, shuncha katta foyda ko‘rish «Bajaruvchi» tomonni «erkalatib» yubormaydimi?

Yana ham qiziq jihati shuki, nashriyot ushbu shartnomaga asosan bir yillik barcha bosmaxona xarajatlarini 5.578.800.000 (besh milliard besh yuz yetmish sakkiz million sakkiz yuz ming) so‘m mablag‘ni yanvar oyida birdaniga bosmaxona hisob raqamiga ko‘chirib bergan! Buni qanday izohlash mumkin?

Buning ustiga nashriyot direktori aytishicha, nashrlar bosmaxonaga chop ettirishga topshirilganidan so‘ng ularni chop etish sababsiz kechiktirishga yo‘l qo‘yilmoqda. Albatta, bu borada karantin cheklovlarini sabab qilib keltirishlari mumkin. Lekin obunachilar talab qilayotganlaridek, bahona axtargan emas, chorasini qidirgan, xolis niyat va mas’uliyat bilan harakat qilgan, albatta, yaxshi natijaga erishadi. Bu holat bizni yana o‘yga toldiradi.

Qiziq, ushbu haqiqatlardan O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi muftiy Usmonxon Alimov  hazratlari xabardormikan? Yoki bexabarmikan? Keyingi chiqishlarimizda ushbu savollarga ham oydinlik kiritish niyatimiz bor...

Biz ushbu maqola saytga joylanayotgan paytda xabar keldiki, «Movarounnahr» nashriyotini «Shamsuddin Boboxonov bosmaxonasi» MChJ ga qo‘shib, yangi tashkilot tuzish, yangi rahbar tayinlash uchun harakat boshlanibdi. Demak, nashriyotning shuncha mablag‘ini olgani yetmay, o‘zini yo‘qotishga, qolgan-qutgan puliga ham ega chiqish payidan bo‘lishibdi-da.

Obbo, shovvozlar-yey...

Tegishli huquq-tartibot idoralari nahotki bu holga tomoshabin bo‘lib qarab turishsa?...

Abdurahim Xoliqnazarov


Tahririyatdan: bizga yetib kelgan maqolani deyarli tahrirsiz e’lon qilmoqdamiz...

Ushbu maqola bo‘yicha dastlabki surishtiruvlarimizdan ayon bo‘lishicha o‘tgan yilning oxirlarida O‘zbekiston musulmonlari idorasi qoshida bosmaxona tashkil etilgan bo‘lib, mazkur bosmaxonada Idora muassisligidagi gazeta va jurnallar chop etilishi ko‘zda tutilgan. Eng qizig‘i, yuqorida muallif to‘g‘ri ta’kidlaganidek, o‘z idorasining buyurtmalariga narx-navo arzon bo‘lish o‘rniga, aksincha, 30 foiz qimmat belgilangan. Agar o‘z nashrlarini bozor narxidan sezilarli va shubhali tarzda qimmat chop etsa, bosmaxona tashkil etishdan muddao ne?

Eng achinarlisi, yil boshidan bir yillik bosmaxona xarajatlarini undirib olgan bosmaxona kattalari yil yarmiga yetar-yetmas yana pul so‘rayotgan ekan... Aytishlaricha, bosmaxonada qog‘ozga pul yo‘q emish...

Ana xolos!!!

Unda yil boshida olingan mablag‘ qayerga gumdon bo‘ldi? Axir bosmaxonalar hisobiga pul tushishi bilan qog‘ozlarni jamlab olishga shoshiladilarku?

Bu yerda gap millionlar emas, milliardlar ustida ketmoqda!

Mazkur maqola muallifi tahririyatga ayon va u aynan shu tizimda faoliyat olib boradi. OAV haqidagi qonunlarga ko‘ra, tahririyat muallifni ochiqlamaydi, dalillarga esa, muallif javobgardir.(Shundoq ham maqolaga ilova qilingan hujjatlar nusxasida ham dalillar «manaman» deb turibdi).

Mazkur feletonga O‘zbekiston musulmonlari idorasi va huquqni muhofaza qiluvchi organlardan javob kutib qolamiz...

Manba: azon.uz

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring