Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Hindular qahramoni «Chingachguk» Samarqandda bo‘lganmi?

Hindular qahramoni «Chingachguk» Samarqandda bo‘lganmi?

Kino muxlislari filmlardagi o‘zlari sevgan qahramonlarni ardoqlashadi. Shunday ardoqqa loyiq ekran timsollaridan biri 1960-yillarning oxiri – 70-yillarda o‘z ozodligi uchun oq tanlilarga qarshi kurashgan hindular qahramoni Chingachguk edi.

Hindular hayoti aks ettirilgan filmlar GDR (sobiq Germaniya Demokratik Respublikasi)ning «DEFA» kinostudiyasi tomonidan suratga olingan. Bosh qahramon turkum filmlarda suratga tushib, kinomuxlislarda chuqur taassurot qoldirgandi. Uni sevib qolgan ko‘plab tomoshabinlar hindular haqidagi boshqa film qahramonlarini ham Chingachguk deb atashardi.

Bosh qahramon rolini asli yugoslaviyalik serb millatiga mansub, sportchi bo‘lgan aktyor Goyko Mitich ijro etgan. Katta-kichik kinoekranlarda ko‘plab marta namoyish etilgan hindular haqidagi filmlar qahramoni ijrochisi sobiq ittifoq kinomuxlislarining «birinchi hindu»si, «Chingachguk» nomiga sazovor bo‘lgan edi.

Goyko Mitich «Chingachguk – ulkan ilon» filmigacha «Katta ayiq bolalari»da (1966) suratga tushgan. Bu paytda u yanada ulkan tajribaga ega bo‘ldi. «Chingachguk – ulkan ilon» sobiq ittifoq kinoprokatida katta muvaffaqiyatga erishadi. Jahonning oltidan bir qismini egallagan sobiq ittifoqda Goyko Mitich kinoyulduzga aylanadi. Keyin uning ishtirokidagi boshqa filmlar ham namoyish qilina boshlandi: «Lochin izidan» (1968), «Oq bo‘rilar» (1969), «Mudhish xato» (1970), «Otseola» (1968), «Severino» (1970), «Tekumze» (1972), «Apachilar» (1973), «Ulzana» (1974) va boshqalar...

1960-yillarning oxiri 1970 yillar boshida hindular haqida kinoasarlar 1950 yillarda mashhur bo‘lgan «Tarzan» filmi yuksaklik darajasidan ham oshib ketadi. Bolalarda hindularga nisbatan muhabbat paydo bo‘ladi, qiziqish kuchayadi.

Darvoqe, «Apachi» va «Ulzana» filmlaridagi tabiat lavhalari O‘zbekistonda, Samarqand shahridan 40 kilometr janubdagi Qoratepa tizmalari qoyali etaklarida suratga olinganini ko‘plar bilmasa va eslamasa kerak.

Mazkur filmlar suratga olingan joy Samarqandning Urgut tumani Qoratepa qishlog‘i, Zarafshon va Turkiston tog‘lari oralig‘iga yaqin hududda joylashgan. Qoratepada katta va g‘aroyib teshiktosh bo‘lib, odamlarni o‘ziga rom etib kelgan. Toshning yemirilishi va shamollar ta’sirida go‘zal va maftunkor «san’at asari» bunyod bo‘lgan. Shu bois odamlar mazkur daradagi toshni «Teshiktosh» deb ataydilar. Tosh tabiatning beqiyos mo‘’jizasini o‘zida namoyon etgan.

«Apachi», «Ulzana» filmlari rejissyori Gotfrid Koldits ba’zi kadrlarni suratga olish uchun qulay maskan topa olmay, ancha vaqt ovora bo‘lgan. Pirovardida O‘zbekistonning Samarqand viloyati Urgut tumanidagi Qoratepa qishlog‘i hududidan joy topgan. U yerdagi katta teshiktosh ham rejissyorga ma’qul tushgan. Shu tariqa DEFA kinostudiyasi «Apachi», «Ulzana» filmlarining bir qismi teshiktosh joylashgan hududda tasvirga olindi.

Rejissyor Gotfrid Koldits ta’kidlashicha, Qoratepa hududi katta, keng panoramalari, peyzajlari bilan AQShning Janubiy G‘arbiga juda o‘xshab ketar ekan. Shuning uchun rejissyor suratga olish ishlarini jadal boshlagan. Mazkur filmlarda dunyoning mashhur aktyorlari bilan birga mahalliy aholi vakillari ham qatnashgan. Teshiktosh atrofida hindular bilan kechgan voqealar kadrlari juda ishonarli chiqqan.

Aktyor Goyko Mitich mazkur kinoasarlarda ssenariy muallifi, filmning postanovkachi rejissyori, aktyor sifatida qatnashdi. Serviqor Urgut tog‘lari, fantastik qoyalar, shamol hisobiga tog‘lardan kelayotgan tovushlar, jarliklar orasida yashayotgan yirtqich qushlar uni hayratga solgandi. Yana mehmondo‘st, qalbi toza mahalliy aholi bag‘oyat yoqdi.

Goyko Mitich o‘z intervyularida filmlar suratga olingan joylarni shunday eslagan:

«Hali-hali esimda: yozning jazirama issiq kunlarida chopon kiygan oqsoqollar piyolalarda og‘izni kuydiruvchi issiq ko‘k choy ichishardi. Qizig‘i, ular bu choyni menga ham ichirishardi. Bora-bora shunga o‘rgatib qo‘yishdi. Ehromsimon shaklda taxlangan katta tarvuzlar har bir ko‘chada bor edi, ular rosa chanqoqbosti bo‘lib, shirin mazasi hanuzgacha og‘zimda turibdi.

Oppoq soqolli qariya filmdagi sherigim shortikda yurgani uchun, bunday yurishingiz mumkin emas, axir ayollarning ko‘zi tushadi, boshqacha kiyining, deb, qattiq tanbeh bergani ham yodimda. Meni mahalliy aholining uyatchanligi lol qoldirgan.

Film uchun Samarqand yonidagi hududda Meksikadagi Chiuaua cho‘li hududi tasviri yaqqol ravishda yaratilgandi, hindular qatnashgan ommaviy (massovka) sahnalarda esa Alisher Navoiy nomli jamoa xo‘jaligining aholisi erkaklari ishtirok etishgandi. Ammo mahalliy aholini hindularga o‘xshatish uchun beligacha yechintirish juda qiyin bo‘lgan. Ularni zo‘rg‘a ko‘ndirgandik, shunda ham bir-birlarining ustidan qahqah otib kulishardi».

Hozir ommaviy sahnalarda hindular rolini ijro etgan mahalliy aholida saqlanib qolingan Goyko Mitich dastxatlarida faqat bir xil yozuv bor: hikmatli so‘z «Hammasi yaxshi».

Kesayib qolgan aktyor Goyko Mitich hozirgi kunda Germaniyada yashayd. U hali ham Samarqandga kelib, shuhratu shon-sharafga burkagan – «hindular qadami yetgan» joylarda yurishni orzu qiladi...

Abdurashid Qo‘ziboyev.

 

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring