Hokimning innovatsion qabuli (hajviya)
(Bu bor yo‘g‘i hajviya, faqat qaysidir hokim o‘z aksini ko‘rsa, xafa bo‘lish yo‘q.)
Tumanga kimsan viloyat hokimi kelib xalqni qabul qilarmish, degan xabarni biri biridan eshitgan tumonat odam yig‘ilib, hokimni kutib naq uch soat o‘tirdi.
Bu paytda hokim boboning «yugurdaklari» o‘zaro gurung qilmoqda:
– Bu xalqning qilgani ishi yo‘qmi deyman, uch soatdan beri kutib o‘tirsayam, ketay demaydi-ya!
– Shuni ayting, o‘zi bular qayerdan eshitibdi bugungi qabulni, gazet, televizor, internetda e’lon bermagan bo‘lsak? Faqat ishonchli mahalla raislariga «ishonchli» bir-ikki odamlarni hokim qabuliga yaxshilab tayyorlab olib kel, deb tayinlagan edik!
– Ishqilib hokim bobodan yaxshilab ta’zirimizni yeydigan bo‘ldik!
Shu payt oynalari qaraytirilgan, hashamatli qop-qora jip vizillab kelib qoldi. Hokimning «soyasi» deya nom taratgan yordamchilaridan biri tuman hokimi va yoshullilarga yo‘l bermasdan yugurganicha peshvoz chiqdi va hokim boboning qulog‘iga pichirlab, qabulga kutilmaganda rostakam xalq kelgani, bu tumandagi mutasaddilar shuniyam eplay olmaganini «suyunchiladi»…
Xullas, qabul boshlandi.
– Hurmatli aholi, mana ko‘ryapsizlar, keyingi paytda yurtimizda juda katta o‘zgarishlar bo‘lyapti. Bugungi uchrashuv ham shu o‘zgarishlarning sharofati bilan bo‘lyapdi. Endi bevosita ishga o‘tsak. Qabulga kim gaz, svet, ichimlik suv va yo‘llar masalasida kelgan bo‘lsa, o‘rnidan tursin!
Zalda yig‘ilgan 500 tacha odamdan naq 400 tachasi o‘rnidan turdi. Hokim bobo burni ustidagi ko‘zoynagini to‘g‘rilaganicha davom etdi.
– Bilasizlar, bu masalalarda dasturlar ishlab chiqarilgan! O‘zgarishlar bor! O‘tgan yili saylovlar arafasida guvoh bo‘ldinglar, deyarli bir oy gaz, svet, suvda umuman uzilishlar bo‘lmadi! Buning uchun hukumatimizga rahmat deb shukur qilishimiz kerak, to‘g‘rimi?
Bu gap-so‘zlar zalga kelgan kimlarningdir «to‘g‘ri, to‘g‘ri» degan tasdiqlari sadosida davom etdi.
– Endi «oblgaz», «oblelekroset», «oblvodakanal», «obldor» rahbarlari, turing o‘rningizdan. Hozir bularning hammasini zaldan olib chiqib, har birining muammosini bittama-bitta yozib olinglar.
Qog‘ozni ayab o‘tirmanglar, hammasining dardini yozinglar. Qani, sizlar mana yoshullilarning izidan boraveringlar, kimning muammosini yozmasalar, mening oldimga qaytib kelasizlar!
Kimsan katta hokim boboga muammolarimizni aytamiz, degan umidda kelganlarga to‘lgan zal birpasda deyarli bo‘shab qoldi. Hokim bobo «qalay, qoyil qildimmi?» deganday u yon-bu yonga razm solib, gapini davom ettirdi.
– Qani, endi bitta-bitta mikrofonning oldiga kelib, savollaringiz bo‘lsa beringlar, sizlarni diqqat bilan eshitamiz!..
– Mahallamizga bolalar bog‘chasi kerak…
– Xususiy tadbirkor qidirib topamiz, albatta quriladi.
– Qishlog‘imizga bolalar maydonchasi kerak…
– Xususiy tadbirkor qidirib topamiz, albatta quriladi.
– Sport maydonchasi kerak…
– Xususiy tadbirkor qidirib topamiz, albatta quriladi.
– Do‘xtirxona kerak…
– Xususiy tadbirkor qidirib topamiz, albatta quriladi.
– Kutubxona kerak…
– Xususiy tadbirkor qidirib topamiz, albatta quriladi.
– Yoshlarimizga ish o‘rinlari yaratilsa…
– Xususiy tadbirkor qidirib topamiz, albatta yaratadi.
Qabul borgan sari avjiga chiqardi.
– Men futbol maydonchasi tashkil qilmoqchi edim, shunga yer kerak…
– Tuman hokimi qani, yozib oling…
– Men bir qishlog‘imizda tikuvchilik, mebel sexi ochmoqchiman. 20-30 ta yangi ish o‘rinlari tashkil qilaman. Pulim bor, faqat yer kerak…
– Tuman hokimi qani, yozib oling…
– Mahallamizda kitob do‘koni, kutubxona qilsam deyman. Shunga yer so‘rab bormagan joyim qolmadi…
– Tuman hokimi qani, yozib oling…
– Qishloqda MTM ochib, bolalarimizga sharoitlar yaratsam deyman, yer kerak…
– Tuman hokimi qani, yozib oling…
– Mahallada zamonaviy medklinika ochishga yer kerak…
– Tuman hokimi qani, yozib oling…
Xullas, hamma xursand holda qabul tugadi. Faqat tuman hokimigina xafa, u bir oqarib, bir qizarib zo‘rg‘a katta hokimga yuzlanishga kuch topib so‘radi:
– Yoshulli, yozganlarimga yerni qanday ajratsam ekan?
– Kim senga ajrat deyapti, man senga yozib ol dedim, to‘g‘rimi? Besh-olti marta oldingga keladi, muloyimlik bilan mana, mana, o‘rganyapmiz deysan, oxiri joniga tekkanidan nima so‘rayotgani o‘zi unutganini bilmay qoladi. Qara, tuman xalqining shuncha muammosini birpasda yechib tashladim! Endi sen qarzdorsan shaxsan, bor, ishingni qilaver bilib! – deganicha katta hokim buva mashinasiga o‘tirdi.
Ertasi kuni gazeta va televideniye, internet «falon viloyat hokimi Pistonchi Pistonchiyev sayyor qabul jarayonida ikki yuzdan ortiq fuqaroning muammosini hal etdi», degan olamshumul xabarlarni biri biridan oshirib-toshirib tarqatishdan charchashmadi.
Nima desangiz deng, lekin yoshullilarning muammolar yechimini topishning sayyor qabul degan usuli haqiqiy innovatsiyaning o‘zginasi, nima dedingiz-a?
Davlat Nazar,
Jurnalistning feysbukdagi sahifasidan olindi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter