Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Innovatsiya vaziri Yaponiya delegatsiyasini qabul qildi

Innovatsiya vaziri Yaponiya delegatsiyasini qabul qildi

Foto: Vazirlik matbuot xizmati

Toshkentda o‘tkazilgan o‘zbek-yapon biznes forumi doirasida yaponiyalik mutaxassislar O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligiga tashrif buyurdilar. Delegatsiya a’zolarini Innovatsiya vaziri Ibrohim Abdurahmonov boshchiligidagi guruh qabul qildi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar berdi.

Uchrashuvda «Yaponiya-O‘zbekiston Ipak yo‘li» jamg‘armasining tibbiyot va sog‘liqni saqlash masalalari bo‘yicha ishchi guruhi raisi, «Sakura Global Holding Co., LTD» kompaniyasi boshqaruv kengashi raisi Matsumoto Kenichi, «Paramount Bed Co., LTD» kompaniyasining xalqaro masalalar bo‘yicha vitse-prezidenti Nodzaki Akixiko, Keyo Universiteti tibbiyot fakulteti professori Dr. Osamuro Yoshiyuki, Keyo universitetining sport tibbiyoti ilmiy-tadqiqot markazi professori Ishida Xiroyuki, «Green Hospital Supply» kompaniyasi vitse-prezidenti Kobayashi Xiroyuki, OMETA assotsiatsiyasi vitse-prezidenti Yano Mumorova boshqa Yaponiyaning sog‘liqni saqlash hamda tibbiyot sohasidagi jamg‘armalar, tashkilotlar rahbarlari ishtirok etdilar.

Yaponiya delegatsiyasi a’zolari malakali shifokorlar yetishmayotgan ayni sharoitda O‘zbekistonga telemeditsina tizimini tadbiq qilish lozimligi haqida taklif berdilar. Shuningdek, Yaponiya va O‘zbekistondagi tibbiy oliy ta’lim muassasalarining hamkorligini yo‘lga qo‘yish masalasi ham muhokama qilindi. Tibbiyotga doir innovatsion texnologiyalarni joriy etish uchun venchur kompaniyalarini tuzishga doir hujjatlarni shakllantirishda yapon tomoni yordam berishga tayyor ekanini aytdi.

O‘z navbatida, mehmonlarga vazirlikda tibbiyot sohasida amalga oshirilayotgan loyihalar, jumladan, Innovatsion rivojlanish vazirligi qoshida xalqaro standartlardagi laborator va ilmiy-amaliy (GLP, GSP) talablarga javob bera oladigan Molekulyar allergologiya xalqaro markazi tashkil etilayotgani, tez tibbiy yordam tizimini takomillashtirish choralari amalga oshirish bo‘yicha loyiha ishlab chiqilayotgani haqida ma’lumot berildi.

Meditsina sohasiga innovatsion texnologiyalarni tatbiq qilish, shu sohada hamkorlikni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha ishlarni amalga oshirish uchun delegatsiya rahbari janob Matsumoto Kenichi tibbiyot va sog‘liqni saqlash sohasida Yaponiyada har oy oy o‘tkaziladigan ko‘rgazmalarga vazirlik xodimlarini taklif qilishdi. Iliq va samimiy ruhda o‘tgan uchrashuv keyingi hamkorlikning boshlanishi bo‘lishi kutilmoqda.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring