Isroilni qurollantirayotgan asosiy davlat ochiqlandi
G‘azoda qirg‘inbarot urush boshlangan 7 oktyabrdan buyon AQSh Isroilga 230 ta yuk uchog‘i va 20 ta kemada qurol-aslaha, o‘q-dori va harbiy texnika yubordi. Bu haqda Anadolu agentligi Isroilning Yediot Ahronoth nashriga tayanib xabar berdi.
Ekspertlar yahudiy davlati armiyasi G‘azoda juda katta miqdorda bomba va o‘q-dori xarjlayotanini aytmoqda. Tahlillarga qaraganda, G‘azo sektorining shimolida yetti hafta davomida vayron bo‘lgan binolar soni Halabda (Suriya) uch yil davomida vayron bo‘lgan binolardan bir necha barobar ko‘pdir.
BMTning harbiy jinoyatlar bo‘yicha sobiq tergovchisi Mark Garlasko fikricha, G‘azoga tashlangan bomba ko‘lami oldida Vetnam urushi oqibatlari holva bo‘lib qoladi.
Avvalroq Isroil moliya vazirligi G‘azodagi urush uchun kuniga 1 milliard shekel (qariyb 246 million dollar) sarflanayotgani ma’lum qilgan edi.
Isroil armiyasi AQSh yetkazib bergan o‘q-dori va aslahalar bilan bo‘shab qolgan zaxirasini to‘ldirishga muvaffaq bo‘lgan.
Isroil harbiylari HAMASning hujumiga javoban G‘azoda olib borayotgan urushida halok bo‘lgan falastinliklar soni 21 mingga yaqinlashib qoldi. Tinch aholi vakillari, jumladan, bolalar va ayollar o‘limi oshib borayotgan bir pallada Isroilning eng yaqin ittifoqchisi sanalgan AQShda ham Tel-Avivni qurollantirishni bas qilish talabi balandroq ovozda yangramoqda.
Oktyabr oyida AQSh davlat departamentining harbiy-siyosiy masalalar bo‘yicha byurosi direktori Josh Pol Vashingtonning Isroilga harbiy ko‘makni oshirish haqidagi qaroriga norozilik ifodasi sifatida o‘z ixtiyori bilan iste’foga chiqqan edi. 11 yil davomida mas’ul lavozimda ishlab kelgan J.Polga ko‘ra, Isroilga oshig‘ich ravishda qirg‘in qurollari berilishi adolatsiz qaror bo‘lib, bu AQSh oliy deb bilgan qadriyatlarga ham zid sanaladi.
AQSh prezidentligiga nomzod, yahudiy millatiga mansub Jill Stayn Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahuni G‘azo sektorida genotsid va harbiy jinoyatlar sodir etayotgani, prezident Jo Bayden esa bu xunrezliklarga sherik ekanini aytgan.
Vashington Tel-Avivga o‘nlab uchoq va kemalarda qurol-aslaha yuborish bilan cheklanmoqchi emas. Oq uy Isroilga 14,3 milliard dollar miqdorida navbatdagi moliyaviy yordamni ham yo‘llamoqchi.
Qo‘shma Shtatlardagi taniqli siyosatchilardan biri, senator Berni Sanders ko‘p milliardlik ko‘mak berishdan avval Isroil zimmasiga tinch aholi o‘limini kamaytirish borasida majburiyat yuklashni talab qilgan.
Avvalroq dunyoning yetakchi inson huquqlari tashkilotlari Buyuk Britaniyadan ham Isroilga qurol sotishni to‘xtatishni talab qilgandi. Ularga ko‘ra, London Tel-Avivga taqdim etayotgan harbiy texnika xalqaro huquq me’yorlarining qo‘pol ravishda buzilishi va harbiy jinoyatlarga xizmat qilishi mumkin.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter