Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Isroilning provokatsion bayonoti yaqin ittifoqchi AQShga ham xush kelmadi

Isroilning provokatsion bayonoti yaqin ittifoqchi AQShga ham xush kelmadi

Ikki vazir xalqaro hamjamiyat e’tirozidan keyin ham g‘azoliklarni surgun qilish fikridan qaytmagan.

AQSh, Fransiya hamda BMT Isroil vazirlarining G‘azoning ikki million aholisini boshqa davlatlarga ko‘chirish haqidagi taklifiga qarshi chiqdi. Falastinga nisbatan radikal qarashlari bilan tanilgan moliya vaziri Betsalel Smotrich va milliy xavfsizlik vaziri Itamar Ben-Gvir so‘nggi kunlarda G‘azo aholisini surgun qilib, hududni egallash haqida ochiq-oshkora bayonotlar bermoqda.

AQSh davlat deparatamenti rasmiy vakili Mettyu Miller uni provokatsion va mas’uliyatsiz bayonot deb baholagan.

«Qo‘shma Shtatlar Isroil vazirlari Betsalel Smotrich va Itamar Ben-Gvirning falastinliklarni G‘azo sektoridan tashqariga ko‘chirish haqidagi bayonotini rad etadi... Bunday bayonotlar zudlik bilan to‘xtalishi kerak. Biz aniq-tiniq ravishda G‘azo Falastin yeri sanaladi va shunday bo‘lib qoladi deya o‘z pozitsiyamizni bildirganmiz», – deydi tashqi siyosat mahkamasi mulozimi.  

Ayni choqda, Vashington G‘azoda HAMAS boshqaruviga chek qo‘yish kerak deb hisoblaydi.

BMT ham g‘azoliklarni majburiy ko‘chirish rejasini butkul rad etgan.

BMTning maxsus ma’ruzachisi Balakrishnan Rajagopalga ko‘ra, G‘azo aholisining majburiy ko‘chirilishi genotsid deya malakalanadi. Xalqaro tashkilot vakili Isroilga bu borada ko‘mak beradigan davlatlar ham mudhish jinoyatga sherik bo‘lishidan ogohlantirgan.  

Shuningdek, Fransiyaning BMTdagi doimiy vakili Nikola de River Isroilning qamaldagi G‘azo aholisini majburiy ko‘chirish rejasi qo‘llab-quvvatlanmasligini ma’lum qilgan. Rasmiy Parij fikricha, falastinliklar G‘azoda munosib va xavfsiz sharoitda yashashga haqli. Hududning Isroil tomonidan qayta bosib olinishi nomaqbuldir. 

Bir necha kun avval Isroil moliya vaziri Betsalel Smotrich falastinliklarni G‘azoni tark etishga chaqirgan, yahudiylar hududni gullatib yuborishini iddao qilgan edi.

Dunyo hamjamiyati, xususan, yaqin ittifoqchi AQShning qarshi pozitsiyasidan keyin ham Betsalel Smotrich xalqaro huquq va insoniylikka zid rejasidan qaytmagan. Mulozim ushbu qarorni «Isroil jamiyatining 70 foizi dastaklashi» haqida gapirgan.

Milliy xavfsizlik vaziri Itamar Ben-Gvir ham AQSh Isroilning eng yaxshi do‘sti ekani, ammo har qanday holatda Isroil davlati manfaatlarini o‘ylab harakat qilish kerakligini uqtirgan.

Ma’lumki, 2023 yil 7 oktyabrdan buyon Isroil armiyasi HAMASning hujumiga javoban G‘azoda qonli urush olib bormoqda. 

Avvalroq  Buyuk Britaniyaning «The Guardian» gazetasida chop etilgan maqolada Tel-Aviv ma’muriyati vaziyatdan foydalanib, G‘azoning 2,3 million aholisini majburiy ravishda Misrning Sinay yarim oroliga ko‘chirish va shu orqali hududni bosib olishni ko‘zlayotgani haqidagi taxmin ilgari surilgan edi.

Falastinning O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Javad Muhammad Avad ham ayni shu xavotirli reja haqida gapirgandi.

«Isroilning hozirgi harakatlari biror guruh, xususan, HAMASga qarshi shunchaki kurash emas. Balki bu Falastin xalqiga qarshi urushdir. Bundan ko‘zlangan maqsad esa G‘azo sektorida qolgan falastinliklarni Sinay sahrosiga siqib chiqarishdir. Mohiyat e’tiboriga ko‘ra, sionistlarning «Yersiz xalq uchun xalqsiz yer» degan mashhur shiori amalga oshirilmoqda. Ular Falastinning ushbu qismi va G‘azo sektori butunlay tozalanishi kerak deb hisoblaydi», – degan doktor Javad Muhammad Avad.

Tahlilchilar bu ikkinchi Naqba (1948 yilda yuz minglab falastinlik vatanidan ko‘chirilgani «Naqba», ya’ni «Fojia» deb ataladi) bo‘lishidan ogohlantirmoqda.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring