Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

«Istiqlol shoirlari»: Toshkentda uch buyuk ijodkor xotirlandi

«Istiqlol shoirlari»: Toshkentda uch buyuk ijodkor xotirlandi

9-dekabr kuni Toshkentda «Istiqlol shoirlari Ahmad Javod, Abdulla Oripov, Mehmet Akif Ersoy» deb nomlangan Ozarbayjon–O‘zbekiston–Turkiya do‘stlik konserti o‘tkazildi. Dastur davomida davlat madhiyalari muallifi sanalgan uch ulug‘ ijodkor asarlari tomoshabinlar hukmiga havola qilindi.

O‘zbekistondagi Haydar Aliyev nomidagi Ozarbayjon madaniyat markazi xabariga ko‘ra, markaz taniqli shoir Ahmad Javod tavalludining 130 yilligi munosabati bilan bir qator loyihalarni amalga oshirmoqda. Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universitetida uyushtirilgan konsert ham yubiley tadbirlari sirasiga kiradi.

Ozarbayjon va Turkiya elchixonalari, O‘zbekiston fan, madaniyat namoyandalari qatnashgan tadbir istiqlol shoirlari Ahmad Javod, Abdulla Oripov, Mehmet Akif Ersoyga bag‘ishlandi.

TDPU rektori, professor Abdug‘affor Qirg‘izboyev tadbirni kirish so‘zi bilan ochib, tili, dini, madaniyati, urf-odatlari mushtarak bo‘lgan turkiy davlatlar o‘rtasidagi aloqalar kun sayin mustahkamlanib borayotganini qayd etdi.

Haydar Aliyev nomidagi Ozarbayjon madaniyat markazi direktori Samir Abbosov Boku turkiy davlatlar, xususan, O‘zbekiston bilan munosabatlarga alohida ahamiyat berayotgani, prezident Ilhom Aliyevning qardosh mamlakatga joriy yil davomida 3 marta tashrif buyurgani buning tasdig‘i ekanini ta’kidladi. Diplomat uch mutafakkir shoir ijodida uyg‘unliklar ko‘pligiga e’tibor qaratdi.

Turkiyaning O‘zbekistondagi elchixonasi kotibi Bug‘ra Dog‘an, Anqaradagi Turk tarixi va madaniyati jamg‘armasi rahbari Nizomiddin Ayqurt ham uch qalamkashning asosiy istagi turkiy olam yaqinligi va hurriyat bo‘lganini urg‘uladi.

Konsert davomida A.Javodning «Jon Ozarbayjon», «Chayqaladi Qora dengiz», «Shukriya», «Lolalar», A.Oripovning «Men nechun sevaman O‘zbekistonni», shuningdek, M.A.Ersoy asarlari namoyish etildi.

Ahmad Javod (1892–1937) zamonaviy Ozarbayjon adabiyoti va faniga katta hissa qo‘shgan shoir, yozuvchi, tarjimon, professor. Jasur ijodkor vatani istiqloli yo‘lida faqat qalami bilan emas, balki shaxsiy fidokorligi bilan ham jonbozlik ko‘rsatgan. 1937-yilda «aksil inqilobchi va panturkist» sifatida ayblanib, Stalin jallodlari tomonidan qatl etilgan.

O‘zbekiston Qahramoni Abdulla Oripovning (1941–2016) milliy adabiyotimiz ravnaqiga qo‘shgan xizmati ulkan. Bu borada birgina uning milliy madhiya muallifi ekanini eslash kifoya.

Turkiya Respublikasi madhiyasi – Istiqlol marshi muallifi Mehmet Akif Ersoyning (1873–1936) otasi Mehmet Tohir asli alban millatiga mansub mudarris, onasi esa buxorolik o‘zbeklarning qizi Omina Sharif xonim edi. Madhiyaning yozilish tarixi va Ersoyning favqulodda vatanparvarligi haqida avvalroq hikoya qilgan edik. 

Keyingi vaqtlarda uch turkiy davlat ishtirokida ko‘p tomonlama robitalar yanada mustahkamlanmoqda. Bu borada joriy yil avgust oyida Toshkentda O‘zbekiston – Ozarbayjon – Turkiya formatidagi muloqotning ilk yig‘ilishi bo‘lib o‘tganini qayd etish joiz.

Hurriyat shoirlariga atalgan ma’rifiy tadbir ham uch tomonlama muloqotning mantiqiy davom bo‘ldi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring