Jahonda eng ko‘p avtomobil eksport qiluvchi davlat o‘zgardi
Xitoy yengil avtomobil ishlab chiqaruvchilar assotsiatsiyasi ma’lumotlariga ko‘ra, mamlakatning avtomobil eksporti 2023-yilda rekord darajadagi 5,26 million donaga yetdi. Bu haqda The Wall Street Journal xabar bermoqda.
Bu xorijga avtomobil yetkazib berish bo‘yicha an’anaviy yetakchi Yaponiyaning natijasidan qariyb 1 millionga ko‘p, deya qayd etadi nashr.
O‘sishning asosiy omili Rossiyadagi talab bo‘ldi, bu yerda xitoylik avtomobil ishlab chiqaruvchilari eksportni 2022-yilga nisbatan kamida 5 baravar oshirib, 800 ming donaga yetkazdi. Ular sanksiyalar va geosiyosiy keskinliklar sharoitida G‘arb raqobatchilarining ketishi natijasida bo‘shatilgan joyni to‘ldirishdi.
«O‘tgan yili Chery Xitoydan eng yirik avtomobil eksportchisi bo‘lib, xorijga 900 mingdan ortiq avtomobil jo‘natdi. Bu Tesla yoki BYDdan ko‘proq», — deydi Xitoy uyushmasi bosh kotibi Cui Dongshu.
Chery’dan tashqari, Geely, Great Wall va boshqa brendlar Rossiyada sotuvni kuchaytirdi. Biroq, Dongshuning ta’kidlashicha, bunday tez o‘sish davom etishi dargumon, chunki talab katta darajada qondirilmoqda va omborlardagi zaxiralar o‘sib bormoqda.
Umuman olganda, Xitoyda yengil va tijorat avtomobillari savdosi 2023-yilda 25,5 million donagacha o‘sdi, bu yangi rekorddir.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter