Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Jamoat eshituvi: AES xavfsizligi haqida ochiq muloqot

Jamoat eshituvi: AES xavfsizligi haqida ochiq muloqot

foto: Xabar.uz

O‘zbekistonda AES, ya’ni atom elektr stansiyasi qurilishi bo‘yicha juda ko‘p tortishuvlarga duch kelamiz. Bu tabiiy hol. AES o‘zi nima, uning butun dunyoda o‘rni qanday, bu haqda chuqur o‘rganib qiziqib ko‘rmaguncha bevosita har qanday odam shubha-gumonga borishi tabiiy. Xo‘sh, AES qurilishi mo‘ljallanayotgan Jizzax viloyati, Forish tumani aholisi bugun o‘z savollariga qanday javob olmoqda?

Ma’lumot o‘rnida aytish mumkinki, AES qurilishi O‘zbekiston va Rossiya Federatsiyasi o‘rtasida 2018 yilda imzolangan hukumatlararo kelishuv asosida amalga oshirilmoqda. Loyiha respublikaning yaqin o‘n yilliklarga mo‘ljallangan energetika strategiyasining asosiy elementi sifatida qaralmoqda va ichki talab ortib borayotgan sharoitda barqaror energiya ta’minotini ta’minlashi kutilmoqda. Joriy yil sentyabr oyi oxirida O‘zbekiston va Rossiya Jizzaxdagi bo‘lg‘usi atom stansiyasi konfiguratsiyasini belgilaydigan hujjatlarni imzolagandi. Oktyabr oyida esa zavodning birinchi bosqichi uchun chuqur qazilgan joyda qazish ishlari boshlandi. Ushbu voqea tayyorgarlik bosqichidan haqiqiy qurilishga o‘tishni belgilab berdi.

Mutaxassislarning qayd etishicha, loyihaning tashqi xavf-xatarlarga chidamliligi nafaqat Rossiya yadro sektorining texnik avtonomligi, balki uni muvaffaqiyatli amalga oshirishga intilayotgan har ikki davlatning siyosiy irodasi bilan ham belgilanadi. O‘zbekiston Energetika vazirligining hisob-kitoblariga ko‘ra, atom elektr stansiyasi 2040-yilga borib tabiiy gaz importiga bog‘liqlikni va mamlakat energetika sektoridagi uglerod izlarini 30 foizga kamaytiradi.

Jamoatchilik eshituvlari nima?
2025-yil 23-dekabr kuni Jizzax viloyati, Forish tumani, Bog‘don aholi maskani 30-sonli madaniyat markazida O‘zbekiston Respublikasida birinchi atom elektr stansiyasini qurish va ekspluatatsiya qilish loyihasining atrof-muhitga ta’sirini baholash (AMTB) materiallari bo‘yicha jamoatchilik eshituvi tashkil qilingani ham bejiz emas.
Keling, jamoatchilik eshituviga yetib borgunimizga qadar AES haqida kengroq tushunchaga ega bo‘lishga urinib ko‘ramiz.

Atom elektr stansiyasi oddiy issiqlik elektr stansiyasi bo‘lib, faqat yoqilg‘isi bilan ajralib turadi, uning yordamida elektr energiyasi olish uchun issiqlik ishlab chiqariladi. Agar IESda issiqlik ko‘mir, gaz yoki neftni yoqish orqali hosil qilinsa, AESda issiqlik atomlarning bo‘linishi natijasida hosil bo‘ladi. Mutaxassislarning batafsil tushuntirishlariga ko‘ra, issiqlik suvni isitadi, suv bug‘ga aylanadi, bug‘ turbinalarni aylantiradi, turbinalar esa generatorlarni harakatga keltirib, uylar, fabriklaar, zavodlar va shaharlar uchun elektr energiyasi ishlab chiqaradi.

Unda nima uchun odamlarda radiatsiyadan nurlanish, umuman AESdan qo‘rquv bor?
O‘zbekiston fanlar akademiyasi Yadro fizikasi instituti direktori Ilhom Sodiqovning ta’kidlashicha, atom energetikasida mutlaq xavfsizlik degan tushuncha mavjud emas, ammo zamonaviy texnologiyalar xavflarni statistik jihatdan ahamiyatsiz darajaga — 1 foizdan kam holatga tushiradi. Yangi avlod reaktorlari faol va passiv himoya tizimlari bilan jihozlangan bo‘lib, ular tashqi ta’sirlar yoki elektr ta’minoti to‘liq uzilganda ham inson aralashuvisiz avtomatik tarzda xavfsiz holatga o‘tadi.

Suratlar "O‘zatom" arxividan olindi

Olim jahon tajribasiga tayanib, atom energetikasi tarixida ishga tushirilgan yuzlab reaktorlar fonida yirik avariyalar soni juda kam ekanini qayd etdi. O‘zbekistonda esa yadro fizikasi institutidagi ilmiy reaktor 1959- yildan buyon avariyalarsiz ishlab kelayotgani milliy tajribaning ishonchliligini ko‘rsatadi. 2011-yildagi Fukusima fojiasi ham reaktor texnologiyasi emas, balki favqulodda tabiiy ofatlar oqibati ekani, aynan shu sababli hozirgi loyihalarda avtonom sovutish va “yadro tutqichi” kabi qo‘shimcha xavfsizlik yechimlari majburiy qilinganini ta’kidladi.
Darvoqe, mutaxassisning fikriga qo‘shilmaslikning iloji yo‘q. Hali texnologiyalar rivojlanmagan yillarda sodir bo‘lgan halokat va hozirda yoqilayotgan ko‘mir, gaz, neft orqali chiqayotgan zaharli tutundan ekologiyaning qanchalik zarar ko‘rayotgani, odamlar vafot etayotganini hisobga olsak AES IESga qaraganda xavfsiz elektr manbai hisoblanishini tushunamiz.

Umuman dunyoda atom energetikasining ahvoli qanday?
2025yil oktyabr holatiga ko‘ra, dunyoda 417 ta yadroviy energiya bloki ishlatilmoqda, 62 tasi esa qurilmoqda. Atom generatsiyasining o‘rnatilgan quvvati bo‘yicha yetakchi o‘rinlarni AQSh (taxminan 97 GVt) va Fransiya (63 GVt) egallaydi. Qurilish davom etayotgan eng ko‘p yadro reaktorlari Osiyo mamlakatlari, birinchi navbatda Xitoy (28 ta reaktor), Hindiston (6 ta reaktor) va Rossiya (5 ta reaktor) hissasiga to‘g‘ri keladi.

Xo‘sh, atrofimizni qanday radiatsiya manbalari o‘rab turibdi?
AESning radiatsiya so‘zi bilan bog‘liqligi odamlarda qo‘rquv uyg‘otishi bor gap. Ammo AESlar sayyoramizdagi eng xavfsiz ob’yektlardan biri hisoblanadi. Agar biz atrofimizdagi barcha jismlarda — ichadigan suvimizda, nafas oladigan havomizda ham tabiiy radioaktiv izotoplar mavjudligini, insonning o‘rtacha yillik nurlanish dozasining 70 foizdan ortig‘i tabiiy rudionuklidlar va kosmik nurlanishning hissasiga to‘g‘ri kelishini bilganimizda edi. Masalan, Yer qobig‘idan ajralib chiqadigan radioaktiv gaz radonning hissasi taxminan 50 foizi tashkil qilishini allaqachon olimlar isbotlagan.

Keling, radiatsiyani raqamlar orqali tushunishga harakat qilamiz. Masalan, Rossiya va dunyoning aksariyat mamlakatlari atom elektr stansiyalarining kuzatish zonasida stansiyadan 30 km radiusda tabiiy radiatsiya foni odatda 0,10-0,15 mk3v /soat atrofida bo‘ladi. Agar yil bo‘yi soatlar soniga ko‘paytirilsa, bir yilda taxminan 1 millizivert hosil bo‘ladi. Bu o‘lchamning katta yoki kichikligini bilish uchun, Yer aholisining bir yilda qabul qiladigan samarali dozasi o‘rtacha qiymati 2,4 m3vga tengligini anglashimiz kifoya.
Ya’ni qisqa qilib aytganda, Yer sharining ko‘p joylarida tabiiy radiatsiya e’tibor bering, tabiiy, hech qanaqa AESsiz radiatsiya foni ancha yuqori bo‘lib, uning dozasiga yiliga o‘nlab va hatto yuzlab millizivertga yetadi. Odamlar bu joylarda asrlar davomida yashab kelishadi, lekin shu bilan birga, bunday yuqori fonning ushbu hududlarda aholi salomatligiga salbiy ta’siri aniqlanmagan.

Odamlarda savol tug‘ilmoqda: reaktor atom bombasi singari portlashi mumkinmi?
Yo‘q, mumkin emas, deydi yana mutaxassislar. Jamoatchilik eshituvlari uchun savol-javoblar axborot byulletenida aniq va lo‘nda xabar berilishicha,

reaktor boshqariladigan, o‘z-o‘zini qo‘llab-quvvatlaydigan zanjirli yadroviy bo‘linish reaksiyasi saqlanishi mumkin bo‘lgan qurilma. Yana ham soddaroq aytsak, reaktorda yoqilg‘i kam boyitilgan, (3-5 foiz) aktiv zonada esa har doim neytronlarni yutadigan rostlovchi sterjenlar bo‘ladi. Zanjir reaksiya nazorat ostida bo‘lib, uranning bo‘linishida energiya asta-sekin ajralib chiqadi va issiqlik tashuvchi tomonidan uzluksiz ravishda olib tashlanadi.

Germetik himoya qobig‘i qanday tuzilgan, agar zilzila bo‘lsachi yoki qattiq quyunli shamol?
Bu savollarga javob topish uchun qanchadan-qancha tadqiqotlar olib borilmagan, deysiz. Tadqiqot natijalari shuni ko‘rsatadiki, AES hududida xavfli zamonaviy geologik jarayonlar mavjud emas va ushbu hududning seysmik xavfsizligi to‘liq isbotlangan va ilmiy asoslangan. Germetik himoya qobig‘ining dizayni nafaqat reaktordagi eng og‘ir avariya paytida bo‘linish mahsulotlarini uning ichida ushlab turish, balki barcha mumkin bo‘lgan tashqi ta’sirlarga bardosh berish imkonini beradi — 9 ballgacha bo‘lgan zilzilalar, quyunlar, bo‘ronlar, chang bo‘ronlari, havo zarba to‘lqinlari (masalan portlashlar paytida) samolyotning qulashi...

Aholini anchadan beri qiziqtirib kelayotgan yana bir savol bu: ishlatilgan yadro yog‘ilg‘isi va radioaktiv chiqindilar nima bo‘ladi, ekologiyani zaharlamaydimi?
Ular himoyalangan omborlarda vaqtincha saqlanadi, olib chiqib ketilgach izolyasiya qilinadi. AES joylashgan hududda radiatsiya nazorati O‘zbekiston Respublikasining qonunlari va talablariga muvofiq amalga oshiriladi va yer usti havo qatlamlari, atmosfera yog‘inlari, joydagi integral yillik doza, yer usti suv havzalari, mahalliy ishlab chiqarilgan oziq-ovqat mahsulotlari, tuproqning yuza qatlami, dala o‘simliklari, tub cho‘kindilari va suv o‘tlari monitoringini o‘z ichiga oladi...
Demak, AES qurilishi biz o‘ylagandek bir tadbirkor istagan joyiga issiqxona yoki sex, zavod-fabrika qurish emas, puxta o‘rganilgan va mas’uliyat bilan amalga oshirilayotgan loyiha ekan. Shu o‘rinda tabiiyki, yurtimizda AES qurilishi uchun mutaxassilarga ehtiyoj ortadi.

Mutaxassilar qayerda o‘qitiladi?
2019 yilda Toshkentda Rossiya federatsiyasining yetakchi oliy ta’lim muassassasi MMFI milliy tadqiqot yadro universitetining birinchi xorijiy filiali ochildi, u atom sanoati ehtiyojlari uchun mutaxassislar tayyorlaydi. Filial bitiruvchilari Rossiya atom elektr stansiyalarida maxsus o‘qish va amaliyotdan so‘ng O‘zbekistondagi atom elektr stansiyalarida ishlaydi.
Jamoatchilik eshituvi o‘tkazilishi asnosida 300 ga yaqin Forish va qo‘shni tumanlar aholisi qatnashdi. Ular o‘zlarini qiziqtirgan savollarni berdilar, takliflar kiritdilar — matbuot xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, jami aholi tomonidan 60 dan ortiq savollar kelib tushdi. Radiatsiyaviy xavfsizlik kafolatlari, suv resurslari va qishloq xo‘jaligiga ta’siri, yangi ish o‘rinlarini yaratish, tumanning ijtimoiy va transport infratuzilmasini rivojlantirish, shuningdek, mahalliy aholi uchun kompensatsiya choralari diqqat markazida bo‘ldi. Tadbirda aholidan eng ko‘p tushgan savol ishchi o‘rinlari bilan bog‘liq savollar bo‘ldi. Albatta ushbu hududda shaharcha qurilishini e’tiborga olsak minglab ish o‘rinlari paydo bo‘ladi. Va har qanday mutaxassisdan tortib oddiy ishchigacha ehtiyoj ortadi.
Ularni qiziqtirgan savollarga ilmiy hamjamiyat, ekologik tashkilotlar vakillari, yadro energetikasi sohasidagi mutaxassislar va xorijiy ekspertlar baholi qudrat javob berishga harakat qilishdi.
Ochiq va konstruktiv muhokama davomida “O‘zatom” agentligi direktori Azim Axmedxadjayev O‘zbekistonning energetika mustaqilligi, kam uglerodli iqtisodiyotga o‘tish va aholi turmush sifatini oshirish uchun ishonchli asos bo‘lishini ta’kidladi: “Bugungi eshituvlar ochiq va samimiy muloqotning yorqin namunasi bo‘ldi. Biz bu yerda ishtirok etayotgan, befarq bo‘lmagan va o‘z fikrini bildirgan har bir ishtirokchiga samimiy minnatdorlik bildiramiz. Barcha takliflaringiz sinchkovlik bilan o‘rganiladi va hisobga olinadi. Biz AESlarni shunchaki elektr energiyasi ishlab chiqarish uchun qurmayapmiz — biz farzandlarimiz uchun xavfsiz, barqaror va farovon kelajak qurmoqdamiz”.

 

Loyiha necha bosqichdan iborat?
Loyiha uch bosqichga bo‘lingan. Birinchi bosqichda har biri 55 MVt quvvatga ega RITM-200N integral reaktorlari asosidagi kichik atom elektr stansiyasi ishga tushiriladi. Ushbu reaktorlar yuqori xavfsizligi shundaki barcha asosiy komponentlar — yadro, bug‘ generatorlari va nasoslar bitta qurilmagan joylashgan bo‘lib, sovutish suvi oqish xavfini kamaytiradi va tashqi quvvat to‘liq yo‘qolganda ham reaktor avtomatik ravishda xavfsiz holatga kirishiga imkon beradi.
Reaktorlar 60 yillik xizmat muddatiga mo‘ljallangan bo‘lib, MAGATE talablariga javob beradigan past boyitilgan uran bilan quvvatlanadi.
Ikkinchi va uchinchi bosqichlarda har biri 1000 MVt quvvatga ega VVER-1000 reaktorli energiya bloklarini qurish rejalashtirilgan. Ushbu bloklar passiv va faol xavfsizlik tizimlarining keng qamrovli to‘plami bilan jihozlangan bo‘lib, jumladan, yadro ushlagichi, passiv qoldiq issiqlikni olib tashlash tizimi va favqulodda o‘chirilgandan keyin 72 soat davomida avtonom ishlash qobiliyati bilan ahamiyatga ega.

Aytmoqchi, energobloklarni 2029-2035 yillar oralig‘ida ishga tushirish  rejalashtirilmoqda. Xulosa qilib aytganda atom energetikasi loyihasi hudud uchun faqat yangi elektr quvvati manbai emas, balki infratuzilma, iqtisodiyot va ijtimoiy sohalarda uzoq muddatli o‘zgarishlarga turtki berishi mumkin. Loyihaning bosqichma-bosqich amalga oshirilishi, zamonaviy xavfsizlik texnologiyalarining joriy etilishi va ochiq muloqot muhiti uni mintaqaning barqaror rivojlanishida muhim omilga aylantirishi kutilmoqda.

Barno Sultonova

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring